Mahalliy Kengashlar deputatlari uchun seminar tashkil etildi

17:52 11 Dekabr 2024 Siyosat
299 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Yangilangan Konstitutsiyaga asosan hokimlarning xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga raislik qilishi amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinmoqda. Ushbu norma joriy yildan boshlab viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga, 2026 yildan esa tuman shahar Kengashlariga tatbiq etilishi belgilangan.

Joriy yilda viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining birinchi tashkiliy sessiyalarida deputatlar orasida ilk marotaba Kengash raislari saylab olindi.

Oliy Majlis Senatida xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari raislari hamda kotibiyat mudirlari uchun mahalliy Kengashlar faoliyatining rivojlanishi, mahalliy ijro etuvchi va vakillik hokimiyatining bo‘linishi prinsipi bo‘yicha konstitutsiyaviy normalarning joriy etilishi hamda sohaga oid islohotlar yuzasidan 2 kunlik seminar o‘z ishini boshladi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva, Senat a’zolari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari va xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari raislari hamda kotibiyat mudirlari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar singari mahalliy Kengashlarning jamiyat hayotidagi o‘rnini oshirishga, deputatlarning mahalliy ijro organlari bilan samarali muloqotini yo‘lga qo‘yishga, ularning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi manfaatlarini himoya qilishdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis palatalarining majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarga va bu borada vakillik organlarining roliga to‘xtalib o‘tdi.

Mahalliy Kengashlar va deputatlar faoliyatini samarali tashkil etish, saylovchilar bilan ishlash, aholi muammolarini o‘rganish va hal etishda “mahalla yettiligi” va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Shuningdek, seminarda mahalliy byudjetlarni shakllantirish va ularning bajarilishini nazorat qilish, qonunlar ijrosini ta’minlash hamda hududiy dasturlar bajarilishini nazorat qilish, ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitishning ta’sirchan mexanizmlarini tatbiq etish masalalariga urg‘u berildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati «Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim» tamoyili asosida tashkil etilmoqda. Ushbu yondashuv mahalliy Kengashlarning faolligini oshirishga, hududdagi muammolarni hal etishda tashabbuskorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Seminarda Senat qo‘mitalari, Senat devonining tarkibiy bo‘linmalari, vazirlik va idoralarning vakillari mahalliy Kengashlar va ular organlarining faoliyati samaradorligini oshirish, qarorlar qabul qilishda ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylikni ta’minlash, shuningdek, keng jamoatchilikning fikrini inobatga olish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер