Mahallani harakatga keltirgan yettovlon

16:08 26 Mart 2025 Jamiyat
113 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Urganch shahridagi “Nurli hayot” mahallasi eng namunali maskanga aylanib bormoqda. Mazkur mahalla 2022-yilda tashkil etilgan boʻlib, besh ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hududda 30 ta koʻp qavatli uylar mavjud. Ularning 25 tasidagi xonadonlar uy-joyga muhtoj fuqarolarga imtiyozli tarzda ajratib berilgan. Ochigʻi, yaqingacha boshqa mahallalarga qaraganda, bu hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar koʻp edi. Mahalla yettiligi ahillikda ishlasa, har qanday murakkab vazifani ham uddalash mumkinligini amalda isbotlashdi.

— Mahallamizda 230 ta tadbirkorlik subyekti mavjud. Shundan 101 tasida 436 ta yangi ish oʻrni yaratildi, — deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Sherzod Yaqubov. — Oʻtgan yilda ishsizlar soni 395 nafarni tashkil qilgan boʻlsa, bugunga kelib 43 nafarga tushdi. Ijtimoiy nafaqa oluvchilar 153 nafardan 52 nafarga kamaydi. Xorijga mehnat migratsiyaga ketgan fuqarolardan 90 nafarini oilasi bagʻriga qaytarib, bandligini taʼminlashga erishdik. Oʻtgan yili hisobida mahallamizda birorta jinoyat sodir etilmadi.

“Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” kiritilgan hamda ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish maqsadida mahallaning oʻzida oʻquv markazi tashkil qilindi. Oʻquv markazida qoʻshni mahallalardan ham 700 nafar ayollar kasb-hunarga oʻqitildi. Ushbu loyihaning davomi sifatida mahallada faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkor Gʻayrat Abdullayev oʻz mablagʻi hisobiga “Zamin nonlari” sexi, “Buyurtmalar markazi”i tashkil qildi. Oʻquv markazini tamomlagan 25 nafar xotin-qizlarni doimiy ish bilan taʼminladi.

— Bu yerda “Call markaz” tashkil qilingan boʻlib, buyurtmalar telefon orqali olinadi, — deydi tadbirkor Gʻayrat Abdullayev. — Zarur xom-ashyolar yuk tashuvchi kuryerlar tomonidan uy sharoitida ishlovchi nogironligi boʻlgan ayollarning uyigacha yetkazib beriladi. Tayyor mahsulotlarni elektroskuterlar yordamida tarqatish uchun shu mahalladagi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan 8 nafar fuqaro yuk tashuvchi sifatida ishga olingan. Natijada ishsiz fuqarolar doimiy daromad manbaiga ega boʻlmoqda. Zamonaviy xizmat turi yana bittaga ortib, aholiga qulaylik yaratilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida: shu paytgacha uyda ishlovchi 12 nafar ayollar muqaddam yollanma ishchi sifatida oyiga 1,2 mln soʻmdan daromad topgan boʻlsa, markazga ishga joylashgandan keyin har birining daromadi oyiga oʻrtacha 4-5 mln soʻmni tashkil qilmoqda. Yuk tashuvchi kuryerlarning daromadi muqaddam 1,8 mln. soʻm boʻlsa, endilikda oyiga oʻrtacha 5 mln soʻmga koʻtarildi.

Mahallada ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish borasida yaxshi bir tajriba qoʻllanildi. Koʻp qavatli uylar yertoʻlalari xatlovdan oʻtkazilib, boʻsh turgan 27 ta yertoʻla tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagida boʻlgan 10 nafar tadbirkor, 13 nafar fuqaro, 4 nafar “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ajratib berildi. Ushbu yertoʻlalarda qoʻziqorin yetishtirish, yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, kompyuter xizmatlari, tikuvchilik, qoʻl mehnati bilan bilan har xil turdagi bezaklar yasash hamda logistika markazini tashkil etilib, jami 193 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Bir necha yillar xorijda ishlab, 2-guruh nogironiga aylangandim, — deydi shu mahalla fuqarosi Oliyajon Komiljonova. — Koʻp qavatli uyning yertoʻlasidan joy ajratib berishgach, u yerda koʻrpacha tikish, suvenirlar yasashni yoʻlga qoʻydim. Natijada roʻzgʻorimga baraka kirib, qoʻlim pul koʻrdi. Hozirda 7 nafar shogird tayyorlab, faoliyatimizni kengaytirib boryapmiz.

Maʼlumki, koʻp qavatli uylarni boshqarish, texnik xizmat koʻrsatish, kommunal tizimlarning soz ishlashini taʼminlash doim muammo boʻlib kelgan. Bu vazifalar zimmasiga yuklatilgan uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyatidan aholi qoniqmasdi.

— Ilgari biz yashaydigan uylarga uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat koʻrsatardi, — deydi mahalla faoli Barno Nurullayeva. — Liftda yoki kommunal tizimda oddiygina nosozlik yuz bersa, “ana boramiz, mana boramiz, mablagʻ topilsa, tuzatamiz” deb paysalga solib kelardi. Shundan fuqarolarning shirkatga ishonchi qolmadi. Aholi oylik badallarni ham toʻlamay qoʻydi. Mahallada “Xorazm shinam uylari” boshqaruv servis kompaniyasi tashkil etilgach, bu muammolarni oʻz vaqtida hal etishga imkoniyat yaratildi. Kompaniya oʻziga biriktirilgan koʻp qavatli uylardagi umumiy mulkni taʼmirlash, soz holatda ishlashini nazorat qilish, uy atrofini obodonlashtirishga masʼul.

— 12 ta yuk tashishga moʻljallangan elektromototsikllarning har biriga 0,75 kVt, “Labo” avtomobiliga 1,7 kVt quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatilgan. Bu texnika vositalarining uzluksiz ishlashini taʼminlab, yoqilgʻi va energiya resurslarini tejashga imkon beradi, — deydi “Xorazm shinam uylari” boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Gulnora Atajanova. — 2 ta elektroskuter kommunal tizimdagi avariyalarni tezkor bartaraf etishda, maishiy chiqindilarni tashishga moʻljallangan. 2 ta elektromototsikl hududdagi chiqindilarni oʻz vaqtida yigʻib olishda qoʻl kelmoqda.

Mahalla yettiligining hamjihatlikda qilgan mehnatlari eʼtiborsiz qolmadi. Yaqinda mahalladagi hokim yordamchisi Shavkat Vafoyev Urganch shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi rahbari , xotin-qizlar faoli Hulkar Mahmudova “Tozabogʻ” mahalla fuqarolar yigʻini raisi, yoshlar yetakchisi Zafar Madraximov Yoshlar ishlari agentligining Urganch shahar boʻlimi rahbari lavozimiga koʻtarildi. Endi ular “Nurli hayot”dagi xayrli tashabbuslarni keng miqyosda tatbiq etmoqda. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, soliqchi, ijtimoiy xodim va profilaktika inspektoridan iborat mahalla yettiligi va faollari yangi tarkibda ham shunday gʻayrat va shijoat bilan ishni davom ettirsa, “Nurli hayot” yanada obod boʻlishiga, kambagʻallikdan, ishsizlik va tashqi migratsiyadan holi hududga aylanishiga shubha qolmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер