Mahalladagi muammolar yechimi nega Prezident kelgunicha hal etilmadi? Yoxud izsiz yoʻqolib ketgan murojaatlar, ogʻziga talqon solib olgan rahbarlar haqida

13:40 24 Fevral 2021 Jamiyat
1609 0

Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-19-fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida hududdagi Bunyodkor mahallasini borib koʻrdi.

Qars ikki qoʻldan...

“Xalq soʻzi” gazetasida bundan bir necha yillar avval muxbirimiz Qudratilla Najmiddinovning Namangan viloyatidagi “Boʻston-Chamanzor” mahalla fuqarolar yigʻinidagi muammolar, fuqarolarni qiynab kelayotgan masalalarga oid “Arosatdagi mahalla” sarlavhali tanqidiy-tahliliy maqolasi chop etilgan edi. Oʻsha vaqtda viloyat mutasaddilarining tahririyatga mavjud muammolarning hal etilishi boʻyicha bergan javobi faqat qogʻozlarda qolib ketganini bugun ushbu hududdagi achinarli ahvol yaqqol koʻrsatib turibdi.

Toʻgʻri, mahalla nomi Bunyodkorga aylantirildi. Ammo oʻtgan yillarda bu joyning faqatgina nomi oʻzgardi, xolos. Muammolar, aholining yashash tarzi esa oʻzgarishsiz qolaverdi.

Aslida, bunday holatlarning hamon mavjud ekanligida jamiyat hayotining koʻzgusi sifatida oʻz munosabatini takror va takror bildirishi, mutasaddilarni masʼuliyatli boʻlishga undashi lozim boʻlgan biz, ommaviy axborot vositalari vakillarining ham aybi bordek. Boisi baʼzi rahbarlarning gapiga ishondik, zarur choralar koʻrilibdi, deb xotirjamlikka berildik.

Prezidentimizning har tomonlama qoʻllab-quvvatlovi, jamiyatimizda hukm surayotgan ochiqlik, oshkoralik muhiti bugungi kunda jurnalistlarga qanot va tayanch boʻlayotir. Biroq, afsuski, ayrim mutasaddilarning hali ham eskicha ish uslubidan voz kechmaganini, mudroq kayfiyatdaligini, hayotimizdagi, jamiyatdagi oʻzgarishlarni teran ilgʻamayotganini matbuotga boʻlgan bepisand munosabatlari oshkor etib qoʻymoqda.

Misol uchun gazetamizning oʻtgan sonlarida Pop tumanidagi Sang qishlogʻi muammolariga bagʻishlangan “Tiriklik... tirikchilikmi? Yoki bugun qishloq yoshlarining boʻsh vaqti qanday oʻtmoqda?”, Andijon viloyatidan “Baliqchida «hamma ishlar joyida, hech bir muammo yoʻq”mi?», Buxoro viloyatidan “Buxoroning tarixiy qiyofasi saqlab qolinadimi?”, Jizzax viloyatidan “Qarovsiz yoʻllar qachon ravon boʻladi?” va boshqa sarlavhalar ostida hududlardagi haqiqiy holatni aks ettirgan tanqidiy-tahliliy ruhdagi qator materiallar chop etildi. Biroq shu kungacha mutasaddilar ogʻziga talqon solgandek jim, ulardan bir enlik boʻlsada javob xati olganimiz yoʻq.

Davlat rahbarining olib borayotgan siyosatiga kamarbasta boʻlayotgan, oʻzgarishlarning hayotga koʻchishi uchun muammolarga keng jamoatchilik eʼtiborini qaratayotgan ommaviy axborot vositalariga munosabat shunday boʻlgach, ularning el-yurt gʻamida kuyib-yonayotganiga kim ham ishonadi?! Axir qars ikki qoʻldan chiqadi...

Jurnalist u qaysi ommaviy axborot vositasida ishlamasin, shu xalq dardini, ularni qiynayotgan muammolarni olib chiqish barobarida, tegishli rahbarlarning oʻsha maqolada koʻtarilgan muammolarga eʼtiborini qaratish, tezda bartaraf etilishiga umid bilan qaraydi.

Tabiiyki, aholi ham “Muammolarimiz matbuotda eʼlon qilinsa, rahbarlar ham sal eʼtibor qaratishar, uygʻonar”, degan umid bilan yashaydi. Taassufki, baʼzan umidlar sarobga aylanib qolmoqda.

“Biz oʻzi qaysi asrda yashayapmiz?”

Jurnalistlar koʻtargan muammolarga eʼtiborsizlik oqibatlariga Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi davomida Bunyodkor mahallasidagi ahvol bilan tanishganida yana bir bor guvoh boʻldik.

Mazkur manzildagi bir vaqtlar maqolaga tortilgan muammolar yillar davomida yana-da “gazak otibdi”. Kamchiliklarga mansabdorlaru mutasaddilar koʻz yumib kelganini mahalladagi bugungi haqiqiy holat, davlatimiz rahbarining aholi bilan yuzma-yuz muloqoti oynaday koʻrsatdi-qoʻydi. Hududda odamlar ichimlik suvini mashinada olib kelib, pulga sotayotganlardan xarid qilib ichyapti. Gaz yetib bormagani tufayli ayollar oʻchoqda ovqat pishirmoqda, aholi oʻydim-chuqur yoʻllardan qatnab ishlayapti, oʻquvchilar taʼlim muassasalariga borib kelayotir. Obodlikdan yiroq koʻchalar, nuragan devorlarni koʻrib, “Biz oʻzi qaysi asrda yashayapmiz?”, deya yozgʻirayotgan insonlarning dardu hasratidan chang chiqadi, goʻyo... Mahalla idorasining oʻzi ham xarob, bino orqasida chiqindilar yotibdi. Shahar tarkibiga kiruvchi va unga unchalik uzoq boʻlmagan bir mahalladagi vaziyat shu darajada achinarli boʻlsa, olis-chekka qishloqlaru manzillar haqida nima deyish mumkin?!

Haqli savol tugʻiladi. Davlatimiz rahbari xalq bilan muloqot qilish, ularning dardiga quloq tutish, muammolariga yechim topish, kabinetda turib emas, balki mahallabay, xonadonma-xonadon yurib ishlash kerak, degan gʻoyani takror-takror ilgari surib, xalqni rozi qilish yoʻlida oʻzi namuna koʻrsatib ishlayotgan bir paytda, nahotki viloyat, shahar va tuman rahbarlarining, tegishli vazirlik hamda idoralar rahbarlarining oyogʻi ana shu hududlarga yetib bormadi?!

Bu Bunyodkorda hali-hamon balandparvoz gaplaru, qogʻozdagi jimjimador hisobotlar hukm surayotganidan, amalda esa hududda yashovchilar oddiy qulayliklardan ham benasib qolayotganidan, mutasaddilarning xalq dardiga beeʼtibor, loqayd ekanidan darak emasmi?!

“Hamon zilol suvga zormiz”

— Bunyodkor kechagi mahalla emas, dastlabki oilalar bu yerga oʻtgan asrning 80 yillarida koʻchib kela boshlagan, — deydi 68 yoshli Nizomiddin ota Ziyoviddinov. — Yer uchastkasi berish kun tartibida boʻlmagan oʻsha kezlarda “Boshpana boʻlsa kifoya”, degan ilinj bilan oʻnqir-choʻnqir maydonlarga rozi boʻlavergan ekanmiz. Mashmashasi esa keyin chiqdi. Peshonamizga suvni tashib ichish, ovqatni almisoqdan qolgan oʻchoqda pishirish bitilgan ekan. Bu masalada bormagan idoramiz, yuzlanmagan rahbarimiz qolmadi hisob.

Shaxsan oʻzim 2003 — 2008-yillarda shu mahallaga oqsoqol edim. Oʻsha paytlari 50 dan ortiq mutasaddilarga murojaat qilganman — poytaxtgacha bordim, natijasi boʻlmadi. Mendan keyingi mahalla raislarining ham urinishlari zoye ketdi. 2 116 ta xonadon hali-hamon zilol suvga zormiz. Bir mashina suv 70 — 100 ming soʻmdan sotib olinayotir va shu bilan kun kechiryapmiz. Uni, asosan, choy hamda taom hozirlash uchun tomchi-tomchisigacha tejab ishlatamiz.

Ishonasizmi, yuz-qoʻlni yuvishda foydalangan suvni idishlarga toʻplaymiz va parrandalarga beramiz. Hovlimizga ekilgan sanoqli koʻchatlar esa qachonki yomgʻir yoqqanida namlanadi, boʻlmasa yoʻq.

Shunaqa, bizni uzoq yillardan buyon inson uchun hayotiy zarurat boʻlgan obihayotdan benasib qilib kelishdi. Mahalladoshlarimizning qay birini suhbatga tortmang soʻzini “Bizga toza ichimlik suvi berishsin”, degan haqli talab bilan boshlaydi. Koʻpchilik “Nahotki, ahvol oʻzgarmay qolaversa-ya”, degan fikrga kelgandi. Xayriyatki, bizning dardu hasratlarimizni Yurtboshimizning diliga soldimi, kutilmaganda mahallamizga kelib, dardimizni tingladi...

Izsiz yoʻqolib ketavergan murojaatlar

Shahar markazidan bu yerga qatnaydigan taksilar oʻylanib yoʻlga chiqadi. Nega desangiz, yoʻllar nosoz. Mahallaga olib keladigan yaqin 10 kilometrdan ortiq masofadagi asfalt qachon abgor holatga tushgani koʻpchilikning yodidan ham koʻtarilgan. Uning oxirgi bor qachon durustroq taʼmirlanganini esa hech kim ayta olmaydi. Har kuni oʻydim-chuqur yoʻldan qatnash haydovchilarning joniga tekkan.

— Yoʻllar notekis. Ustiga-ustak, ular atrofida piyodalar yoʻlaklari yoʻq, — deydi fuqaro Alisher Ibrohimov. — Yoʻlni jonimizni hovuchlab kesib oʻtamiz — ayniqsa, bolalardan xavotirdamiz. Chunki mashinalar serqatnov. 65-umumtaʼlim maktabi roʻparasida oʻquvchilar bilan bogʻliq bir necha hodisa ham roʻy berdi. Shunday holatlarning oldini olish uchun piyodalar yoʻlakchasini ajratish, maktab yoniga svetofor oʻrnatish masalasidagi murojaatlarimiz izsiz yoʻqolib ketaveradi.

— Bundan bir necha yil avval, Katta Namangan kanalidan lotok ariq tortib, sugʻorish uchun suv keltirildi, — deydi Obiljon Dovidov. — Harna, ekinlarimiz qurib qolishdan saqlanadi, deb suyungandik. Tarmoq mahallamizdan uncha uzoq boʻlmagan markaziy chiqindixona yonidan oʻtishi hisobga olinmagan ekan, bizgacha suv juda ifloslangan holda yetib keladigan boʻldi. Agar u toza holida oqqanda, bilmadim, zarur hollarda ichsa ham boʻlarmidi?! Bugina emas, butun shaharning chiqindisi tashlanadigan joydan tevarak-atrofga tarqalayotgan badboʻy hiddan, ayniqsa, yoz faslida chidab boʻlmaydi.

Aytishlaricha, uni boshqa yerga koʻchirish boʻyicha tegishli idoralarning qarori chiqqan. Qaror ijrosi mutasaddilarning yodidan koʻtarilgan chogʻi, ijrosi uzun ichakday choʻzilib kelyapti. Bilmadik, bu masalaga qachon navbat kelarkin?..

Obiljon Dovidov — mahalla faollaridan. Koʻpchilikning tashvishini yelkasiga ortmoqlab yuradigan bu inson Prezident bilan yuzma-yuz uchrashgani, sanoqli daqiqalar boʻlsa ham hamsuhbat boʻlganini uzoq vaqt eslab yuradigan boʻldi. Imkoniyatdan foydalanib, bunyodkorliklarning munosib turmush kechirishi uchun zarur boʻlgan barcha masala oʻrtaga tashlanganidan aholi mamnun.

Bolalar qachon bogʻchaga qatnaydi?

12 ming 883 fuqaro istiqomat qilayotgan mahalla uchun oz boʻlsada zarur ijtimoiy infratuzilma yaratilgandir, dersiz. Ammo javobdan qoniqish hosil qilmasligingiz tayin. Sababi mahallada bitta maktab va oilaviy poliklinika filiali, tijorat asosida ishlaydigan minifutbol maydoni bor, xolos. Umumfoydalanishdagi kutubxona, klub yoki madaniyat markazini hamda boshqa ijtimoiy obyektlarni kunduzi chiroq yoqib ham topolmaysiz.

Mahallada 6 yoshgacha boʻlgan bolalar 730 nafarni tashkil etadi. Ota-onalarning aksariyati farzandlarining bogʻcha tarbiyasini olishini istaydi. Lekin istak boʻlgani bilan, maktabgacha tarbiya muassasasi boʻlmasa...

Toʻgʻri, bir necha yil avval hududda ikkita bogʻcha faoliyat koʻrsatib kelardi. Biri oʻz-oʻzidan yopildi, boshqasini fuqarolar yigʻini egallab oldi. Hayriyatki, mahallaning peshonasiga yangi bogʻcha bitish arafasida — endi-endi qurilishi tugallanyapti. Onalarning aksariyati esa dilbandini unga joylashtirish umidida.

“Issiq jon isitmasiz boʻlmaydi”, deganlaridek, aholining tibbiy xizmatga ehtiyoji hamisha mavjud. 6-oilaviy poliklinikaning Boʻston filiali ayni maqsad uchun safarbar qilingan. Biroq muassasa toʻlaqonli ishlayotgani yoʻq. Bu, avvalo, aholini atigi bittagina umumiy amaliyot shifokori qabul qilayotgani bilan bogʻliq. Vaholonki, shtatlar jadvalida oliy maʼlumotli shifokorlar uchun 4,75 stavka miqdorda oʻrin ajratilgan. Ular nega band qilinmayapti, degan savolga mutasaddilar doktorlar qoʻnimsizligiga yoʻlning uzoqligi sabab boʻlayotganini aytishadi. Bu masalani mutaxassislarga xizmat uyi qurib berish bilan yechishning nahotki imkoni boʻlmasa?!

— Kattalar, oʻspirinlar bir iloj qilib shahardagi shifoxonalarga koʻrinib kelishyapti, bolalarni ham imkon topib davolatyapmiz. Biroq homilador ayollarga qiyin, — deydi oʻzini Ravzaxon Badalova deya tanishtirgan onaxon. — Chunki filialda ginekolog shifokorning oʻzi yoʻq. “Ogʻiroyoqli” juvonlar shahar markaziga borib, maslahat olishga majbur boʻlyapti. Uchinchi kelinim oʻz vaqtida ginekolog koʻrigidan oʻtolmagani uchun tugʻuruqxonaga olib ketayotgan paytda, yoʻlda koʻzi yoridi.

Qarang, minglab odamga xizmat qilishi moʻljallangan poliklinika filialida bugun bemorlar birgina vrachu, yettita hamshiraning yordamiga koʻz tikib qolgan. Oʻz-oʻzidan yana savol tugʻiladi: bunday holatda ularning mahallabay, xonadonbay tizimning uddasidan chiqishiga ishonish mumkinmi?

Kutilmagan tashrif taassurotlari

— Davlatimiz rahbarining Fargʻonaga tashrifi chogʻida kutilmaganda yoʻnalishni oʻzgartirib koʻzda tutilmagan mahallaga kirib borganini koʻrib, bizda ham shunday boʻlarmikin, deb oʻylagandim, — deydi “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yigʻini raisi oʻrinbosari Mahmuda Hamroxoʻjayeva. — Biroq bu manzil uzoq yillik muammolar girdobida qolgan bizning mahallamiz boʻlishi yetti uxlab tushimga ham kirmagandi.

Bilasizmi, shu paytga qadar mahallamizga katta lavozimdagi mutasaddilar shaxsan kelmagan edi. Davlatimiz rahbarini koʻrib, toʻgʻrisi, bir oz hayajonlandim. Ammo muloqot qisqa boʻlsa ham zarur gaplarni aytishga ulgurdim. Eng muhimi, Yurtboshimiz aytganlarimni toʻgʻri tushunib, hammasi tez orada joy-joyiga tushishini aytdi.

Bugun birgina men emas, barcha fuqarolarimiz oʻsha kungi uchrashuv taassurotlari bilan yashamoqdamiz. Bu yoqda esa ishlar yurishib ketdi. Ertasiga tongdanoq elektriklar mashina-mashina tayanch ustunlari, yuqori quvvatli transformator qurilmasi bilan yetib kelishdi.

Yoʻlsozlar qayta asfalt bosishga kirishib ketdi. Ichimlik suvi, gaz tarmogʻi idoralari mutasaddilari ham mahallamizda. Koʻplab vazirliklar vakillari oʻz yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab olishyapti.

Xullas, Bunyodkorda uning nomiga munosib katta koʻlamdagi ishlar, yangi hayot qurilishi boshlandi.

Gʻaflat uyqusidan uygʻonish lozim

Muloqotlardan maʼlum boʻldiki, avval Namangan tumanida boʻlgan, keyinchalik Namangan shahri tasarrufiga oʻtkazilgan hudud ahlining munosib hayot sharoitini yaratishni soʻrab arz qilmagan idorasi qolmagan hisob. Aksariyat mutasaddilarning yuzaki javoblaridan boshqa natijani qoʻlga kiritolmagan bunyodkorliklarning arzu holini nihoyat, mamlakatimiz rahbari tingladi. Odamlar ochiq-oydin mahalla oqsoqoli va hokim faoliyatidan norozi ekanliklarini ham aytdi.

Qarangki, Bunyodkor mahallasi “tupkaning tubida” emas, balki viloyat markazidan judayam uzoqda boʻlmagan hududda joylashgan. Nahotki, unga shu paytga qadar boshqa mahallalar qatori eʼtibor qaratishning iloji boʻlmagan? Qolaversa, bu yerda yashayotgan aholining talab-istaklariga nega quloq tutilmadi?

Savol tugʻiladi: muammolar yechimi nega davlat rahbari kelgunicha hal etilmadi? Xalqning dardiga darmon boʻlishga masʼul xalq vakillari, viloyat, tuman va shahar rahbarlari, tegishli idoralar mansabdorlari shu paytgacha qayerda edi?

Yanada taajjublanarlisi, biz suhbatga tortgan fuqarolarning aksariyati bu hududdan kim deputat boʻlib saylanganini ham bilmaydi. Bilganlarning aytishicha, hududdan xalq deputatlari Namangan shahar Kengashiga shahar hokimi Olimjon Isayev saylangan ekan. Mahalla aholisi unga ovoz berish chogʻida targʻibot materiallari orqali “uchrashganini”, keyin esa biror marta ham koʻrmaganliklarini aytdi.

Qisqasi, ushbu mahallaga Prezident kelmaganida edi, bilmadik, uzoq yillardan beri “gazak olib” kelayotgan bunday ayanchli ahvol qachongacha davom etardi. Davlatimiz rahbari mahalladagi shart-sharoit bilan tanishib, mutasaddilarga yaxshigina tanbeh berdi, ular zimmasiga qisqa vaqt ichida holatni oʻnglash yuzasidan qatʼiy topshiriqlar qoʻyildi.

Bu xalq dardi bilan yashashga masʼul har bir rahbarga saboq boʻlishi, turtki berishi va eng asosiysi, mutasaddilar gʻaflat uyqusidan uygʻonishi lozim. Uygʻonish, hayotga teran qarash payti kelganini yurakdan his etmaganlarni esa islohotlar shamoli chetga surib qoʻyishi aniq...

P.S: olingan soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, Bunyodkor mahallasida jiddiy ish jarayonlari boshlangan. Mutasaddi tashkilotlar oʻz yoʻnalishlaridan kelib chiqib, bu yerdagi kamchilik va muammolarni bartaraf etishga qatʼiy bel bogʻlashgan. Eng muhimi, davlat rahbari turtkisidan soʻng hudud ahli ham, rahbarlari ham gʻaflat uyqusidan koʻzini ochdi, uygʻondi. Zero, mahalladagi ahvol — ularning yuzi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер