Mahalladagi beshlik: hayotbaxsh islohotlar “drayveri”

13:13 28 Sentyabr 2022 Jamiyat
2272 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida hayotbaxsh islohotlar samaradorligini oshirishda mahallaning oʻrni va mavqeyi yuksalib bormoqda. Ayni jarayonda amaliyotga joriy etilgan yangi tizim bu boradagi ishlar koʻlamini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Bugungi kunda mahalladagi beshlik: MFY raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektori yurt taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yoʻlida sidqidildan mehnat qilib, islohotlar “drayveri” boʻlmoqda.

Toshloq tumanining “Varzak” MFYda boʻlib oʻtgan hisobot yigʻilishida mahalladagi beshlik: hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qilar faoli hamda profilaktika inspektorining toʻqqiz oylik faoliyatiga oid hisoboti eshitildi.

Taʼkidlash oʻrinliki, hozirda “Varzak” MFYdagi 1227 oilada 4125 nafar aholi istiqomat qiladi. Birgina hokim yordamchisi tomonidan hisobot davrida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 46 ta loyihaga 1 mlrd 145 mln soʻm imtiyozli kreditlar ajratilishiga koʻmaklashildi. Imtiyozli kreditlarning 30 tasi mahallada hunarmandchilikni yanada rivojlantirish uchun ajratilgani eʼtiborga sazovordir.

— Mahallada 39 ta oilaviy tadbirkorlik faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida 68 nafar ishsizlarning doimiy bandligi taʼminlandi, — deydi “Varzak” MFY boʻyicha hokim yordamchisi Abdugʻani Sulaymonov. — Aholi oʻrtasida tushuntirish va xatlov ishlarining olib borilishi natijasida 130 nafar fuqaro oʻzini – oʻzi band qildi. Oʻz navbatida 70 ta muhtoj oilalarga moddiy va tibbiy yordamlar koʻrsatildi.

Mahallada yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli va maroqli oʻtkazish borasida ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlar yetakchisi tomonidan 34 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilib, yoshlar jamgʻarmasi tomonidan 3 nafariga toʻlov-kontrakt pullari, 15 nafariga subsidiya asosida mehnat qurollari ajratildi. Uyushmagan yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida oʻtgan davrda turli sport musobaqalari hamda madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi.

Yigʻilishda mahallada xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar, profilaktika inspektori tomonidan oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar toʻgʻrisida ham maʼlumot berildi.

Tahlil va tanqid ruhida oʻtgan yuzma-yuz muloqotda yutuqlar eʼtirof qilinib, amalga oshirilishi zarur boʻlgan muhim va ustuvor vazifalar sarhisob etildi. Mahalladagi beshlik faoliyatini yanada yaxshilash maqsadida jarayondagi burch va masʼuliyat tuygʻusini oshirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?