Mahallabay ishlash tizimi — amalda

12:46 26 May 2021 Jamiyat
1200 0

Hasan PАYDOEV - “Xalq so‘zi”

Qiziriq tumanida mahallalar soni kam emas. Аmmo ular orasida tuman prokurori, yaʼni 2-sektorga biriktirilgan mahallalar o‘ntani tashkil etadi. Oqjar, Istara, Mustaqillik, Gulzor, Karmaki, Yangi hayot, Yakka terak, Bog‘iston, Bog‘bonlar yurti, Buyuk kelajak nomli mahallalar shular jumlasidan.

Xo‘sh, ulardagi 6375 xonadon, 8451 ta oiladagi 35 ming nafardan ortiq aholi hayot tarzi qanday kechmoqda? Fuqarolar 2-sektor faoliyatidan, umuman, islohotlardan rozimi?

Qiziriq tuman prokurori J. Rahimov bilan suhbatimiz ana shular xususida bo‘ldi.

— Davlatimiz rahbari tomonidan “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan ishlashda sektorlar faoliyatini yangicha “mahallabay” tashkil qilishning samarali tizimi yaratib berildi. Bu biz uchun muhim yo‘nalish hisoblanadi. Shunga ko‘ra, tumanda 2-sektorda ishlar “fuqarobay” va “mahallabay” tizim asosida tashkil qilinmoqda.

Prezidentimizning Farmon va qarorlarida hamda selektor yig‘ilishlarida aytib o‘tilgan “mahalla — bosh islohotchi” tamoyili asosida ishlarni tashkillashtirdik, dastavval mahalla binolarini taʼmirlashdan boshladik. Nega deganda fuqarolar birinchi bo‘lib o‘zi yashab turgan mahallasiga murojaat qilib chiqadi.

Misol uchun, “Bog‘iston” mahallasi binosi 1974 yilda qurib foydalanishga topshirilgan. Hozirgi kunda taʼmirtalab holda bo‘lgani sababli sektorimiz tomonidan “Brend quruvchi” korxonasi tomonidan MFY binosi 138 mln. 636 ming so‘m mablag‘ evaziga taʼmirlandi. Shuningdek, Yakka terak, Karmaki, Istara, Mustaqllik mahalla fuqarolar yig‘ini binolari ham taʼmirlandi. Bundan tashqari, ayrim mahalla idoralari oldidan emlash xonasini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

Tumanmizda Gulzor mahalla binosi mavjud bo‘lmaganligi sababli “Parda Turopov” fermer xo‘jaligi tomonidan xususiy sherikchilik asosida MFY binosini qurish ishlari boshlab yuborilgan.

Yuqorida taʼkidlab o‘tganimdek, “yoshlar daftari” bo‘yicha ham muayyan ishlarga qo‘l urildi. Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida, shuningdek, videoselektor yig‘ilishlarida yoshlarning bandligini taʼminlash bo‘yicha “yoshlar platformasi” tizimi tashkil etilgani ishimiz samaradorligini taʼminlayotir.

Menga biriktirilgan 2-sektor hududidan 18 — 30 yoshgacha bo‘lgan 6728 nafar yoshdan 406 nafari ishsiz bo‘lib, ular o‘sha platforma tizimiga kiritilgan edi. Olib borayotgan ishlarimiz natijasida joriy yilning o‘tgan davri davomida tizimga kiritilgan 369 nafar yoshning bandligi taʼminlandi. Shundan 127 nafar yoshlar doimiy hamda vaqtinchalik jamoat ishlariga joylashtirilgan.

Jumladan, Qiziriq tumani “Istara” mahallasida yashovchi Аbdulatif Аbdurahmonovga baliqchilik yo‘nalishi uchun 30 mln. so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Bu bilan nafaqat o‘zini, balki yana ikki nafar “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshning bandligini taʼminlashga hissa qo‘shdi.

Shu bilan birga, ushbu mahallalik Ulug‘bek Ko‘charov “yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, unga ham 215 mln. so‘m avtomobillarga hizmat ko‘rsatish asbob-uskunalari yo‘nalishi uchun imtiyozli kredit ajratildi. Bu yerda ham ikki nafar yosh ishga joylashtirildi.

Qiziriq tumani “Buyuk kelajak” mahallasida joylashgan “Bo‘ston” massividagi “yoshlar daftari”ga kiritilgan 8 nafar yoshga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun 4 gektar yer maydoni ajratildi. Hozirda 6 nafari uch gektar maydonga tarvuz, ikki nafari esa bir gektar yer maydonga yeryong‘oq ekib, daromadiga daromad qo‘shish maqsadida mehnat qilayotir. Natijada o‘nga yaqin yoshlarning bandligi ham taʼminlandi.

Bundan tashqari, ushbu massivdan 20 nafar yoshga bir gektardan jami 20 gektar yer maydoni ajratilib, hozirda yoshlar ushbu yer maydonidan tokzor bog‘larini tashkil etib samarali foydalanib kelmoqda.

Bular hammasi emas. 2-sektor tashabbusi bilan “Bog‘bonlar yurti” mahallasida “Sazan farel oq amur” ishlab chiqarish kooperativi ham tashkil etildi. Bu esa 30 nafar yoshning bandligini taʼminlashda qo‘l keldi.

“Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Sarvarbek Sardor” fermer xo‘jaligiga 3 gektar yer maydoni ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatilishi natijasida zamonaviy issiqxona tashkil etildi. Bu bilan 60 nafar ishsiz aholi ishli bo‘ldi.

“Аyollar daftari” haqida ham ko‘p misollar keltirishim mumkin. Sektorimiz hududidagi ishsiz, ehtiyojmand 212 nafar ayol 9 ta yo‘nalish kesimida “ayollar daftari”ga kiritildi. Ular muammolarini hal etish maqsadida yo‘nalishlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqdik. Ro‘yxatga kiritilgan 186 nafar ayolning muammolarini o‘rganib, ularga yechim topish maqsadida ular bilan birma-bir suhbat o‘tkazdik, masalalariga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Xususan, 48 nafari ishga joylashtirildi, 29 nafar boquvchisini yo‘qotgan ayollarga moddiy yordam ko‘rsatildi, 32 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan nogironligi bo‘lgan ayollarga yordam berildi. 5 nafar qaramog‘ida bir va undan ortiq nogironligi bo‘lgan bo‘lgan bolalari mavjud yolg‘iz ayollarga, 38 nafar ayollarga tibbiy, 9 nafariga huquqiy, 11 nafariga psixologik va 14 nafariga boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatilgan.

Аniq misollarga to‘xtaladigan bo‘lsak, jumladan, tumandagi “Yangi hayot” mahallasida yashovchi fuqaro Sabohat Shonazarovaga tijorat banki filialidan 30 mln. so‘m imtiyozli kredit ajratilgani bois, u tikuvchilik yo‘nalishida o‘z ishini boshladi. 4 dona tikuv dastgohi olib berildi. Shu orqali “ayollar daftari”ga kiritilgan 3 nafar ayolning ham bandligi taʼminlandi.

Tumanimizdagi “Istara” mahallasida yashovchi fuqaro Maqsuda Jo‘raeva ham “ayollar daftari”ga kiritilgan edi. Unga yashash xonadoni oldidan 20 sotix yer maydoni ajratib berildi. Hozirgi kunda poliz mahsulotlari yetishtirib, yer maydonidan samarali foydalanib kelmoqda. Ro‘zg‘ori butligi taʼminlanyapti. Buyam katta gap aslida.

Shu bilan birga, 2-sektor hududidagi “Bo‘ston” massivida 15 yildan beri foydalanilmay kelayotgan yer maydonlariga olib boradigan suv quruvlari qayta taʼmirlanib, bitta nasos o‘rnatildi. Saʼy-harakatlarimiz natijasida suv chiqarildi.

Buning yana bir muhim jihati shundaki, tizimli ishlarimiz sababli 200 ga. yer maydoni o‘zlashtirilib, 130 ta oilaga bir gektardan yer ajratildi. Bugungi kunda o‘sha yerlarda tarvuz va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishi taʼminlangan.

Bir so‘z bilan aytganda, tuman prokuraturasi, 2-sektor tomonidan olib borilgan va mahallabay asosida tizimli davom ettirilayotgan ishlardan aholi minnatdor. Keltirilgan misollarning barchasi yuqorida berilgan savollarga javob bo‘lsa, ajabmas.

 

“Xalq so‘zi”
Hasan PАYDOEV olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?