Mahalla idorasi qayerda?

13:42 25 Fevral 2025 Jamiyat
153 0

Foto: gazeta.uz chizgan surat.

Otabek ISROILOV/“Xalq soʻzi”. Keyingi yillarda yurtimizda zamonaviylashgan mahallalar koʻpayib bormoqda. Anʼanaviy mahalla tushunchasining oʻzi ham oʻzgardi. Mahalla endilikda faqat «spravka beradigan idora« emas, odamlarning dard-u tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaqindan biladigan butun-boshli tuzilmaga aylanmoqda.

2017-yil 3-fevralda Prezidentimiz tomonidan “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon imzolangan edi. Ushbu hujjatga binoan, mahalla fuqarolar yigʻinlari idoralari binolarini namunaviy loyiha va ularga qoʻyilgan talablar asosida qurish, shuningdek, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, zarur mebel jamlanmasi, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va internet bilan taʼminlash belgilandi. Toshkent viloyatida oʻtgan yillar mobaynida koʻplab mahalla idoralari yangidan qurildi. Namunaviy loyiha asosida taʼmirlandi.

Biroq, ayni paytda Nurafshon shahridagi 22 ta mahalla fuqarolar yigʻini, Oʻrta Chirchiq tumanidagi 57 ta mahalla fuqarolar yigʻinining barchasi ham oʻz maʼmuriy binosiga ega emas. Ular turli tashkilotlar binosida faoliyat olib bormoqda. Raqamlarning dalolat berishicha, Toshkent viloyatida 73 ta mahalla idorasini qurish lozim. Jumladan, Nurafshonda 4 ta, Ohangaronda 6 ta, Chirchiqda 3 ta, Yangiyoʻlda 7 ta, Qibrayda 5 ta, Quyi Chirchiqda 5 ta, Parkentda 7 ta, Piskentda 4 ta, Oʻrta Chirchiqda 4 ta yangi mahalla idorasi kerak.

Prezidentimizning 2020-yil 18-fevraldagi tegishli qaroriga asosan, har bir mahallada tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarni faol jalb qilish hisobiga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi kompleksini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish belgilangan. Aytmoqchimizki, homiylar, xayriya mablagʻlari hisobidan mahalla idoralarini qurish, taʼmirlash ishlarini olib borish tajribasi allaqachon muvaffaqiyatli tarzda amalda qoʻllanilmoqda.

Keyingi yillarda Oʻrta Chirchiq tumanidagi oʻnga yaqin mahalla idoralari himmatli tadbirkorlar, elga qayishuvchi ishbilarmonlar tomonidan zamonaviy koʻrinishda qurib berildi. Ayni paytda Oʻrta Chirchiq tumanining maʼmuriy markazida “Madonis” fermer xoʻjaligi rahbari tomonidan zamonaviy va namunali Nuroniylar maskani qurilmoqda. Yaqin kunlarda bu bino oʻrtachirchiqliklar ixtiyoriga topshiriladi.

Mahalla idorasi shu aholining manfaatlariga xizmat qiladi. Mahallada qancha tadbirkorlar, ishbilarmonlar yashaydi. Mahalla raisi islohotchi boʻlib, tadbirkorlarni oʻzlarining mahalla idorasini qurib, taʼmirlab berishga chorlasa maqsadga muvofiq boʻlardi. Shunda “Mahallangiz idorasi qayerda?” degan savol javobsiz qolmaydi!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?