Magʻlubiyat, mamlakatning boʻlinib ketishi, boy berilgan hududlarni qaytarib ololmaslik: Ukraina Rossiya urushi qanday yakunlanishi mumkin?

14:36 27 Yanvar 2025 Dunyo
339 0

Rossiya hamda Ukraina oʻrtasidagi mojaro qariyb uch yildan buyon davom etmoqda. 2022-yilning 24-fevral tongida Rossiya armiyasi Ukrainaga hujum boshlagan edi. Bugungi kunda koʻplab tahlilchilar urushning qachon va qanday tugashi haqida bir qancha taxminlarni ilgari surishmoqda.

Jumladan, “The Times” nashri ham Ukraina Rossiya urushi yakuni borasidagi toʻrtta taxminni ilgari surdi.

Birinchi taxmin – Ukrainaning magʻlubiyati

Agar Rossiya urushni davom ettirishni va muzokaralardan voz kechishni tanlasa, Ukraina AQSH yordamidan uzilib qoladi. Buning natijasida Ukraina harbiy jihatdan magʻlubiyatga uchraydi. Mamlakat urushda yengilsa, global xavfsizlikka taʼsiri AQSHning Afgʻonistondan olib chiqib ketilishidan ham kuchliroq boʻladi. Millionlab ukrainaliklar qochqin sifatida mamlakatni tark etishlari mumkin.

Ikkinchi taxmin – noqulay tinchlik bitimi

Ikki mamlakatga ham manfaat keltiruvchi kelishuv amalga oshmasa yoki Ukrainaning AQSH tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi toʻxtatilsa mamlakat kuchsiz holatga tushadi. Buning oqibatida Ukraina parchalanib ketishi mumkin. Gʻarb mamlakatlarining koʻmagisiz Ukraina Rossiyaning ogʻir shartlariga rozi boʻlishga majbur boʻladi.

Uchinchi taxmin – oʻt ochishni toʻxtatish

Ukraina va Rossiya urushi oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi bilan yakun topsa har ikki mamlakatda mintaqaviy barqarorlikka va iqtisodiy oʻsishga olib kelishi mumkin. Bu kelishuv har ikki mamlakat uchun eng manfaatli qaror boʻladi.

“Biz urushni tugatish uchun qoʻlimizdan kelganini qilmoqchimiz. Urushni barqaror tarzda tugatishimiz kerak. Bu urush ikki, uch yoki toʻrt yil ichida qayta boshlanishini xohlamaymiz”, — deydi AQSH davlat kotibi Marko Rubio

Toʻrtinchi taxmin – tinchlik kelishuviga erishish

AQSHning koʻmagi bilan Ukraina suverenitetini saqlab qolgan holda urushni tugatib tinchlikka erishishi mumkin. Lekin 1991-yilda tasdiqlangan chegaralarini qaytara olmaydi. Agar tinchlik kelishuviga erishilsa, Ukraina boy bergan hududlarini Rossiyadan qaytarib olishi imkonsiz boʻladi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina masalasida Putin bilan muzokara oʻtkazish taklifini ilgari surmoqda. Agar Putin ushbu taklifni rad qilsa, Tramp Rossiyaga iqtisodiy bosimni kuchaytirish bilan tahdid qilishini yashirib oʻtirmagan.

Avvalroq, Putin Tramp bilan urushni yakunlash borasida Moskva talablarini muhokama qilish uchun uchrashuv oʻtkazishga rozilik bergan, ammo bu uchrashuv Ukraina tomoni ishtirokisiz boʻlib oʻtishi talab qilinganligi haqida xabar berilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?