Magar chinor boʻlsang, chinorday yasha...

12:23 11 Mart 2024 Jamiyat
674 0

Foto: “Xalq soʻzi”

(90 yoshli Tohir otaning avlodlarga asrab yurgan 508 ta sirli “maktubi” haqida)

Tohir ota haqida gap ketganda, mahalladoshlari yuziga beixtiyor tabassum yuguradi. “Qaniydi, shunday tinib-tinchimas qariyalarimiz koʻp boʻlsa” deyishadi. Otaxon 90 yoshni qarshilagan. U tinmay idorama-idora yuradi, ammo oʻz manfaati uchun emas. “Qarib qoldim, pensiyam kam, menga u yetmaydi, bu yetmaydi” degan gapni esa birorta rahbarga aytmagan. Niyati bitta: elimiz yaxshi yashasin, chekka hududlarda ham farovonlik boʻlsin, odamlar hayotidan rozi boʻlsin, deb yelib-yuguradi. Ochigʻi, baʼzi rahbarlardan “Siz endi qarib qoldingiz, bu ishlarga aralashmang” degan gapni ham eshitgan. Bu tanbehlar koshki unga kor qilsa?! Baʼzan uni qaysar qariya ham deyishadi. Lekin uning bu “qaysarliklari” oʻzi uchun emas, el uchun.

Gap shundaki, Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Chinor mahallasida yashovchi Tohir ota Qobilov, qariyb 12-yildirki, qishloq aholisi tabiiy gazdan mahrum ekanligidan kuyunadi. Tegishli idoralaru mutasaddi tashkilotlarga qatnayverib “tovoni teshilgan”. Ammo otaxon anoyi emas. Qaysi idoraga borsa, yozgan shikoyatining ikkinchi nusxasiga “Qabul qilindi” degan gapni yozdirib oladi. Birortasini ham yoʻqotmaydi, hammasini “koʻz qorachigʻi”day asrab yuribdi. “Kelgusi avlodlarga qoldiraman bu maktublarni”, deydi u.

Qarangki, shu yozilgan shikoyatlar soni 12-yil mobaynida rekord darajaga — 508 taga yetibdi. Eh-he, Tohir ota 78 yoshida shu ishga kirishgan boʻlsa, bugun toʻqsonni urib qoʻyibdi hamki, muammo hali-hanuz yechimini topgani yoʻq.

...Qariya bilan tahririyatda suhbatlashdik. Tiyrak nigohlariga boqib, umrining toʻqsoninchi bahorini yashayotgan, tetik, bardam, xotirasi tiniq va begʻubor bu insonga havas qilasiz. Tuyqus xayolimdan “Yashasang, shu inson kabi el gʻamida yashash kerak” degan fikr oʻtdi. Rosti, u 5 qiz, 2 oʻgʻil, 31 nabira qurshovida osh-nonini tinchgina yeb-ichib yursa ham boʻlardiku, degan xayolga ham borasiz. Ammo el gʻamini yelkasida koʻtarishga hamma ham oʻzida hafsala topa olmaydida.

Yana bir gap. Tohir ota mahalla tashvishi uchun yugurib yurganiga birovdan bir soʻm soʻramaydi. Vijdoni buyurgani bois qilyapti, bu ishni. Qiziq, mahallalarda hokim yordamchisi yoki yoshlar yetakchisi boʻlib ishlovchilar davlatdan maosh oladiyu, nega ularning baʼzilarida shu qariyaning kuyunchakligi yoʻq?

Yana savol tugʻiladi: Tohir otaning Chinor qishlogʻini gazlashtirish uchun qilayotgan saʼy-harakati nega samara bermayapti? Nega yondosh mahallalar — Doʻstlik va Xoʻjakentda aholi tabiiy gazdan bahramand boʻlishyaptiyu, “Chinor” MFYga gaz yetib kelmayapti?

Bu haqda Boʻstonliq tumani hokimi oʻrinbosari Akmal Rixsitillayevning fikri bilan qiziqdik.

— “Chinor” MFY hududidagi qishloqlarni gazlashtirish mumkin, loyiha va hujjatlar ham tayyorlangan, ammo bosim pastligi, qishda gaz yetib bormasligi uchun uni amalga oshirish toʻxtatilgan, — deydi u.

“Boʻstonliq tuman gaz” gaz taʼminoti boʻlimi boshligʻi Akmal Abdulhayevning fikri ham shunga oʻxshash: “Chinor” MFY chekka hudud boʻlgani uchun gaz bosimi yetib bormaydi.

Ota bu gaplarni eshitib tutaqib ketadi. Oʻzini qoʻyishga joy topa olmaydi. Hassasini yerga qattiq urib:

— Mening qizim qoʻshni qishloqda yashaydi, gaz qahraton qishda ham zoʻrku, — deydi u. — Mahallamizdan qadam-baqadam sanaganda 16 metr nariroqdagi “Boʻstonliq plasteks” MCHJda gaz yonib turibdiku. “Beshtut” MFY hududidagi qishloqlarda ham gaz borku. Nega bizga kelganda — bosim past, yetmaydi?

Tohir otaning kuyunganicha bor. U yashayotgan Boʻstonliq tumanidagi Chinor qishlogʻida gaz yoʻqligi yetmagandek, koʻmir ham yetarlicha yetkazib berilmagan. Koʻpchilik pechkada oʻtin yoqib qishlaydi. Oʻtinni esa moʻmay pul topish ilinjidagi ayrim kishilar xufiya tarzda togʻ atrofidagi oʻrmondan olib kelib sotadi.

Bu boʻyicha “Chinor” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Rustam Joʻrayevning fikri bilan qiziqdik.

— Mahallamizda 525 ta xonadonda 2 ming 200 nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi u. — Toʻgʻri, qishloqlarimizga tabiiy gaz oʻtkazilmagani uchun oʻtgan yili kuzda aholiga 350 tonna koʻmir yetkazib berdik. Koʻmirning oʻzi yonmaydiku. Shuning uchun qurigan shox-shabbalardan ham foydalanishadi. Boshqa hududlardan qishlogʻimizga noqonuniy oʻtin olib kelib sotuvchilar bor. Ularning ustidan maʼmuriy ish ochish boʻyicha harakatlar boshlangan.

— Agar shu odamlar bizni oʻtin bilan taʼminlamasa, qishdan qanday chiqar edik, — deydi Tohir ota. — Keksalar, bemorlar, yosh bolalar bor. Qahraton qish oylarida pechkaga oʻtin yoqmasak, nimani yoqardik? Oʻtinga ehtiyoj boʻlganidan soʻng odamlar u qonuniy kesilganmi, noqonuniymi, soʻrab oʻtirmaydiku. Mana, oʻzim ham qish oyida 9 million soʻmga oʻtin sotib olgandim.

Aytmoqchi, 2021-yil 23-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2021-2022-yillarda Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan boʻlib, unga koʻra, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, shu jumladan, ichki yoʻllarni, ijtimoiy soha obyektlarini rekonstruksiya qilish, qayta taʼmirlash, aholining toza ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish belgilangan.

— Bu qarorni oʻqib juda xursand boʻlgandim, — deydi Tohir ota. — Mahallani gazlashtiramiz deb rahbarlar vaʼda ham berishgan edida. Lekin haliyam vaʼdalar qoʻsha-qoʻsha, vaziyat oʻsha-oʻsha. Mening niyatim — boshqa qishloqlardagi kabi Chinorda ham “zangori olov” porlab tursa, aholining qish faslida tashvishlari arisa. Tabiiy gaz yoʻqligi, koʻmir kam va sifatsizligi sababli daraxtlar kesilayotganidan koʻz yuma olmaymiz. Koʻrib turibmiz, tabiatga yetkazilgan zarar chang-toʻzon koʻpayishi, havoning ifloslanishiga olib kelyapti.

Otaxonning fikrlarini tinglab, har bir yurtdoshimiz shu nuroniy inson singari elu yurt uchun kuyunchak boʻlganida barcha muammo allaqachon yechimini topib ketgan boʻlar edi, degan mulohaza oʻtadi koʻngildan. Binobarin, Tohir otani yurtimizda roʻy berayotgan hayotbaxsh yangilanishlar va Prezidentimiz olib borayotgan oqilona va odilona siyosatning keksa targʻibotchisi, desak, sira mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Chunki u davlatimiz rahbari oʻtkazayotgan har bir videoselektorni tinglab, xulosa chiqaradi, yoshlarga targʻib etadi.

— Ayniqsa, Prezident raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xoʻjaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi meni nihoyatda quvontirdi, — deya fikrini davom ettiradi u. — Gap shundaki, davlat rahbari noqonuniy kesilgan har bir daraxt oʻrniga 100 ta koʻchat ekish topshirigʻini berdi. Yoki kelgusi besh yil davomida Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarini toʻliq yashillik bilan qoplashni nazarda tutuvchi kamida 3 ming gektar “yashil belbogʻ” va 200 gektar yashil bogʻlar tashkil qilish haqidagi tashabbusni men ham qoʻllab-quvvatlayman. Nabiralarimni yonimga olib, hududimizda bu ishga oʻzim bosh boʻlaman. Axir bu bogʻni Tohir ota yaratgan, degan gapni eshitishning oʻzi katta baxt emasmi?

...Toʻqson bilan toʻqnashib, yuz bilan yuzlashish sari qadam tashlayotgan Tohir ota bilan xayrlashar ekanman, u mahalla gazlashtirilganidan soʻng muborak Haj ziyoratiga yoʻl olishni niyat qilganini aytdi. Shoirning quyidagi satrlari shunday tabarruk yoshda ham olam-olam orzular qanotida yashayotgan ushbu fidoyi insonga yarashiqli:
Orzuim shul, oʻchmasin yongan chirogʻing,
Yulduzday nur sochsin chashming-qarogʻing.
Magar chinor boʻlsang, chinorday yasha,
Bevaqt uzilmasin biror yaprogʻing.

Faxriddin BOZOROV (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?