Madhiya: birlik, iftixor va yangi o‘zbekiston ruhi

09:25 10 Dekabr 2025 Jamiyat
82 0

Konstitutsiyada belgilanganidek, mustaqil O‘zbekiston Respublikasi o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Davlat ramzlarining mavjudligi O‘zbekiston suverenligi va mustaqilligining muhim belgilaridan biridir. Shuning uchun ushbu moddaga binoan davlat ramzlarining huquqiy maqomi, ularning tavsifi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida aniq tartibga solindi va rivojlantirildi.

Mustaqillikka erishgunga qadar, 1978 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasida (Asosiy Qonunda) O‘zbekiston gerbi, bayrog‘i, madhiyasi va poytaxtiga Konstitutsiyaning oxirgi 10-bobi bag‘ishlanganligi ham mamlakatimizning rasmiy suverenitetiga bo‘lgan munosabatni ko‘rsatar edi. Davlat ramzlari amalda, mohiyatiga ko‘ra Sovet Ittifoqining ustuvor mavqeini o‘zida ifodalar edi. Mamalakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng vaziyat tubdan o‘zgardi.

1992 yil 10 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi Qonunga binoan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga nisbatan zo‘r ehtirom bilan munosabatda bo‘lish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir.

Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi quyidagi hollarda ijro etiladi:

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish chog‘ida – u qasamyod qabul qilganidan so‘ng;

- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi sessiyalarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlislarining ochilishi hamda yopilishi chog‘ida;

- O‘zbekiston Respublikasida nishonlanadigan umummilliy bayramlarga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishlar va majlislarning ochilishi chog‘ida;

- davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyalari tomonidan har kuni – ko‘rsatuv va eshittirishlar boshlanishidan avval va tugaganidan so‘ng, ko‘rsatuv va eshittirishlar kechayu kunduz olib borilganida esa soat 6 da va soat 24 da, yangi yil kechasida – soat 24 da;

- respublika hayotidagi muhim tarixiy voqealarni nishonlash yuzasidan, atoqli siyosiy, davlat, harbiy arboblar, xalq qahramonlari, fan, adabiyot va san’at arboblari sharafiga o‘rnatilgan haykallar, shuningdek monumentlar, yodgorliklar va boshqa inshootlarning ochilishi chog‘ida;

- davlat organlari, boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan marosimlar va boshqa tantanali tadbirlar vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini ko‘tarish chog‘ida;

- rasmiy safar bilan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarini kutib olish va kuzatish chog‘ida – tegishli xorijiy davlatning davlat madhiyasi ijro qilib bo‘linganidan keyin;

- harbiy marosimlarni o‘tkazish vaqtida – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy ustavlariga muvofiq;

- umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida – yangi o‘quv yili boshlanishi va o‘quv yili tugashi marosimlari chog‘ida;

- sport maydonlarida – O‘zbekiston Respublikasi chempionatlarini, milliy terma komandalar ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida hamda xalqaro sport musobaqalarining O‘zbekiston Respublikasi sport terma komandalarining vakillari bo‘lgan g‘oliblarini mukofotlash marosimlarini o‘tkazish vaqtida;

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari yoki referendum kunlari – ovoz berish o‘tkaziladigan binolarda soat 8.00 da ijro etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, hozir bo‘lgan kishilar madhiyani tik turib va o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglaydi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni O‘zbekiston xalq shoiri, Qahramoni Abdulla Oripov tomonidan yozilgan, kuyi – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Mutal Burxonov tomonidan bastalangan.

Qonunlarda O‘zbekiston Respublikasi davlat suvereniteti, mustaqilligini namoyon etadigan davlat ramzlarini himoya qiladigan aniq mexanizmlar belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining davlat razmlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish ma’muriy javobgarlikka (O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2031-moddasi) sabab bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga hurmatsizlik qilish jinoiy javobgarlikka (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 215-moddasi) olib keladi.

Davlat madhiyasi davlat suverenitetining muhim belgisi sifatida mamlakatimizning tarixiy rivojlanish xususiyatlarini o‘zida ifodalaydi, u timsolida davlat va o‘zbek xalqining tinchlikparvar, yaratuvchanlik maqsadlari mujassamlashgan. Madhiya O‘zbekiston Respublikasining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish shart-sharoitlari, suveren, tinchlikparvar mamlakat sifatida fuqarolarning vatanparvarlik, chidamlilik, mehnatsevarlik va baxtli kelajakka ishonch, mamlakatimizdagi millatlar vakillarining o‘zaro munosabatlari kabi xislatlari o‘z aksini topgan. Davlat madhiyasi Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda, har bir fuqaroning hayotini mamlakatimiz taqdiri bilan bog‘lashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

 

Shoxrux Majidov, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi katta eksperti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?