Madaniyat – Yangi Oʻzbekistonning oʻqtomiri

Tarixga nazar tashlasak, Oʻzbekiston madaniyati Markaziy Osiyo xalqlarining koʻp asrlik anʼanalari va turmush tarzi bilan chambarchas bogʻliq boy tarixga ega. Buyuk Ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan jonajon yurtimiz hududida koʻplab meʼmoriy yodgorliklar, qadimiy qalʼa va qasrlar hamda folklor elementlari joylashgan boʻlib, ularning aksariyati hozirda YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlari tomonidan muhofaza qilinmoqda. Yurtimiz nafaqat oʻzining moddiy madaniy merosi, balki nomoddiy madaniy merosi bilan ham dunyo xalqlari tamadduniga munosib hissa qoʻshgan.
Muhtaram Prezidentimiz nutqlaridan birida quyidagicha qayd etgan edi: “Xalqimizning rivojlanish darajasi, avvalo, milliy madaniyatimizga qarab baholanadi. Shu maʼnoda, madaniyat bu – xalqimiz, jamiyatimiz qiyofasidir. Biz Oʻzbekistonning yangi qiyofasini yaratishga kirishgan ekanmiz, buni, avvalo, milliy madaniyatimizni rivojlantirishdan boshlashimiz lozim”.
Davlatimiz rahbarining yuqorida keltirilgan mulohazasidan maʼlum boʻladiki, madaniyat millatning jahon sahnasidagi inʼikosidir. Shu munosabat bilan ham Yangi Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼat sohasiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali mutlaqo yangicha koʻrinishga ega boʻldi, Xalqaro maqom festivali, Xalqaro baxshichilik festivallarini oʻtkazish anʼana tusiga kirdi.
Madaniyat va sanʼat, milliy musiqa sohalarida kadrlarni tayyorlash eng quyi bosqichdan oliy taʼlimga qadar tizimli ravishda yoʻlga qoʻyildi. Hududlarda maqom va baxshichilik sohalariga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, professional taʼlim muassasalari hamda Yunus Rajabiy nomidagi oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti, Botir Zokirov nomidagi milliy estrada sanʼati institutining tashkil etilishi fikrimizni yaqqol isbotlaydi.
Yosh ijodkorlarni kashf etish, ularning isteʼdodini roʻyobga chiqarish Yangi Oʻzbekistonimizda yoshlarga oid davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun koʻplab respublika va xalqaro miqyosda koʻrik-tanlovlar, doʻstlik uchrashuvlari oʻtkazilmoqda. Masalan, kuni kecha institutimiz professor-oʻqituvchilari va talabalarining Qozogʻiston Respublikasi Olmaota shahrida oʻtkazilgan
“I Turk dunyosi yoshlar forumi”da munosib ishtirok etishi yosh maqomchi va sozandalarimizning dunyo sahnasida ham eʼtirof topayotganini hamda Prezidentimizning “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish va soha vakillari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida”gi tarixiy Farmoni ijrosi taʼminlanayotganini dalillaydi.
Jadidchilik harakatining yetuk namoyondasi Mahmudxoʻja Behbudiy “Teatr – ibratxonadir” deb haq gapni aytgan. Teatrda namoyish etilayotgan sahna asarlari tomoshabinga maʼlum maʼnoda koʻzgu tutishi sabab uning qadr-qimmati nihoyatda yuksakdir. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil
26-maydagi «Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmonida respublikamizda faoliyat yuritayotgan teatrlarni yanada rivojlantirish borasidagi dolzarb islohotlar belgilangan va ushbu topshiriqlar ijrosi natijasida ayni vaqtda teatrlarimiz hamda aktyorlarimiz xalqimiz qalbining toʻridan joy olib ulgurdi.
Madaniyat sohasining eng muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadigan muzeylar faoliyati masalasiga ham toʻxtalib oʻtmogʻimiz maqsadga muvofiq. Chunki tarixni anglashda uni kelajak avlodlarga qoldirishda muzeylar juda ham katta ahamiyatga ega hisoblanadi. “2017 — 2027-yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasining Qaroriga muvofiq, bugungi kunda muzeylarning nafaqat moddiy-texnik bazasi yangilandi, balki ulardagi mazmun ham Yangi Oʻzbekiston siyosatiga mos, uning ijobiy imijini namoyish etish darajasida yangilandi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Prezidentimiz joriy yilning 22-noyabr kuni madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish, xususan, teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda sahna asarlarini yaratishda ijodiy hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash, dramaturgiya va rejissyorlikni rivojlantirish boʻyicha takliflar bildirildi. Xususan, teatr dramaturglari uchun Mahmudxoʻja Behbudiy, yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofotlarni taʼsis etish, “Nigoh” ijodiy loyihasini yoʻlga qoʻyish, milliy akademik musiqa sanʼati boʻyicha kompozitorlar tanlovini oʻtkazish taklif etildi.
Joriy yilning 22-noyabr kuni «Madaniyat va sanʼat, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar ish haqi miqdorlarini oshirish toʻgʻrisida»gi PQ-400 -son Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi 2025-yil 1-yanvardan boshlab – 20 foizga, 2025-yil 1-iyuldan boshlab – yana 15 foizga oshiriladi. Bu birinchi navbatda, muhtaram Prezidentimizning koʻp ming sonli madaniyat va sanʼat sohasi xodimlariga nisbatan gʻamxoʻrligidir. Biz soha vakillari sifatida davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Prezidentimiz joriy yilning 20-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Parlamentiga Murojaatida:
“Bizning ikkita oʻqtomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri – iqtisodiyot, biri – maʼnaviyatdir. Maʼnaviy buyuk xalq – iqtisodiy tomondan ham buyuk boʻladi” deb taʼkidlagan edi. Zotan, madaniyat va sanʼat maʼnaviyatimizning ajralmas boʻlagidir.
Eldor Shermanov,
Yunus Rajabiy nomidagi oʻzbek milliy
musiqa sanʼati instituti rektori v.v.b.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
- “Qutadg‘u bilig” dostoni qo‘lyozmasining faksimile nusxasi yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring