Madaniyat va sanʼat qalblarni birlashtiradi

23:33 25 Oktyabr 2024 Jamiyat
377 0

Elyor HAYDAROV/“Xalq soʻzi”. Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida Xalqaro madaniy meros haftaligi doirasida “Yangi Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼat sohasidagi islohotlar” mavzusida xalqaro forum boʻlib oʻtdi. Unda chet el hamda mahalliy tashkilotlar, idoralar rahbarlari, madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari, shuningdek, yozuvchi-shoirlar, jurnalistlar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Tadbir avvalida yurtimizda madaniyat va sanʼat sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida videolavha namoyish etildi. Shundan soʻng, madaniyat vaziri mavzu boʻyicha taqdimot qildi.

Forumda qator xalqaro va mahalliy ekspertlarning maʼruzalari tinglandi. “Oʻzbekiston — Ozarbayjon oʻrtasidagi madaniy aloqalar”, “Madaniy meros Turkiston birligining halqasidir”, “Oʻzbek — qirgʻiz xalqlari oʻrtasidagi tarixiy va madaniy aloqalar” mavzularidagi chiqishlar shular jumlasidan.

— Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati bilan yaqindan tanishar ekanman, yuragimni oʻzgacha nurli his egallaydi, — deydi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibi Sulton Rayev. — Ular menga begʻubor, totli bolalik damlarimni yodga soladi, desam, xato emas. Men qirgʻiz yurtida oʻzbeklar orasida ulgʻayganman. Xalqlarimizning tomirlari tutash. Madaniyatiyu sanʼati, urf-odat va anʼanalari, orzu-maqsadlari mushtarak. Bizni faqat qardoshlik rishtalarigina emas, insonga, borliqqa, sanʼat va madaniyatga, ezgulik va yovuzlikka yakdil munosabatlarimiz ham birlashtirib turadi. Yurtingizda madaniyat va sanʼat rivojiga qaratilayotgan eʼtibor butunlay yangi darajaga koʻtarilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan xalqaro tadbirlar, yosh iqtidorlarni kashf etish va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar soʻzimiz isboti. Haftalik davomida biz bunga yana bir bor amin boʻldik.

Forumda Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan “Tirik tarix” loyihasi hamda Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasi tomonidan chop etilgan “Turkiy tilli davlatlar milliy musiqa cholgʻulari” kitobi taqdimotlari tashkil etildi. Shuningdek, oʻzbek milliy cholgʻulari koʻrgazmasi hamda “Choʻlpon” spektaklining namoyishi ham ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?