Madadga muhtoj majmua

12:15 01 Avgust 2025 Jamiyat
214 0

Kalom ilmining buyuk dargʻalaridan biri Abul Moʻiyn an-Nasafiy Moturidiya taʼlimotining faol targʻibotchisi boʻlgan. Shu bois uning qabri Abu Mansur Moturidiy dafn etilgan Samarqandda deb hisoblab kelinardi. Tadqiqotlar, oʻrganishlar davomida bu ulugʻ zot qabri Qarshi tumanidagi Qovchin qishlogʻida ekanligi maʼlum boʻldi. Soʻng uning muqaddas dinimizni pok saqlash yoʻlidagi xizmatlari oydinlasha bordi.

Yana shuni ham anglab yetdikki, shunday ulugʻ ajdodimiz bor va u shundoqqina yonimizda ekanu, biz buni uzoq yillar bilmay yuravergan ekanmiz.

Shunga koʻra mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida aytgan fikrlari, xususan, Abul Moʻiyn an-Nasafiy abadiy qoʻnim topgan manzilni obodonlashtirib, bu yerni katta ziyoratgohga aylantirish hamda bu dargohda katta kutubxona tashkil qilish haqidagi koʻrsatma voha ahlini, barcha yurtdoshlarimizni nihoyatda quvontirdi.

Binobarin, bu maskan butun mahobatini namoyon etib, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar hozirlandi. Alloma maqbarasi, yangi masjid bilan birga kutubxona, novvoyxonayu qassobxona, hatto avtoturargohgacha bunyod etilgani elga manzur, koʻpga maʼqul boʻlgani rost.

Oʻsha tomonlarga oʻtgan kishi yaxshi biladi: Imom Moʻiyn majmuasidan 600-700 metr quyida Xoja Shamsiddin Halvoniy mangu qoʻnim topgan manzilgoh ham bor.

Avvalo, bu zotning kimligini bilib olaylik.

Bu shaxs Hanafiyya taʼlimotining ming yillar burun Movarounnahr zaminida keng yoyilishida birinchilardan boʻlib xizmat qilgan Shamsul-aimma al-Halvoniy nomi bilan dong taratgan mashhur zotdir.

“Imomi Haramayne” hamda “Shamsul-aimma” – al-Halvoniyga berilgan unvonlar boʻlib, ularning birinchisi unvon egasining oʻz vaqtida muqaddas Kaʼba va Madinadagi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam masjidiga imomlik qilganini bildirsa, ikkinchisi “Imomlar quyoshi” mazmunini anglatadi. Shu taʼriflarning oʻziyoq alloma oʻz vaqtida qay darajada ulugʻlanganini koʻrsatib turibdi.

Manbalarga koʻra, Shamsiddin Halvoniy as-Saraxsiy, “Faxrul islom” Ali Pazdaviy, Abulyusur al-Pazdaviy, az-Zaranjiy singari mashhur olimlarning ustozidir. “Faxrul islom” Ali Pazdaviy mashhur fiqh olimi Najmiddin Umar an-Nasafiyga, u kishi esa islom fiqhshunosligi namoyandasi, “Hidoya” asari muallifi Mavlono Burhoniddin al-Margʻinoniyga ustozlik qilgan. Bu ham Halvoniy ilmiy salohiyati nechogʻlik yuqori boʻlganini tasdiqlaydi.

Manbalarda Shamsiddin Halvoniyning fihq ilmiga oid “Al-Mabsut”, mavjudot va oʻsimliklar haqidagi “Zarin”, “Az-zumradul ahzar val yoqutul azhar” asarlari mavjudligi haqida maʼlumot berilgan.

Biroq shunday ulugʻ zot boʻlsa-da, uning qabri joylashgan hudud bugun nihoyatda xarob va qarovsiz holda ekani kishini taajjubga soladi, oʻylantiradi. Oʻz davrida oddiy paxsa va xom gʻishtdan mohirona tiklangan kulohi gumbazli majmua bugun asl qiyofasini yoʻqotgan. Yillar va tabiat hodisalari, kishilarning eʼtiborsizligi binoga oʻz taʼsirini oʻtkazgan. Qolganiga vahmak ham qarab turmagan: somonu yogʻoch bor yerni oʻyib ketavergan, qadimiy eshik va imoratning mayishib qolgani boisi shundan. Imorat devorlari yorilib, ancha joyi buzilib ham ketgan.

Vaholanki bu manzilda tarix mujassam. Gʻisht va sopol qoplamalar X-XII asrlarga taalluqli. Eng eʼtiborlisi, bu yerdagi maqbarada oʻzining tuzilish tarhi boʻyicha Qashqadaryodagi eng qadimiy qabr mavjud.

Oʻz bagʻrida ming yillik moziyni asrab kelayotgan mazkur majmua aro yurarkansan, uning gʻarib holini koʻrib, koʻngli oʻrtanadi kishining. Goʻyo bu imoratlar bolasining beparvoligi va loqaydligi sabab choʻkib qolgan otani yodga soladi. Hazrat Navoiy, Beruniy kabi ajdodlarimizning Afgʻonistondagi xarob qabrlarini televizorda koʻrib, dilimiz qancha ezilgandi, gʻamga toʻlgandi? Ular-ku boshqa davlat, lekin oʻzimizdagilar-chi? Ularning manzilgohlarini obod qilib qoʻyishga bizga nima yetishmayapti? Eʼtibormi? Hafsalami? Ragʻbatmi? Yoki biz Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam masjidiga imomlik qilgan va “Imomlar quyoshi” nomiga sazovor boʻlgan buyuk vatandoshimiz haqida hamon yetarli maʼlumotga ega emasmizmi?

Balki buni ayrim mutasaddilar unutgan boʻlsa bordir, bundan bir necha yil ilgari, aniqrogʻi, 2013-yil 1-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2013-2015-yillar davrida Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, unda Xoja Shamsiddin Halvoniy ziyoratgohini taʼmirlash uchun 100 ming AQSH dollari ajratilishi va taʼmirlash ishlari oʻsha yili noyabr oyidayoq tugallanishi koʻzda tutilgan edi. Mana, oz emas, koʻp emas, 12-yilga yaqin vaqt oʻtdi. Qaror koʻplarning esidan chiqib, ul hujjatning hujjatlik joyi ham qolmadi.

Toʻgʻri, bir muddat oldin maqbara binosi qad koʻtara boshladi, eski binolar loysuvoq qilindi, biroq keyin hammasi oʻz holicha qolib ketdi. Keyingi natija bilan birov qiziqmadi. Bu ishga masʼul muassasa – madaniy meros obyektlari inspeksiyasi, madaniy meros departamenti degan nomlarda faoliyat olib bordiki, bugun bu idora bor-yoʻqligini-da birov bilmaydi – boʻlgani-da, tayinli ishi, natijasi koʻzga tashlanardi.

Xullas, Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan ajratilishi kerak va bugun u qadar katta summa boʻlmay qolgan oʻsha 100 ming dollar nima qilindi, qayerga sarflandi, bunisi qorongʻi.

Nima boʻlganda ham vaqt ketkazmay ziyoratgohni tiklashga kirishish kerak. Boʻlmasa, yaqin-orada undan nom-nishon topolmay qolishimiz aniq. Haliyam loydan boʻlishiga qaramasdan bu imoratlar pishiq-puxta qurilgan ekan: bemalol undan nusxa olib, kirish peshtoqi, xoʻjalik xonalari va boshqa inshootlarni qayta tiklasa boʻladi.

Qolaversa, bir qishloqdagi ikki tarixiy majmua mutaxassis va sayyohlar oqimini ham koʻpaytirishi shubhasiz.

Holbuki islom olamida Imom Moʻiyn an-Nasafiyning xizmatlari qancha ulkan boʻlsa, Shamsiddin Halvoniyniki ham undan zinhor kam emas. Demakki, unga boʻlgan munosabatimiz ham shunga yarasha ulugʻvor boʻlishi kerak. Zimmamizdagi masʼuliyatni yanayam chuqurroq his etadigan boʻlsak, bu ziyoratgohni ham taʼmirlash va muhtasham manzilga aylantirish uchun yana Prezident tashabbus va tavsiyalarini kutib turish yarashmaydi. Qaytaga tashabbus oʻzimizdan chiqqani ayni muddao.

Bekzod SAYFIYEV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер