Litsenziyasiz “Umra” tadbirlarini amalga oshirayotgan turoperatorlar aniqlanmoqda
Bunday kafolatlanmagan xizmatlardan foydalangan 100 ga yaqin fuqarolar esa Makka shahrida bir qator noqulayliklarga duch kelishgan. Bu haqda Din ishlari boʻyicha qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Qoʻmitaga 93 nafar Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolari tomonidan murojaatlar kelib tushgan. Ular “Umra“ ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga borib, Makkada mehmonxonadan chiqarib yuborilgan hamda qaytish aviachiptalarisiz qolib ketishgan.
Bunga sabab ziyoratchilar tegishli litsenziyasiz, noqonuniy faoliyat olib borayotgan “Yusro Tour”, “Muslim Travel”, “Meta Travel”, “Elchi Travel” turoperatorlari orqali Saudiyaga borishgan.
Oʻzbekistonning Jidda shahridagi bosh konsulxonasi vakillari tomonidan holat oʻrganilganda, turfirma tomonidan mehmonxona pullari toʻlab berilmagani aniqlandi. Shu sabab fuqarolar mehmonxonadan chiqarib yuborilgan.
Aniqlanishicha, turfirma mehmonxonadan jami 35 ming dollar miqdorida qarzdor boʻlgan. Saudiyada qolib ketgan fuqarolar qaytarilib, noqonuniy faoliyat uchun jinoiy ish qoʻzgʻatildi.
Toshkentdagi “Yasin Travel” turfirmasi litsenziyaga ega boʻlmasdan 74 nafar fuqaroni ziyoratga yuborgan. Tashkilot fuqarolarga Saudiya Arabistonining “Saudi Digital Embassy” muassasasi orqali bir yillik sayyohlik elektron vizasini rasmiylashtirib bergan.
Turfirma vakillari oʻzbekistonliklarning Saudiyaga borish-qaytish aviachiptalari mavjudligini aytib, ularga elektron shaklini tashlab bergan. Biroq, Jidda-Toshkent yoʻnalishidagi bu chiptalar qalbaki boʻlib chiqdi. Holat yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatilib, tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanida yashovchi fuqaro O.M “Ultra parvoz” turfirmasi orqali fuqarolarni litsenziyasiz noqonuniy ravishda “Umra”ga yuborgan. Natijada bu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.
Namangan viloyatida fuqaro A.Gʻ “Atlas travel” turfirmasi orqali 30 nafar fuqaroni “Umra”ga yuborish uchun aviachipta va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 31 900 dollar olib, joriy yilning 8-noyabr kuni Toshkent-Dubay-Jidda yoʻnalishida Saudiyaga yuborgan. Biroq, fuqarolarning Oʻzbekistonga qaytishlari uchun aviachiptalarni rasmiylashtirmasdan 8 900 dollarni oʻzining ehtiyojlariga sarflagan.
Shuningdek, Fargʻona viloyatidagi “Mahdiy travel”, “Parvoz ekspress” hamda “Muhayyo 22−10” turfirmalari fuqarolarga tegishli litsenziyasiz noqonuniy faoliyat koʻrsatgani aniqlandi. Natijada ikkita firma rahbarlari va bitta fuqaroga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avvalroq, 12-oktyabr kuni “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish jarayonini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, endilikda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerak boʻladi.
Xususan, ular quyidagi talablarni bajarishlari kerak:
ziyoratchilarga guruh rahbari etib diniy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassisni tayinlash;
diniy taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim muassasasi yoki Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi boʻlgan kamida 1 nafar mutaxassisning mavjudligi;
voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat koʻrsatmaslik;
1 mln dollarni “Ziyorat” jamgʻarmasiga zaxira sifatida qoʻyish (oldin 100 ming dollar edi);
oʻz faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam boʻlmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
“Umra” xizmatini uchinchi davlatlar orqali koʻrsatmaslik;
xizmatlarni litsenziyadagi manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona va filial orqali koʻrsatish.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring