«Lison ut-tayr» va jahon adabiyoti

18:17 27 Yanvar 2023 Madaniyat
766 0

Foto: Arxiv surat

Alisher Navoiy tavalludining 582-yilligi

Alisher Navoiyning “Foniy” taxallusi bilan bitilgan «Lison ut-tayr» asari oʻzbek adabiyoti, qolaversa, jahon adabiyotining ham eng yuksak namunalaridan biri hisoblanadi. Binobarin, bu asarning oʻzbek adabiyotida ham, jahon soʻz sanʼatida ham alohida oʻrni bor.

Aslida «Lison ut-tayr»ning jahon adabiyotidagi oʻrni va ahamiyati alohida, maxsus monografik tadqiqotga asos boʻladigan katta va jiddiy mavzu. «Lison ut-tayr» va jahon adabiyoti masalasi, kamida, quyidagi uch yoʻnalishda tadqiqot olib borishni taqozo etadi:

1. «Lison ut-tayr»– jahon adabiyotining sinkretik hosilasi sifatida.

2. «Lison ut-tayr»ning jahon adabiyotida tutgan oʻrni va mavqeyi.

3. «Lison ut-tayr»ning jahon tillariga tarjimalari. Ammo biz bu maqolamizda dostonning qiyosiy poetikasini tadqiq etish uchun zarur boʻlgan darajadagina bu masalaga bir oz oydinlik kiritib oʻtishnigina maqsad qildik.

Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» asarigacha ham qushlar timsollari asosida yozilgan asarlar mavjud edi. Abu Ali ibn Sinoning (980 – 1037) «Risolat ut-tayr»[1], Abu Homid Muhammad Gʻazzoliyning (1040 – 1111) ham xuddi shu nomdagi «Risolat ut-tayr», Shahobiddin Suhravardiyning (vafoti – 1191) «Risolayi musammo ba safari Simurgʻ» asarlari yozilgan edi. Farididdin Attor ana shu anʼanani davom ettirib, ajoyib, oʻziga xos, goʻzal doston yaratgan. Navoiy «Lison ut-tayr»da uni Attorning eng zoʻr asari, deb hisoblaydi. Attor bu dostonni yozishda, xususan, Gʻazzoliydan taʼsirlanganini nemis olimi Helmut Ritter, chex tadqiqotchisi Yan Ripka, Eron tasavvufshunosi Badiuzzamon Firuzonfarlar alohida taʼkidlashgan.

Xoja Ahmad Yassaviy hamda Hakim Ota – Sulaymon Boqirgʻoniy yoʻlida ijod qilgan oʻtmish turk shoiri Yunus Emroning 1307-yili yaratilgan «Risolat un-nusʼhiya» (“Nasihatlar risolasi”) degan dostoni bor. Unda majoziy hikoyatlar orqali koʻp insoniy fazilatlar koʻrsatib beriladi va talay illatlar ochib tashlanadi. Chunki har bir kishi ong-tafakkuri va ruhiyatida bu ikki qarama-qarshi kuch oʻrtasida keskin kurash ketadi. Odamdagi bu ichki kurash maydonini shoir Aql podshohlik qiladigan katta shaharga oʻxshatadi.

Oradan oʻn yil oʻtib, Attorning «Mantiq ut-tayr» asari yaratilganidan esa bir asr oʻtib, 1317-yilda XIII – XIV asrlarda yashagan turk shoiri Gulshahriy «Mantiq ut-tayr»ga javoban shu nomda doston bitadi. Unda shaharlik hunarmand axiylar tariqatining gʻoyalari ilgari surilgan. Adabiyotshunos I.Borolina gʻoyaviy-badiiy jihatdan bu asarning Yunus Emroning «Risolat un-nusʼhiya»si bilan ham yaqinlik borligini qayd etadi. Shunga koʻra, taxmin qilish mumkinki, Yunus Emroning dostoni bilan Gulshahriy «Mantiq ut-tayr» oʻrtasida bilvosita yaqinlik mavjud. Gulshahriyning «Mantiq ut-tayr»asari Navoiydan oldin Attor dostoniga turkiy tilda bitilgan ilk javobiya edi.

Gulshahriy asari yaratilganidan roppa-rosa 181-yil kechganidan keyin Foniyning «Lison ut-tayr»asari bitildi. Biroq «Lison ut-tayr»da ham, Navoiyning boshqa asarlarida ham Gulshahriy va uning dostoni mutlaqo tilga olinmaydi. Taxmin qilish mumkinki, Navoiyning bu shoir haqida maʼlumoti ham, u turkiy tilda yaratgan «Mantiq ut-tayr»dan xabari ham boʻlmagan. Aks holda, turkiy sheʼriyat bayroqdori boʻlgan bu ulugʻ zot ijodining tabiatiga koʻra, buni biror yerda albatta, qayd etgan boʻlar edi. Navoiy Gulshahriy dostonidan xabardor boʻlgan-boʻlmagani haqida hech qanday maʼlumotga ega emasmiz. Chunki shoir asarlarining hech birida Gulshahriy yoki uning «Mantiq ut-tayr»i tilga olinmagan. Kitoblar faqat qoʻlyozma nusxa sifatida bir necha donagina bitilib, tarqaladigan, bir mamlakatdan ikkinchisiga yakkash karvonlar vositasidagina tovarlar olib kelinadigan oʻtmish zamonlarda Turkiyada bitilgan asar Xurosonga yetib kelmaganiga tabiiy bir hol, deb qarash toʻgʻriroq boʻlsa kerak.

Shuning uchun «Lison ut-tayr»ga Gulshahriy «Mantiq ut-tayr»asarining taʼsirini izlash mantiqsiz. Maʼlum boʻladiki, Attorga Gulshahriy oʻzicha, Foniy oʻzicha nazira bitgan.

Attorning «Mantiq ut-tayr»dan boshqa asarlari ham musulmon Sharqi xalqlari orasida, ayniqsa, forsiy va turkiy adabiy maydonda juda mashhur boʻlgan. Uygʻur olimi Aziziyning maʼlumot berishicha, “Pandnoma” Oʻrta Osiyodagi turkiy xalqlar oʻrtasida oʻquv qoʻllanmasi sifatida foydalanilgan, «Muxtornoma» Sulton Salim davrida (1466 – 1574) usmonli turk tiliga tarjima qilingan, «Musibatnoma» esa Sulton Murodning topshirigʻi bilan Pirmuhammad tomonidan «Tariqatnoma» degan nom bilan usmonli turkchasiga oʻgirilgan, aynan shu hukmdor topshirigʻiga koʻra, «Ilohiynoma»ni Shamsiddin Ahmad Sivosiy usmonli turkchaga oʻtkazgan, “Pandnoma”ni 1899-yili Ubaydullo usmonli turkchaga agʻdargan, 1873-yili «Tazkirat ul-avliyo»ning usmonlicha tarjimasi Qozon dorulfununi matbaasida nashr qilingan.

Aziziy keltirgan yana bir maʼlumotga koʻra, XVIII asr boshlarida yashagan Ibrohim ibn Yusuf al-Xoʻtaniy uygʻur tilida «Mantiq ut-tayr» nomli yetuk ijodiy barkamol bir asar yaratgan. Ammo badiada bu asarning qoʻlyozmasi qayerda saqlanishi, uning nashri amalga oshirilgan-oshirilmagani haqida hech narsa deyilmagan. Xitoy Xalq Respublikasining Shinjong muxtor rayonida yuz berayotgan hozirgi murakkab vaziyat bu tarjima matnini qoʻlga kiritishga imkon bermadi. Shuning uchun Xoʻtaniy asari bilan «Lison ut-tayr» oʻrtasidagi aloqamandlik haqida bir narsa deya olmaymiz. Har holda, bu adabiyot tarixidagi «Mantiq ut-tayr»ga turkiy tilda bitilgan uchinchi nazira edi.

XVIII asrda xorazmlik oʻzbek shoiri Mavlono Xoja Qozi Payvandiy Rizoiy ham «Mantiq ut-tayr» degan doston yozdi. Bu Attor dostoniga turkiy tilda bitilgan toʻrtinchi nazira edi.

Rizoiyning esa Navoiy «Lison ut-tayr»ini bilmasligi – mantiqqa zid. Ammo bu xorazmlik shoirimiz oʻz asarining biror yerida Navoiyni, uning «Lison ut-tayr»asarini tilga olmagan. Shunga qaramasdan, bu dostonni tadqiq etib nashr qildirgan adabiyotshunos Shafoat Hasanova Rizoiyning “Navoiy ijodidan serunum foydalangan”i hamda ulugʻ shoir va mutafakkirdan “ozuqa olish bilan birga, uning barhayot anʼanalarini oʻz davriga mos ravishda va ijodiylik talablariga rioya qilgan holda davom ettirgan”ini alohida qayd etadi.

Bitta forsiy dostonga toʻrtta turkiy nazira doston bitilgani – jahon adabiyoti tarixida favqulodda noyob hodisa. Toʻrttalasi uchun ham asosiy manba, yaʼni dominanta boʻlgan asar – «Mantiq ut-tayr». Hammasi aynan ramali musaddasi mahzuf (yoki maqsur), yaʼni «foilotun foilotun foilun (yoki foilon)” vaznida bitilgan. Taqteʼsi: – V – – / – V – – / – V – (yoki – V ~). Yaratilish davriga koʻra, Navoiyning «Lison ut-tayr»i shu uch dostonning oʻrtasida turibdi. Ammo hozircha ilmda Attorning bu masnaviysiga forsiy tilda birorta tatabbuʼ qilingani maʼlum emas.

Shu tariqa qoʻlimizda bir mavzudagi besh masnaviy mavjud: Attor va Gulshahriylarning «Mantiq ut-tayr»i, Foniy (Navoiy)ning «Lison ut-tayr»i, Xoʻtaniy va Rizoiylarning bir nomdagi «Mantiq ut-tayr»asarlari. Ana shu besh asarni oʻzaro qiyoslab, izchil tadqiq etish adabiy taʼsir, badiiy tarjima, tipologiya, qiyosiy poetika va boshqa adabiy sohalarga doir muhim ilmiy xulosalarga kelish uchun asos boʻlishi aniq. Bu bevosita Navoiy mahoratini yanada yorqinroq koʻrsatish imkonini ham beradi. Ammo bu alohida tadqiqot mavzusi.

«Lison ut-tayr» oʻtgan asrlardan oʻzbek adabiyotining jahon sharqshunosligi diqqat markazida turgan asarlaridan biri. Turk adabiyotshunosi O.Levend “Alisher Navoiy” asarining 4-jildida «Lison ut-tayr»ni ayrim qisqartirish va izohlar bilan nashr etib, turk kitobxonlari hukmiga havola etdi. Rus turkshunosi S.Ivanov dostonni eski oʻzbek tilidan baytma-bayt sheʼriy tarjima qildi. Oʻtmish adabiyot namunasi ekanidan, unda aks etgan hayot, koʻtarilgan masalalar bugungi rus oʻquvchisi uchun toʻla tushunarli emasligidan kelib chiqib, tarjimon oʻz tarjimasiga koʻpdan-koʻp izoh va sharhlar bitgan. Bular asarni tushunishni osonlashtiradi. Keyinchalik tarjimon oʻz tajribalari tahlilidan kelib chiqqan holda kattagina bir ilmiy maqola ham yozdi. U oʻzbek tilida ham chop etildi.

«Lison ut-tayr»ning asosiy qismini Sh.Sharipov, ayrim boblarini V.Rahmonov amalga oshirgan hozirgi oʻzbek tilidagi nasriy bayoni yaratildi. Ana shu nasriy bayon kanadalik tarjimon G.Dik va oʻzbekistonlik olim N.Qambarov tomonidan birinchi bor ingliz tiliga tarjima qilindi. Oradan 3 yil oʻtib, «Lison ut-tayr»ning ana shu nasriy bayoni asosidagi ikkinchi inglizcha tarjimasi dunyoga keldi. Bu safar uni amerikalik tarjimon D.Rodhiver va oʻzbek tilshunosi Sh.Azimov amalga oshirdi. Dostonni keyinchalik Manzar (bu adib haqida maʼlumotlar yoʻq) ham hozirgi oʻzbek tilidagi nasriy bayonini amalga oshirgan.

Navoiy asarlari Turkiya Respublikasida professor Kamol Eraslan tashabbusi va zahmatli mehnati bilan 10 jildlik tarzida chop etilgan. «Lison ut-tayr» uning birinchi jildini tashkil etgan. Asar matni aynan, lekin lotin yozuvi asosidagi transkripsiya yoʻli bilan bosilgan, unga koʻp izohlar ilova qilingan. 2014-yili Varshavada Navoiy «Lison ut-tayr»asarining Yanosh Kjijovskiy amalga oshirgan polyakcha tarjimasi nashr etildi. «Lison ut-tayr»ning ruscha, polyakcha va inglizcha tarjimalari ularni oʻzaro qiyoslash asnosida tadqiq etish, shu tariqa oʻzbek adabiyoti yuksak namunasining gʻarb olamiga kirib borishi jarayonlarini teran yoritish imkonini beradi. Bu tarjimashunoslik va qiyosiy adabiyotshunoslik yoʻnalishidagi ajoyib bir tadqiqotga mavzu boʻladi.

Yevropa, jumladan, rus, polyak va ingliz oʻquvchisining islom dini, tasavvuf mohiyati haqidagi tasavvurlari qay darajada ekanligini koʻz oldimizga keltirish unchalar qiyin emas. Ammo «Lison ut-tayr»ni sof dunyoviy maʼnoda tushungan taqdirda ham, u oʻquvchiga kamida bosh, asl, birlamchi maqsadga yetish yoʻlida inson qanday qilib asosiy boʻlmagan, ikkinchi darajali maqsadlardan voz kechishi mumkinligi yoʻlini koʻrsatadi. Agar kimki bu dunyoda, qaysi sohada boʻlmasin, oʻzini oʻstirib, boshqalardan bir bosh balandroq pogʻonaga koʻtarilgan boʻlsa, bilingki, u umri davomida birinchi darajali maqsadga yetish uchun ikkinchi darajali maqsadlardan voz kechish yoʻlidan yurgan. «Lison ut-tayr» shunga oʻrgatadi. Shuning uchun ham bu doston juda buyuk asar. Umuman, «Mantiq ut-tayr» va turkiy adabiyot» degan katta va jiddiy bir mavzu ham oʻz tadqiqotchilarini kutib yotibdi. «Mantiq ut-tayr»ning fors-tojik adabiyotiga taʼsiri» masalasi ham alohida bir mavzu.

Yana bir haqiqatni tan olishimiz kerak. Boshqa bir tildagi asarni koʻngildagidek oʻgirishda tarjima tilidagi milliy adabiyotda shunga mos va muvofiq muayyan anʼanalar shakllangan boʻlsa, ish ancha oson kechadi. Toʻgʻri, «Mantiq ut-tayr» taʼsirida «Lison ut-tayr» dunyoga kelgan. Lekin oradan 5 asrcha vaqt oʻtganidan keyin «Mantiq ut-tayr» oʻzbek tiliga oʻgirilayotganda aynan ana shu «Lison ut-tayr» anʼanalari qoʻl keldi. Chunki bizda ramali musaddasi mahzuf (yoki maqsur) vaznida doston bor. Bu «Lison ut-tayr».

Eng muhimi, Oʻzbekiston xalq shoiri Jamol Kamol «Mantiq ut-tayr» tarjimasiga «Lison ut-tayr»dan toʻla boxabar holda kirishdi. Tarjima tilidagi milliy adabiyotning bu yodgorligi tarjimon uchun tappa-tayyor adabiy-lisoniy xazina vazifasini oʻtadi. Boshqacha aytganda, oʻzbek adabiyoti bisotida «Lison ut-tayr» borligi uchun ham bu tarjima ravon bir maromda amalga oshgan. Nazariy jihatdan olib qaraganda, endi ramali musaddasi mahzuf (yoki maqsur) vaznida bitilgan dostoni yoʻq xalqlar, misol uchun, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq yoki, boringki, xakas, oltoy, yoqut tillariga «Mantiq ut-tayr»ni tarjima qilish mushkulotini koʻz oldimizga keltiraylik. Gap faqat mushkulotda ham emas. Til yoki adabiyotgina emas, hatto kitobxonda ham bu tipdagi dostonni bor latofati bilan qabul qilish koʻnikmalari ham yoʻqda. Bu tillarga Attor dostonidan barmoq vazniga solib oʻgirishga toʻgʻri keladi. Bunda asarning badiiy jozibasi qanchalar boy berilishini ham tasavvur qilish mumkin. «Lison ut-tayr»ning «Har ne istarsen, oʻzungdin istagil» misrasidagi gʻoya, aslida, tasavvuf uchun yangilik emas. Uni, masalan, sheʼriy yoʻl bilan Jaloliddin Rumiy yoki boshqa shoirlar ham aytgan. Jamol Kamol shu «Mantiq ut-tayr» tarjimasida «Lison ut-tayr»dagi tappa-tayyor “qolip”ning oʻzidan foydalanib, birinchi satrni Har ne istarsen, degil ondin aziz” deya boshlaydi. Holbuki, bugungi tilda bu maʼno: “nimaiki istasang” tarzida ifodalangan boʻlur edi. Shu tarjimada ikkinchi misra “Har ne dersan...” va birinchi qator “Har ne aytarsen...”[2] tarzida boshlanadi. Jamol Kamol Rumiyning 6 daftardan iborat “Masnaviyi maʼnaviy” asarini ham oʻz vazni bilan oʻzbek tiliga oʻgirdi. Bu ham aynan ramali musaddasi mahzuf (yoki maqsur) vaznida bitilgan asar. Bunda ham shoirga «Lison ut-tayr»ning uslubiy anʼanalari juda qoʻl kelgan. Hatto tarixiy iqlim (kolorit)ni aks ettirish uchun ham tarjimon tilimizning «Lison ut-tayr»dagi mavjud shakllarga suyanadi.

2005-yilda ushbu satrlar muallifi va taniqli rejissyor Avliyoquli hamkorligida «Lison ut-tayr» spektakli ssenariysi yaratildi hamda Oʻzbekiston va bir necha xorijiy davlat sahnalarida qoʻyildi. Bunda tamoman oʻziga xos bir yoʻl tutildi. Spektakl shiru shakar usulida, yaʼni ikki tilda – oʻzbek va tojik tillarida tayyorlandi. Oʻzbekcha matnlar faqat «Lison ut-tayr»dan, tojikcha baytlar faqat «Mantiq ut-tayr»dan aynan, yaʼni hech qanday oʻzgarishlarsiz olindi. Ammo ssenariy mualliflari bu ikki doston asosida tamoman oʻziga xos syujet yaratishdi.

«Lison ut-tayr»ning taʼsiri faqat adabiyot doirasi bilan cheklanib qolmadi. Oʻzbek rassomchiligida shu doston syujetlari asosida koʻplab asarlar yaratilgan. Oʻzbekiston sanʼat arbobi M.Bafoyev feriya janrida «Lison ut-tayr»degan yirik asar yaratdi. Unda doston mohiyati musiqa tili bilan ochib beriladi.

Bularning hammasi buyuk Navoiyning har bir dostonini jahon adabiyoti maydonidan turib tahlil qilish vaqti kelganini koʻrsatadi.

Sultonmurod Olim,

filologiya fanlari nomzodi,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?