Limon koronavirusdan himoya qiladimi? JSST izoh berdi

03:13 09 Aprel 2020 Lifestyle
1989 0

Illyustrativ surat

Koronavirus infeksiyasi tarqalish surʼati tobora kengayib bormoqda. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, dunyoda ushbu infeksiyani yuqtirganlar soni 1,5 million nafardan ortdi. Ushbu kasallikdan hayotdan koʻz yumganlar esa 90 mingga qarab ketyapti.

Ammo ushbu kasallikka qarshi hali biron bir samarali dori vositasi va davo usuli hozircha topilmadi. Shu bois koʻpchilikda umidsizlik, stress yuqori. Tabiiyki, ana shunday vaziyatda koʻpchilikda oʻzini infeksiyadan himoya qilish istagi paydo boʻladi.

Eʼtiborli boʻling, ijtimoiy tarmoqlar, turli saytlarda tavsiya sifatida keltirilayotgan hamma profilaktik choralarni ham samarali deb boʻlmaydi.

Masalan, keyingi paytlarda limonning koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda foydali jihatlari haqida juda koʻp maʼlumotlar tarqatilmoqda. Bunday mujdalar ortidan ushbu mahsulotning narxi keskin oshib ketdi. Oldinroq sarimsoq piyoz haqida ham shunday maʼlumotlar tarqatilgan edi.

Albatta, sitrus mevalari organizm uchun foydali boʻlgan C vitamini yoki askorbin kislotaning manbai hisoblanadi. Ammo bu limon koronavirus infeksiyasidan himoya qilishiga kafolat degani emas.

Ushbu masala yuzasidan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) oʻz munosabatini bildirdi. Batafsil maʼlumotlar muassasaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilindi.

JSST tomonidan izohlanishicha, hozirgi paytda olimlar limonning COVID-19ga qarshi profilaktika sifatida foydalari haqida dalillarni taqdim etishmagan.

Biroq, tashkilot vakillari sitrus mevalarini, shuningdek, har qanday sabzavot va mevalarni yetarli miqdorda isteʼmol qilishni tavsiya etadilar. Bu sogʻlom ovqatlanish shartlaridan biridir.

Shuningdek, JSST mutaxassislari limon isteʼmol qilib, inson oʻzini yaxshi his qilsa, bu pandemiyadan himoyalanishga oʻziga boʻlgan ishonchni oshirishi mumkin, deya hisoblashmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?