“Leapmotor” sotuviga ayrim shartlar asosida ruxsat berildi

10:36 15 Aprel 2025 Jamiyat
106 0

Oʻzbekistonda Xitoyning “Leapmotor” avtomobillari savdosiga shartlar asosida ruxsat berildi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi matbuot xizmati xabar qildi.

Joriy yilning 10-mart kuni Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi davlat muassasasi (UzTest) laboratoriyasida ushbu avtomobilning “C16” modeli sinovdan oʻtkazilgani, tekshiruv natijalari avtomobil BMT tomonidan belgilangan xalqaro xavfsizlik talablariga javob bermasligini koʻrsatgani maʼlum qilingan edi.

Taʼkidlanishicha, ushbu transport vositasida hosil boʻladigan elektromagnit shovqin darajasi ruxsat etilgan chegaradan 16 barobar oshib ketgani xavfsizlik talablarining buzilishi hisoblanadi.

Ushbu nomuvofiqlik avtomobildagi elektronika va boshqa qurilmalarning ishlashiga taʼsir qilishi va ayrim hollarda tizimning ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin.

Keyinroq Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchisi boʻlgan “Leapmotor” Oʻzbekistonda avtomobillarining sertifikatlanishi toʻxtatilgani yuzasidan izoh berdi.

Xabarda testga yuborilgan avtomobil ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etilmagani va bu juda muhim omil ekanini qayd etgan.

“Avtomobilni testga yuborishdagi holatlar va testlar qanday sharoitda oʻtkazilgani bizga nomaʼlum. Shu sababli, biz test natijalariga norozilik bildiramiz. Shaffof va obyektiv sinovlar orqali “Leapmotor” mahsulotlarining haqiqiy holati baholanishiga umid qilamiz” deyiladi izohda.

Kompaniya mazkur masala boʻyicha Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlikda ishlayotganini va testlarni takroriy oʻtkazish rejalashtirilayotganini bildirdi.

Shundan soʻng, “UzTest” Oʻzbekistonda “Leapmotor” brendiga tegishli yengil avtomobillar importiga qoʻyilgan cheklov qayta koʻrib chiqilishini maʼlum qildi.

Gu Jiven boshchiligidagi delegatsiya 2025-yilning 7-aprel kuni “UzTest”ga tashrif buyurgan hamda yuqoridagi masala yuzasidan muhokama oʻtkazgan.

Shundan soʻng kompaniya tomonidan “Leapmotor” tovar belgili “C16” rusumli 2 ta avtotransport vositasi Oʻzbekistonga import qilinib, kecha, 14-aprel kuni Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Piskent tumanida joylashgan “Elektromagnit moslashuvchanlik sinov laboratoriyasi”da BMTning 10-son qoidalarida belgilangan tartibda qayta sinovdan oʻtkazilgan.

Takroriy sinovlar yakunida kompaniyaning “C16” rusumli avtotransport vositasi BMTning 10-son qoida talablariga muvofiq deb topilgan. Shu bois “Leapmotor” kompaniyasiga quyidagi shartlar asosida mazkur tovar belgili avtotransport vositalarini respublikada muomalaga chiqarilishiga ruxsat berilgan:

  • “Leapmotor” tovar belgili avtotransport vositasining nomuvofiqligi aniqlanganda ularni bartaraf qiluvchi hamda isteʼmolchiga yetkazilgan zararni qoplovchi ishlab chiqaruvchining rasmiy vakili — Oʻzbekistonda rezident hisoblangan yuridik shaxsni belgilash;
  • Respublikaga import qilinayotgan “Leapmotor” tovar belgili barcha avtotransport vositalarining turini maʼqullash uchun zarur boʻlgan tegishli hujjatlarni taqdim qilish;
  • “Leapmotor” tovar belgili avtotransport vositalari ishlab chiqarilayotgan korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlari va shartlarini oʻrganish va baholash.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер