“9 nafar futbolchi 11 nafar futbolchiga qarshi”: Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo kubogi sohibiga aylandi

22:03 20 Aprel 2025 Sport
451 0

Saudiya Arabistoni yashil maydonlarida oʻtkazilayotgan 17 yoshgacha futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo kubogi musobaqasi oʻz yakuniga yetdi. Ahamiyatlisi shundaki, ushbu turnirning final bahsida Oʻzbekiston terma jamoasi musobaqa mezboni hisoblangan Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi saf tortdi.

Oʻyinning birinchi boʻlimi hamyurtlarimiz uchun omadsiz yakunlandi. Tengkurashlar ostida oʻtgan dastlabki 45 daqiqalikning 40-daqiqasida terma jamoamiz futbolchisi Nurbek Sarsenbayevga qizil kartochka koʻrsatildi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay birinchi boʻlimning soʻnggi, 45-daqiqasida Miraziz Abdukarimov saudiyaliklar hujumchisini qoʻpollik orqali toʻxtatib qoldi. Uchrashuv hakami hamyurtimizga qizil kartochka koʻrsatdi. Birinchi boʻlim shu tariqa yakunlandi.

Ikkinchi boʻlim ikki kishi kam boʻlib qolgan hamyurtlarimiz ustunligida boshlandi. Ketma-ket hujumlarimiz natijasida, 50-daqiqaga kelib, raqib himoyachisi oʻz jarima maydonchasi ichida toʻpni qoʻli bilan oʻynadi. Ushbu holatni VAR tizimi orqali tekshirgan bosh hakam saudiyaliklar darvozasiga penalti belgiladi. Ushbu 11 metrlik jarima zarbasidan futbolchimiz Muhammad Hakimov unumli foydalandi hamda hisobni ochdi.

Ikkinchi boʻlimning qolgan qismida raqiblarimiz biroz faollik koʻrsatishdi. Bir qancha hujumlar himoyachilarimizning ishonchli harakatlari bilan bartaraf etgan boʻlsa, darvozabonimiz ham super seyvlar evaziga darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldi. Uchrashuvning 70-daqiqasiga kelib, futbolchimiz Sadriddin Hasanov darvozabonimizning ajoyib uzatmasini raqibning ikki nafar himoyachisini dogʻda qoldirgan holda darvozabonning oyoqlari orasidan oʻtkazib, golga aylantirdi. Shu tariqa, maydonda harakat qilayotgan 9 nafar futbolchimiz 11 nafar futbolchiga qarshi 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi.

Uchrashuvning qolgan vaqti davomida saudiyaliklar qanchalik hujum qilishga urinmasin, himoyachilarimiz ishonchli harakatlari evaziga golli vaziyatlar yarata olishmadi. Uchrashuv 2:0 hisobida hamyurtlarimizning gʻalabasi bilan yakunlandi.

Shu tariqa Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Saudiya Arabistonida oʻtkazilgan 17 yoshgacha futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo kubogi turniri gʻolibiga aylandi.

Islom Ismoilov boshchiligidagi Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi turnirni juda yaxshi oʻtkazdi. Guruh bosqichida dastlab Tailandni 4:1 hisobida magʻlub etgan yurtdoshlarimiz, ikkinchi turda Xitoy ustidan 2:1 hisobida irodali gʻalabaga erishib, guruh bosqichi va jahon chempionati yoʻllanmasini hal qilgan edi. Uchinchi turda mezbon Saudiya Arabistoniga qarshi rasmiyatchilik uchun oʻtkazilgan oʻyinda ham 3:0 hisobida gʻalaba qayd etilgandi.

Pley-off bosqichida esa avvaliga BAA 3:1 hisobida taslim etildi, yarimfinalda esa KXDR darvozasiga javobsiz 3 ta toʻp kiritdi.

Maʼlumot uchun, terma jamoamiz turnirning guruh bosqichini 100 foizlik natija bilan yakunlagan hamda joriy yilning 3–27-noyabr kunlari Qatar maydonlarida oʻtkaziladigan jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер