Kutilgan natijaga ellik yilda yetdim
Quvasoyning ertalabki havosidan bir oz asal hidi keladi. Ana shu ifor bilan nafas olib, umrini asalarilar orasida oʻtkazgan 71 yoshli asalarichi Gʻanijon Yoʻldoshevni Fargʻona vodiysida tanimaydiganlar kam. Asalarichilik — uning kasbi emas, taqdiri. Bu muhabbat yillar davomida yoʻqolmadi, aksincha, avloddan avlodga oʻtib, butun oilaga singdi. Bugun uning oʻgʻillari — Rasuljon, Xurshid va Asilbek ham ota yoʻlini davom ettiryapti. 16 nafar nabira esa bobosining har bir harakatini diqqat bilan kuzatib, asalarilar tilini oʻrganyapti. Goʻyo bu xonadonda asalari shovqini bilan bolalarning kulgisi qorishib ketgandek.
— Asalarilarni sevmasang, ular senga asal bermaydi, — deydi Gʻanijon ota. — Bunga qalb kerak. Albatta, oʻz ishimni yaxshi koʻraman. Asalarichilik oson ish emas, u kasb asalari zahriga allergiyasi borlar uchun mos kelmaydi, chunki bitta chaqish ham allergiklar hayoti uchun katta xavf tugʻdiradi. Asalarichining esa doim qoʻli ostida doridor jamlanmasi boʻlishi shart — u nafaqat oʻziga, balki atrofdagilarga ham kerak boʻladi. Bizning ishimiz bahorda boshlanadi. Ilk gullar ochilishi bilan asalarilar osmonga koʻtariladi. Bitta asalari bir kilogramm asal yigʻish uchun minglab kilometrlarga teng masofani bosib oʻtadi, 75 mingta gulga qoʻnadi. U gul iforini 30 kilometr uzoqdan his qiladi va yoʻlni hech qachon adashtirmaydi. Ammo asalarilar qolishi uchun inson ularga tabiatdan ham yaxshiroq sharoit yaratishi kerak.
Gʻanijon ota yaxshi biladi: asalarichilik kitob bilan oʻrganiladigan hunar emas. U tajriba, mehnat, vaqt va sabr talab qiladi. Shu sababli, u nafaqat yurtimizda, balki Ukraina, Isroil, Ispaniya, Rossiya va Qozogʻistondagi asalarichilar bilan tajriba almashib keladi. Uning mehnati xalqaro maydonda ham eʼtirof etilgan.
Uning xonadon kutubxonasi — asalarichilik tarixiga boy. U esa bu bilimlarni oʻzigina saqlab qolmadi. Mahallada ishsiz yurgan 20 nafar yoshni shogirdlikka oldi. Natijada asalarichilik “Bunyodkor” mahallasi uchun ish va asosiy daromad manbaiga aylandi.

Bugun 30 sotixli hovli gulzorga oʻxshaydi. Asalari uyalari qator-qator tizilib, mehnat qilayotgan tirik organizmdek jimjit joʻsh urib turadi. Bu yerda ustaxona bor, mahsulotlar koʻrgazmasi bor, mehmonlar uchun doim eshik ochiq. Bu xonadonga kirgan odam asal bilan birga mehr ham olib chiqadi.
— Hozir xoʻjaligimizda 400 ta asalari qutisi bor, — deydi otaxon. — Har yili 5–6 tonna tabiiy, shifobaxsh asal olamiz. Yangi zotlarni olib kelib, mahalliy sharoitga moslashtiryapmiz. Bu — kelajak uchun sarmoya.
Bu xonadonda asal oddiy shirinlik emas — u davo. Kimdir kamqonlik bilan keladi, kimdir holsizlik bilan. Har bir kasallikka yarasha asal bor. Ayrim paytlarda bitta asal moʻmiyosi oʻnlab dorilardan koʻra kuchliroq taʼsir qiladi. Gʻanijon ota bahor va yozni togʻlaru bogʻlarda oʻtkazadi. Qish esa sinov fasli. Har bir asalari uyasiga 8–10 kilogramm asal qoldiriladi. Chunki asalarichi oʻz mehnatdoshini qishda och qoldirmaydi.
— Asalarilar — dehqonning hamkori, tabiatning posboni, — deydi u. — Ular boʻlmasa, hosil ham kamayadi. Qishloq xoʻjaligida asalari beminnat, bechiqim dastyor. Afsuski, tabiat musaffoligi, ekologiyaga jiddiy zarar yetkazilayotgani sababli keyingi yillarda asal yigʻish salmogʻi kamayib bormoqda. Shu bois erta bahordan baland togʻlar, kimyoviy moddalardan xoli bogʻlarni izlashadi. Asalari pokizalikni, toza havo, gullarni yaxshi koʻradi.
Oʻrik, shaftoli guli, yantoq, paxta maydonlari atrofida yaxshi hosil olish mumkin. Qovun-tarvuz paykallari asalari immunitetini oshiradi. Ibn Sino bobomiz ham “Tib qonuni”da asal 20 dan ortiq kasalliklarga shifo va malhamligini qayd etgan. U tabiiy antibiotik, oshqozon-ichak kasalliklari, jigarni tiklash, qonni tozalash, immunitetni oshirishda gʻoyatda foydali. Misol uchun, propolis yunonchada qalʼa, doira degan maʼnoni bildiradi. Uning isteʼmoli inson ichki organizmini turli viruslar, kasalliklardan qalʼa devori kabi toʻsib olishi allaqachon ilmiy jihatdan isbotlangan.

Agar taʼbir joiz boʻlsa, asalarichilar sulolasi xonadonidagi moʻjazgina ilmiy laboratoriya, ustaxona peshtoqiga “asalari – hakim dastyori, dehqon hamkori, hosil madori” deya yozib qoʻyilgani bejiz emas.
— Yaqinda Yaponiyadan uch marta xat keldi, — deya davom etadi Gʻanijon ota.—Unda katta miqdorda paxta gulidan olinadigan asal xarid qilish istagini bildirishgan. Chunki atom elektr stansiyalarida ishlovchilar uchun ana shunday asal isteʼmoli muntazam ravishda ovqatlanish meʼyoriga kiritilgan. Yapon olimlari ham paxta gulidan olinadigan asal atom nurini qaytarishda muhim omilligini isbotlashgan. Har kuni asalarilarim bilan gaplashaman. Boisi oilamizning farovon yashashiga sababchi boʻlayotgani, elu yurtimizning rizqini ulugʻ qilayotgani uchun mitti doʻstlarimdan doimo minnatdorman.
Bugun Fargʻona vodiysida asalarichilikni rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy markazning tashkil etilishi ham ana shu qadriyatlarga boʻlgan eʼtibor samarasidir. Ilm, tajriba va hamkorlik uygʻunlashgan bu maskan asalarichilikni yangi bosqichga olib chiqish, tabiat bilan hamnafas yashash madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Asalaridan oʻrnak olgan inson ham halol mehnat, poklik va hamjihatlik bilan yashasa, mehnatining samarasi albatta, shirin boʻladi.
Botir MADIYOROV
( “Xalq soʻzi” ) .
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida qisqa fursatga toʻxtagan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv oʻtkazdi
- Shimol yogʻdusi — moʻjiza emas dahshat. Quyoshda X toifali kuchli chaqnash sodir boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring