Isroil Eron bilan urushga qancha pul tikdi?

Illyustrativ foto
Eron bilan urushda Isroil davlati kuniga millionlab dollarlarni sarflab yubormoqda. Tahlilchilar oʻrtacha kunlik xarajatlarni va talafotlarning qanchaga tushishi mumkinligini maʼlum qilgan. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar qildi.
Joriy yilning 13-iyun kuni Isroil fors davlatining turli shaharlarida yadroviy inshootlarga va Eron oliy harbiy rahbariyatining joylashuviga keng koʻlamli zarbalar berishni boshladi. Hujumlarda Eron bosh shtab boshligʻi, Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi bosh qoʻmondoni, bir qancha yuqori martabali harbiy amaldorlar va toʻqqiz nafar eronlik yadro olimi halok boʻlgan.
Isroilning kunlik xarajatlari va talafot oqibatlari
Eron va Isroil oʻrtasida mojarolar boshlanganidan buyon hujumlarning katta qismi havo orqali amalga oshirilmoqda. Bunda Isroil havo hujumiga qarshi mudofaa vositalaridan foydalanishning oʻziga kuniga 200 million dollargacha sarflamoqda. Shuningdek, Isroildagi Milliy xavfsizlik tadqiqotlari instituti eksperti Yegoshua Kalinskiyning aytishicha, “Davidʼs Sling” deb nomlanuvchi havo mudofaa tizimini faollashtirish har bir holatda 700 million dollarga tushadi.
Bundan tashqari, “Strela-3” tizimi orqali bitta raketani yoʻq qilish uchun 4 million dollar sarflanadi. Zamonaviy F-35 qiruvchi samolyotining bir soatlik parvozi esa 10 ming dollar degani.
Tahlilchilarning fikriga koʻra, harbiy harakatlar bir oyda Isroilga 12 milliard dollarga tushishi mumkin. Eron zarbalaridan keyingi infratuzilma va uy-joylarni tiklash ishlari esa kamida 400 million dollarni talab qiladi. Bunday moliyaviy ogʻir yuklama davlatning uzoq muddatga harbiy harakatlarni olib borish potensialini keskin pasaytiradi.
Sobiq mudofaa boʻyicha katta amaldor va SAXAL shtab boshligʻining moliyaviy maslahatchisi Reʼyem Aminach aytishicha, Isroil Eronga qarshi birgina 48 soatlik operatsiyada 1,45 milliard dollar sarflagan.
Gʻazoga qarshi hujumlarni unutmaslik kerak
Isroilning Gʻazoga hujumlari fonida ham katta miqdorda xarajatlar qilgan. Bunda eng katta xarajatlardan biri zaxira qoʻshinlarini safarbar qilishga yoʻnaltirilgan boʻlib, urush davomida 300 mingdan ortiq zaxira askarlari aktiv holatga keltirilgan. 100 ming nafar askarga bir kunlik ish haqi, logistika, oziq-ovqat va yashash xarajatlari 27 million dollarga tushgan.
Isroil davlati Gʻazodagi urushlarda 2024-yil oxiriga kelib harbiy operatsiyalar, fuqarolarga yordam uchun sarflangan mablagʻlar va urush tufayli iqtisodiy uzilishlardan kelib chiqqan daromad yoʻqotishlari bilan 67,5 milliard dollar sarflagani maʼlum qilingan edi.
AQSH ham “oʻyin”ga qoʻshiladimi?
Uzoq muddatli harbiy mojarolar va urushlarda katta tajribaga ega boʻlgan Amerikaning Isroilga xayrixohligi maʼlum. Bunda savol tugʻiladi, AQSH Isroilga yordamga kelishi mumkinmi?
AQSH harbiy-dengiz kuchlarining isteʼfodagi admirali Jeyms Stavridisning fikriga koʻra, Donald Tramp diplomatiya nimaga erishishini kutishidan koʻra, Eronga zarba berishi ehtimoli koʻproq. Shuningdek Tramp Tehrondan soʻzsiz taslim boʻlishni talab qilmoqda.
Masalaning boshqa tarafida esa Amerikaning Yaqin Sharqdagi obyektlari – Iroqdagi maxsus kuchlar lagerlari, Fors koʻrfazidagi harbiy bazalar va mintaqadagi diplomatik missiyalar xavf ostida, negaki, Eron ushbu hududlarga zarba berishi mumkin. AQSH bunday hujumlar ehtimolini hisobga olib, diplomatik xodimlarning bir qismini mintaqadan olib ketdi.
Eronni qoʻllab-quvvatlovchi kuchlar – “HAMAS” va “Hizbulloh” ancha kuchsizlangan, ammo Iroqdagi ittifoqchi qurolli tuzilmalar safda qolmoqda va hali ham tahdid soluvchi kuchga ega.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa AQSHni Eronga qarshi kurashga tortish harakatida. Bunga sabab Eronning ancha chuqur joylashgan yadroviy obyektlari (ayniqsa, Fordo uranni boyitish zavodi)ni vayron qila oladigan bombardimonchi samolyotlar va maxsus teshib oʻtuvchi oʻq-dorilar faqat AQSHda bor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring