Soʻzanalarda yashayotgan sulola
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Hayot tasodiflarga boy. Buxoro viloyat pedagog xodimlar malakasini oshirish institutida oʻqigani kelishi oddiy qishloq muallimasining taqdirini batamom oʻzgartirib yubordi.
— Oʻshanda kechqurun yotoqxonada hamkasblarim serial koʻrish bilan band chogʻda men onameros hunar – kashta tikish bilan shugʻullanar, shuning ortidan uch-toʻrt soʻm pul ham topar edim, — deya eslaydi Shofirkon tumani “Guliston” mahallasida yashovchi Zuhra Obloberdiyeva. — Shunda Buxoro shahridagi maktablardan birining rahbari men tikkan buyumlarning ancha-munchasini sotib oldi. Maktabga xorijiy mehmonlar sharafiga koʻrgazma tashkil etilayotgan ekan.
Ertasiga esa kutilmaganda viloyat hokimligidan muallimani soʻroqlab kelishdi. Uni hunarmandlar ishtirokidagi tadbirga taklif qildilar. Maʼlum boʻlishicha, BMTning oʻsha paytdagi vakolatxonasi rahbari Xolid Malik boshchiligidagi mehmonlarda qoʻl mehnati mahsuli sanalgan kashtachilik buyumlari katta qiziqish uygʻotgan, ularda Zuhra opa bilan muloqot qilish istagi tugʻilgan.
— Suhbat jarayonida kashtachilik anʼanasi, sulolamiz haqida soʻzlab berdim, — deya davom etadi Z. Obloberdiyeva. — Shunda Shofirkon kashtachilik maktabini qayta tiklash gʻoyasi tugʻildi. Gap shundaki, bu maktab ildizi tumanimiz hududida uzoq oʻtmishda gullab-yashnagan, Buxorodan ham qadimiyroq sanalgan koʻhna Varzonzega borib taqaladi. Mehmonlar istagiga koʻra, ularni uyimizga boshlab bordim. Xolid Malik va boshqalar tut soyasi ostida kashta tikib turgan onajonimni koʻrib, juda taʼsirlanishdi. Bularning barisi YUNESKO bilan kashtachilik maktabini qayta tiklash maqsadi koʻzda tutilgan oʻn yillik shartnoma tuzishimizga turtki boʻldi. Shu tariqa Hovlipoyon qishlogʻida Shofirkon kashtachilik maktabiga asos solindi. Nafaqat yon-atrof, balki Nurota, Shahrisabz, Sherobod tumanlaridan ham oʻnlab yoshlar kelib bizdan kashtachilik sanʼati sir-asrorlarini oʻrganishdi.
Voqealar rivojidan oʻzib aytish lozimki, Zuhra opaning buvisi Zubaydaxon 105 yoshga, onasi Zulayxo aya esa 97 yoshda vafot etgan. Ikkalasi ham umrining oxiriga qadar kashta tikish bilan mashgʻul boʻlgan.
Soʻzana, takiyapoʻsh, joynamoz kabi buyumlar ipak matoga tikiladi. Mato, ipak ip va bigiz kashtadoʻzning asosiy qurolidir. Bu hunar kishidan koʻz nuri, qunt, sabr-toqat, yuksak didni talab qiladi. Bir soʻzana uchun kashtadoʻz oylab davomida mehnat qiladi. Aytmoqchi, Zuhra opa qoʻlidan chiqqan soʻzanalar oʻzining nafisligi, goʻzalligi bilan ajralib turadi. Bunga u alohida eʼtibor beradi. Birgina “Nigor” deb atalgan soʻzanada yuzdan ziyod rang ishlatilgan. Buni bejiz aytayotganimiz yoʻq. Soʻzanalarda odamlarning orzu umidlari, tabiatga boʻlgan muhabbatlari, goʻzallikka intilishlari oʻz aksini topishi maqsadga muvofiqdir. Darvoqe, bu sulola ish faoliyatini moʻjaz bir klasterga qiyoslash mumkin. Tabiiy boʻyoqlar ham farzandlari va oila sohibi Choʻliboy Rahimov tomonidan tayyorlanadi. Eʼtiborlisi, ayni damda qariyb 200 nafar xotin-qiz kashtachilik ortidan rizq-roʻz topmoqda.
Hunar ortidan dunyoning oʻttizga yaqin davlatida boʻlgan, davlatimiz tomonidan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan qahramonimizning faoliyati yaponiyalik sanʼatshunos Yemi Imaxoreni astoydil qiziqtirib qoʻydi. U atayin Shofirkonga kelib, ikki yil davomida kashtachilik sir-asrorlarini ipidan ignasigacha oʻrgandi, Yaponiyada Zuhra Obloberdiyevaning koʻrgazmasini tashkil etishga bosh-qosh boʻldi. Bu esa kunchiqar yurt aholisining milliy kashtachiligimizga boʻlgan qiziqishlarini oshirdi. Yaqinda bir guruh yapon yoshlari Buxoroga kelib, Zuhra opadan mahorat saboqlari olishdi.
— Men Yaponiyada oʻtkazilgan koʻrgazmadan katta taassurot olgandim va Zuhra opaga ergashib, matoga naqsh tushirgandim, — deydi ulardan biri Naomo Vatamabe. — Shu havas meni bir guruh vatandoshlarim qatori Oʻzbekistonga boshlab keldi. Kashtadoʻzning mahorat darslari bizga maʼqul tushdi.
Zuhra opa bilan xayrlasharkanmiz, u milliy qadriyatlarimizning ajralmas bir boʻlagi sanalgan kashtachilik sanʼati ham oʻz boshidan ogʻir damlarni kechirganiga eʼtiborni qaratdi.
— Adashmasam, 1957–58-yillar edi, men oʻshanda yoshgina qizaloq edim, — deydi hunarmand. — Onam qarindoshlardan birining derazasi tashqi qismida oftobdan saqlaydi, deb osib qoʻyilgan soʻzanani koʻrib, oʻzlarini qoʻygani joy topolmay qolgandilar. Uni olib, koʻzlariga surtgani hali-hanuz koʻz oʻngimda turibdi.
Ha, shoʻro tuzumi davrida xalq amaliy sanʼatining koʻplab turlari kabi kashtachilik ham unutilayozdi. Ammo istiqlol sharofati, Zuhro Obloberdiyevaga oʻxshagan fidoyi insonlar saʼy-harakati bilan bu betakror sanʼat maktabi qayta boʻy koʻrsatmoqda. Zubaydayu Zulayxo ayalarning orzu armonlari Zuhra opaning saʼy-harakati bilan ushaldi. Xalqimiz aql-u zakovati mahsuli sanalgan moʻjizaviy soʻzanalar endilikda dunyo kezayapti, eʼtirof-u eʼtiborga sazovor boʻlayapti.
Oqqan daryo oqaveradi, deganlari shu emasmi?!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Davron Kabulovning otasi “oʻgʻrilik” boʻyicha sudlanib, qariyb 345 mln soʻm jarimaga tortilgani maʼlum boʻldi
- Isroil va Eron nizosi yangi bosqichga chiqdi
- Sen yetim emassan: Odamiylik timsoliga aylangan oila
- Prezident yangi qaror imzoladi
- Prezidentning yangi qarori eʼlon qilindi
- Oʻzbekistonning Pokistondagi yangi elchisi tayinlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring