Kulolning mehnati “Oʻzbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoniga loyiq koʻrildi.

11:17 26 Avgust 2021 Madaniyat
1555 0

Milliy hunarmandchilikning rivojlanishiga, uni kelgusi avlodga yetkazishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan tajribali kulol Numon Abloqulov 1964-yilda Urgut shahrida usta hunarmandlar oilasida tugʻilgan. U yoshligidanoq otasi, urgutlik mashhur Abdullo kulol sulolasining yettinchi avlodi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, jahonning 70 dan ortiq davlatlaridagi koʻrgazmalar ishtirokchisi Mahkam Obloqulovning ustaxonasidan chiqmas edi. Oʻrta maktabda oʻqib yurgan kezlaridayoq xalq amaliy sanʼatining eng qadimiy sohalaridan biri kulolchilik sirlarini mukammal oʻrganishga kirishdi.

Odatda kulollar 3 yoʻnalish boʻyicha faoliyat yuritishadi, koʻzagarlar-vertikal formali mahsulotlar ustalari, kosagarlar-gorizontal formali mahsulotlar ustalari va tandirsozlar. Numon aka oʻz mehnati orqasidan kulolchilikning shu uchala yoʻnalishi boʻyicha ham faoliyat yuritadigan yetuk usta boʻlib yetishdi.

— Sopol buyumlar yasashda qoliplar, shablonlardan foydalanmayman, faqat oddiy charxda qoʻlda ijod qilaman, - deydi Numon Abloqulov. - Balandligi 80 santimetrgacha boʻlgan koʻza va vazalar, diametri 70 santimetrdan ortiq boʻlgan laganlar va 200 litrgacha boʻlgan hajmli xumlarni tandir yasash uslubida bajaraman. Sopollarga sayqal berishda ham mahalliy xom ashyolar, oq tosh (kvars), mis va temirning kuydirilishidan olinadigan oksidlar yordamida boʻyoq tayyorlayman. Bu mening uslubim.

Numon Abloqulov oʻzi yaratgan betakror sopol buyumlar bilan Yaponiya, AQSH, Fransiya, Gollandiya, Germaniya, Rossiya va boshqa koʻplab xorijiy davlatlardagi koʻrgazmalarda ishtirok etgan. 1997-yildan buyon “Hunarmand” uyushmasining aʼzosi.

Urgutlik kulollar sulolasining sakkizinchi avlodi Numon aka yetti pusht ajdodlari shuhrat qozongan kulolchilik sirlarini sulolaning toʻqqizinchi avlodlari farzandlari Inomjon va Muhammadlarga oʻrgatib kelmoqda. Ota kasbini ardoqlayotgan farzandlar ham Urgut kulolchilik maktabi shuhratini yanada koʻtarish, boqiyligini taʼminlash yoʻlida fidokorona mehnat qilmoqdalar.

2013-yili Toshkent shahridagi “Abulqosim” madrasasida oʻtkazilgan koʻrgazma-yarmarkasida, Samarqand shahri Registon maydonida boʻlib oʻtgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining koʻrgazma-yarmarkasida faol qatnashib oʻzining koʻrgazmasini oʻtkazgan. 2014-yil 1-10-avgust kunlari Rossiya fediratsiyasining Suzdal shahrida boʻlib oʻtgan “Dunyo kulollari” festivali ishtirokchisi, Maskva shahridagi Xalqlar doʻstligi universitetida shaxsiy koʻrgazmasi ham boʻlib oʻtgan.

Numon Abloqulov faoliyati davomida kulolchilikda qadimiy anʼanalarga rioya qilib, oʻziga xos uslubdagi asarlar yaratgan. Ustaning asarlarida koʻhna Afrosiyob shahri kulolchiligining koʻzagarlik sohasi anʼanasi yaqqol namoyon boʻladi. Badiiy idishlari oʻz shaklining alohida “oʻqilishi” bilan ajralib turadi. Yaʼni, u yasagan kulolchilik buyumlari yuqori boʻyin-ogʻiz qismi choʻziq va shaklan oxiriga yetkazilgan, nafis koʻrinishda va turli bezaklar bilan ziynatlangan.

Uning ustaxonasiga har kuni shogirdlari kelishib kulolchilikning sir asrorlarini oʻrganishadi. Kulol 36 yillik mehnat faoliyati davomida 100 dan ortiq shogirdlarni tarbiyaladi. Ularning koʻpi hozirda yakka tartibda ham faoliyat olib borishmoqda.

Numon Abloqulov milliy hunarmandchilikning ushbu yoʻnalishini rivojlantirishga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan ustalardan hisoblanadi. Ustaning mashaqqatli mehnati munosib baholanib, usta kulol mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan davlatimiz rahbarining farmoni bilan “Oʻzbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

— Hunarmandchilikni rivojlantirish, uni kelgusi avlodga yetkazish davlatimizning doimiy eʼtiborida. Bu meni hamma vaqt ruhlantiradi, - deydi usta kulol Nuʼmon Obloqulov. - Hunarmandlarga berilayotgan eʼtibor va imtiyozlarning ham cheki yoʻq. 2006-yilda “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan boʻlsam. Mana bu yil Prezidentimiz meni “Oʻzbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoniga loyiq koʻribdi. Bir hunarmandga shundan ortiq baxt bormi. Bundan kuch olib, kelgusida ham kuchim boricha kulolchilik rivojiga oʻz hissamni qoʻshaman.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?