Kredit mablagʻlarini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

14:45 22 Sentyabr 2022 Jamiyat
450 0

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplayens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida pul mablagʻlarining talon-toroj qilinishi boʻyicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan oʻz vaqtida qonuniy choralar koʻrilmoqda.

Xususan, Departamentning Chiroqchi tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Ch.B.” MCHJ va “R.Sh.” dehqon xoʻjaligi taʼsischisi J.A. tijorat banki filiali masʼul shaxslari bilan oldindan til biriktirib, 40 nafar fuqaroning xabardorligisiz ularning nomiga ajratilgan jami 2,1 mlrd soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Shahrisabz tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.T.” dehqon xoʻjaligi rahbari T.B. hududiy tijorat banki filiali boshqaruvchisi oʻrinbosari O.T. bilan oʻzaro til biriktirib, baliqchilikni rivojlantirish uchun ajratilgan 1 mlrd soʻm kredit mablagʻini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Sariosiyo tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.A.” fermer xoʻjaligi rahbari A.N. tijorat banki filiali masʼul shaxslari bilan oʻzaro til biriktirib, “forel” baliqlarini yetishtirish uchun intensiv havza tashkil etish uchun ajratilgan 1,9 mlrd soʻm kredit mablagʻini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Yakkabogʻ tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, “X.N.” MCHJ rahbari A.Q. bank filialidan ajratilgan 990 mln soʻm kredit mablagʻini hamda garov taʼminotiga qoʻyilgan “Y.Ye” MCHJga tegishli issiqxona binosining jami 304,3 mln soʻmlik metall quvurlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Guliston shahar boʻlimi tomonidan bank filialining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “S.T.” MCHJ rahbari Sh.Yu. va boshqalar tijorat banki filialidan olingan 700 mln soʻm kredit evaziga sotib olingan polietilen granulalarini sotib yuborib, kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?