“Kreativ sanoat parklari”ni rivojlantirish uchun bu yilni oʻzida 10 mln dollar yoʻnaltiriladi

17:18 28 Iyun 2024 Siyosat
442 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Kreativ sanoat parklari”ni rivojlantirish uchun bu yilni oʻzida 10 million dollar yoʻnaltiriladi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan yoshlar siyosatiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida shuningdek, 2-4-oktyabr kunlari Toshkent shahrida Kreativ iqtisodiyot boʻyicha Toʻrtinchi butunjahon anjumani oʻtkazilishi maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, tadbir kuniga qadar kreativ industriyani rivojlantirish boʻyicha qonun qabul qilinishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, magistral yoʻllar boʻyida 50 mingta koʻchma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi. Bunda, dastlabki 6 oyda yoshlarga ijara haqi va soliqdan imtiyoz beriladi.

Maʼlum qilinishicha, bu yil 60 ming gektar yer yoshlarga ajratildi. Endilikda har bir viloyatda 2 tadan tumanda Yoshlar kooperatsiyasi tashkil qilinadi, ularga kerakli texnika, uskunalar va urugʻlik yetkazib beriladi.

Tadbirkorlar ham yoshlar uchun bunday loyiha qilaman desa, jamgʻarma ularning kredit foizini qisman qoplab beradi. Ushbu maqsadlarga ham 10 million dollar ajratiladi.

Bundan tashqari, dehqonchilikni yangidan boshlagan 150 ming yoshlarga tajribali fermerlar va usta dehqonlar biriktirilib, serdaromad va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga oʻrgatiladi.

“Mamlakatimizda qiyin ahvolga tushgan, alohida eʼtiborga muhtoj yoshlar ham bor. Shu bois, yil boshida hokimlar, vazirlar va davlat tashkilotlari rahbarlariga sharoiti ogʻir yoshlar biriktirilgani oʻz samarasini beryapti. Masalan, qiyinchilikka duch kelgan 420 ming yoshlar muammosi hal etildi, 65 mingini bandligi taʼminlandi”, deyiladi xabarda.

Qoʻshimcha qilishicha, tarbiyasi ogʻir 20 ming yoshlar jinoyat yoʻlidan qaytdi, xulq-atvori yaxshilangan 11 ming yoshlar muddatidan oldin probatsiya hisobidan chiqarilgan. Alohida eʼtiborga muhtoj 1 million yoshlar sport bilan shugʻullanishni boshlagan, ularning 700 mingida sanʼatga qiziqish paydo boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?