“Kreativ park” foydalanishga topshirildi
Buxoro shahridagi koʻhna Shirbudin mahallasida yoshlar “Kreativ park”i tashkil qilindi.
Bu manzil shaharning qadimiy goʻshalaridan sanaladi. 1860–1885-yillarda hukmronlik qilgan Amir Muzaffarxon tomonidan mazkur maskanda bogʻ, yozgi saroy, masjid barpo etilgan. Koʻrkam va tarovatli goʻshada Navroʻz sayllari, bazmlar oʻtkazilgan. XIX asrning 70-yillarida mahalliy ustalar tomonidan sharq va Yevropa meʼmorchiligi anʼanalari uygʻunlashgan qoʻshimcha binolar qad rostlagan.
Tarixchilarda, jumladan Buxoroga 1888-yilda kelgan fotograf Dmitriyev-Kavkazskiyda Shirbudin saroyi juda katta taassurot qoldirgan. Sayyoh bu haqda alohida yozib qoldirgan.
Taassufki, qarovsizlik, eʼtiborsizlik oqibatida yillar oʻtib, bu maskan tanazzulga yuz tutdi. 1950-yillarda Shirbudin saroyi butkul vayrona holga tushdi. Uning oʻrnida hozir sobiq suv xoʻjaligi tashkiloti binosi bor. U ayni damda mahalla maʼmuriy binosi vazifasini oʻtamoqda.
Buni qarangki, oʻsha suronli yillardan faqat bogʻ sogʻ-omon qoldi. Zamona zayli bilan ”Suvchilar bogʻi” deb atalgan bu goʻsha ham eʼtiborga, qarovga muhtoj holga kelgandi.
— Prezidentimiz rahbarligida 2023-yilning 11-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yoshlarning iqtidorini qoʻllab-quvvatlashga kerakli shart-sharoitlar yaratish maqsadida har bir hududda bittadan “Kreativ park” yaratish masalasi qoʻyilgan edi, — deydi Shirbudin mahalla fuqarolar yigʻini xotin-qizlar faoli Mohira Fayzullayeva. — Shundan kelib chiqqan holda viloyat hokimligi tomonidan mahallamizda koʻrkam maskan barpo etildi. Fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlar bu qulayliklardan benihoya xursand boʻlishmoqda.
Maskanda sunʼiy qoplamali futbol maydonchasi, vorkaut, ayvonli oʻrindiq, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka kabi sportning bir qator turlari bilan shugʻullanish, seminar va trening mashgʻulotlarda qatnashish uchun shart-sharoitlar yaratildi. Nafaqat yoshlar, balki aholi barcha qatlamining boʻsh vaqtini sermazmun oʻtkazishi uchun qulayliklar muhayyo etildi. Qurilish-bunyodkorlik ishlariga 2,3 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Taʼkidlash kerakki, mazkur mahallada 8 ming 200 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 3200 nafarini yoshlar tashkil etadi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring