Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ochiq roʻyxati yuritiladi
Korrupsiya — har qanday davlatning, jamiyatning taraqqiyotiga toʻgʻanoq boʻluvchi, ijtimoiy hayot barqarorligiga tahdid soluvchi xavfli illat sanaladi. Agar bu yovuz baloning oldi olinmasa, mamlakatda haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib boʻlmaydi, jamiyatning birorta tarmogʻi rivojlanmaydi. Bu isbot talab qilmas haqiqatdir.
Soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi keskin kurash boshlandi. Uning oldini olish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qoʻyishga katta eʼtibor qaratildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz vazifasiga kirishgan ilk kunlardanoq bu dolzarb masalani alohida eʼtiborga olib, dastlabki imzolagan hujjati ham Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonuni boʻldi.
Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda mazkur qonun ijrosini taʼminlash maqsadida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishning ilgʻor xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish boʻyicha izchil choralar koʻrilib, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik, shaffoflikni taʼminlash orqali davlat boshqaruvida samarali va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Ammo koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, byudjet mablagʻlaridan foydalanish, davlat xaridlari, kapital qurilish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish, ishga qabul qilish kabi qator yoʻnalishlarda korrupsiya holatlari saqlanib qolmoqda.
Davlatimiz rahbarining «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Farmonda mamlakat rivojlanishining bugungi bosqichida korrupsiya Oʻzbekiston davlati va jamiyati taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri ekani nazarda tutilib, korrupsiya holatlarining har qanday koʻrinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish va unga qarshi ayovsiz kurashish barcha darajadagi davlat organlari rahbarlarining eng ustuvor vazifasi etib belgilandi.
Endilikda davlat boshqaruvini korrupsiyadan holi sohaga aylantirish maqsadida Agentlik tomonidan “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri” yuritiladi. Bu roʻyxatga tushgan shaxslarning davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi, davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlar, davlat taʼlim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi taʼqiqlanadi.
2022-yil 1-yanvardan boshlab esa davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlar, davlat korxonalari, muassasalari rahbarlari va oʻrinbosarlari, ularning turmush oʻrtogʻi, voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari, mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi.
Farmonda belgilab qoʻyilganidek, bundan buyon davlat xizmatchisi tomonidan deklaratsiyani taqdim etishdan bosh tortish, qasddan notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish uni davlat xizmatidan chetlashtirishga, qonunda belgilangan javobgarlikka tortishga asos boʻladi. Qolaversa, keyingi yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatchilariga respublika hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va egalik qilish, naqd pul mablagʻlarini saqlash, koʻchmas va boshqa mol-mulkka ega boʻlish taqiqlanadi.
Mazkur hujjatga muvofiq, Agentlikka manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq holatlar aniqlanganda, shartnoma, buyruq va boshqa hujjatning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida taqdimnoma yoki uni haqiqiy emas deb topish boʻyicha sudga daʼvo kiritish vakolati berilgan boʻlsa, xalq deputatlari hududiy Kengashlariga mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalaridan ajratilgan mablagʻlardan foydalanilishi ustidan muntazam ravishda nazorat oʻrnatishi boʻyicha vazifalar belgilandi.
Davlatimiz rahbarining farmonida oʻz ifodasini topgan yangiliklardan yana biri, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan davlat dasturi tasdiqlanganidir. Unga koʻra, Agentlik davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan muntazam ravishda nazorat olib borgan holda, har chorak yakunlari boʻyicha Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga axborot kiritib boradi. Kengash esa dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini muhokama qiladi.
OʻzLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi farmonda nazarda tutilgan vazifalarni toʻliq qoʻllab-quvvatlagan holda, dasturiy maqsadlariga erishish, elektorat manfaatlarini himoya qilish boʻyicha ustuvor hujjat sifatida yondashadi. Biz korrupsiya ustidan gʻalaba qozonish, mamlakatimizning korrupsiyani rad etadigan va bu borada “nol toqatlilik”ka erishgan davlatlar qatoriga kirishiga erishish tarafdorimiz.
Farmonda belgilangan ustuvor vazifalar esa partiya dasturiy maqsadlari bilan uzviy va hamohangdir. Biz davlat xizmatchilarining mablagʻlari va mol-mulklari haqidagi maʼlumotlarni ochiqlashtirish, deklaratsiya qilishning yangi tizimini joriy qilish, parlament palatalaridagi korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitalarining vakolat va funksiyalarini kuchaytirishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Bu borada faqat korrupsiyaning oqibatlari bilan emas, balki unga sabab boʻluvchi omillarni bartaraf etish choralarini koʻramiz.
Xulosa oʻrnida aytganda, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi. U davlatning konstitutsiyaviy asoslarini, qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida, inson huquq va erkinliklarining poymol boʻlishiga olib keladi. Mazkur farmonning ijrosi shubhasiz, korrupsiyaning tub ildizini qirqish bilan birga, Oʻzbekistonning nufuzli xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilashiga xizmat qilishi muqarrar.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring