Koronavirusga qarshi emlash jarayonlari qanday kechmoqda?

14:47 14 Iyul 2021 Jamiyat
915 0

Joriy yilning 14-iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan 2021-yil – “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 177-bandida belgilangan Respublika aholisini koronavirusga qarshi profilaktik emlash ishlarini tashkil etish vazifasi ijrosiga bagʻishlangan “Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi profilaktik emlash (vaksinatsiya) jarayonlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda Markaz axborot xizmati xabar berdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshqarib borgan tadbirda Markaz ekspert-mutaxassislari, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati masʼul xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, jamoatchilik vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi.

Davra suhbati avvalida Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼul xodimlari tomonidan aholini koronavirusga qarshi profilaktik emlash (vaksinatsiya) jarayonlarining holati, tashkil etilgan vaksinatsiya punktlari, emlash uchun xarid qilingan vaksinalarning turlari, shuningdek, koronavirus kasalligiga chalinish holatlari va emlangan aholining kasallikka chalinish sabablari toʻgʻrisida maʼlumotlar berib oʻtildi.

Nurmat Atabekov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari:

— Oʻzbekistonda rejali emlash amaliyoti oldindan mavjud. Xususan, Mustaqillikning dastlabki yillarida 6 ta yuqumli kasallikka qarshi emlash amalga oshirilgan boʻlsa, bugun bu koʻrsatkich 13 taga yetdi. Shu bilan birga, baʼzi bir grippga oʻxshash mavsumiy, shuningdek, yana ayrim turdagi ichterlama, kuydirgi va quturish kabi kasalliklarga qarshi ham tavsiyaviy emlashlar mavjud. Bugungi kundagi koronavirusga qarshi emlash jarayoni ham vaqt oʻtib ushbu emlash turlari qatoriga kiritilishi mumkin. Buning uchun maʼlum bir vaqt davomidagi kuzatishlar talab etiladi.

Ushbu kasallikni toʻlaqonli yengib oʻtishimizning yagona yoʻli aholida immunitetni shakllantirishdir. Buning ikki yoʻli mavjud: birinchisi, aholini kasallikka chalinib immunitet hosil qilishi, ikkinchisi, vaksina olish orqali immunitet hosil qilish. Birinchi holat orqali kasallikni yengib oʻtish qanchalik xavfli ekanligini barchamiz koʻrib turibmiz. Koʻpchilik insonlar kasallik ogʻir kechishi natijasida yaqinlarini ham yoʻqotishdi.

Oʻzbekistonda bugungi kunda emlash jarayoni boʻyicha bor imkoniyatning yarmidan foydalanilyapti xolos. Agar biz aholiga emlash jarayoni haqidagi maʼlumotlarni toʻliq va toʻgʻri yetkazsak, kasallikni yengib oʻtishimiz yana-da osonlashadi. Dastlab, birinchi oʻrinda mamlakatdagi alohida xavf guruhiga kiruvchi 4 mln. 112 ming nafar aholini emlash nazarda tutilgan boʻlsa, 1-iyul holatiga ularning 3,6 mln nafari emlandi.

Xususan, 2021-yil 1-iyul holatiga 660 ming doza AstraZeneca, 6,5 mln. doza Xitoyning ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi hamda 240 ming doza Rossiyaning “Sputnik-V” vaksinasi olib kelingan. Ayni kunda Oʻzbekistonda 2,5 mln. dozadan ortiq vaksina zaxirasi bor.

Shuningdek, davra suhbatida koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan shaxslar hamda ushbu infeksiya tasdiqlangan bemorlarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish, zarur laborator hamda instrumental tekshiruvlar oʻtkazish, tekshiruv natijalaridan kelib chiqqan holda ularga davo muolajalarini tavsiya etish borasidagi ishlar tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilgani aytib oʻtildi.

Oʻz navbatida, Sogʻliqni saqlash vazirligining Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi masʼul xodimi Umidulla Riskiyev aholi oʻrtasida emlash jarayoni bilan bogʻliq xavotirli vaziyatlarga oydinlik kiritib oʻtdi:

— Bugungi kunda aholi orasida vaksinani olish bilan bogʻliq turli xildagi ikkilanish, vaksina olib ham kasallikka chalinganlar bor-ku, degan xavotirlar mavjud. Ammo bunday gumonlar haqiqatga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Vaksina olish aholini salomatligini samarali asrashda muhim bosqich hisoblanadi. Toʻgʻri, ayrim vaksina bilan emlangan fuqarolarimizda ham kasallikka qayta chalinish holatlari uchramoqda. Biroq, ularda kasallik emlanmasdan virus yuqtirib olgan fuqarolarga nisbatan yengil kechadi.

Birgina misol, bugungi kun holatiga Oʻzbekiston — Xitoy vaksinasi ZF-UZ-VAC2001 bilan birinchi bor emlangan fuqarolarning 22 nafarida, ushbu vaksinani ikkinchi bosqichini ham qabul qilib boʻlgan fuqarolarning esa 14 nafarida, 3 dozani olgandan keyin esa 4 nafar fuqaroda kasallikka chalinish holati qayt etilgan va ular kasallikni yengil koʻrinishda oʻtkazgan.

Shu bois, biz ommaviy emlash jarayonlarini aholiga toʻgʻri tushuntirib, keng miqyosda targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishimiz zarur. Agar aholining 60-70 foizi emlanadigan boʻlsa, biz qoʻrqmasdan kasallikni yengib oʻtsak boʻladi.

Taʼkidlanganidek, ayni kunda Toshkent shahrida tibbiy-sanitariya muassasalari va xizmat koʻrsatish yoʻnalishi yaqin boʻlgan dispanserlar binosida maxsus poliklinikalar faoliyati qoʻshimcha ravishda yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur poliklinikalar aholiga kunu tun xizmat koʻrsatishi uchun har bir markazga 3 tadan tibbiy brigada biriktirilgan va ular tarkibidan 2 nafar shifokor hamda 2 nafar oʻrta tibbiyot xodimi oʻrin olgan. Shuningdek, aholi orasida kasallikka chalinish holati oʻsib borayotgan viloyatlar markazlarida ham zaruriy davolash muassasalari qaytadan tayyorlanmoqda.

Bugungi kunda bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida Respublikadagi barcha kovidga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan markazlar va poliklinikalar rentgen, kislorod kondensatorlari, pulsoksimetr, zarur dori-darmonlar, sarflov materiallari, dezinfeksiyalovchi eritma va reaktivlar, shuningdek, maxsus tibbiyot vositalari bilan taʼminlangan.

Davra suhbatida bugungi kunda bemorlar orasida bolalarning kasallikka chalinish holati ortib borayotgani sababli, koronavirusni davolashda qoʻllaniladigan dori vositalarini ular uchun moʻljallangan dozalarda ham ishlab chiqarish jarayonlari boʻyicha ayrim davlatlarda ilk saʼy-harakatlar boshlangani maʼlum qilindi.

Qizgʻin bahs-munozaralarga boy oʻtgan davra suhbati yakunida aholini koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanishi bilan bogʻliq bugungi kundagi dolzarb savollarga mutaxassis va ekspertlar tomonidan atroflicha javoblar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?