Korxona xorijiy brend va investor bilan kelishuvga erishsa, unga Sanoat jamg‘armasi 25 foizigacha kapitaliga sarmoya bilan kirishi mumkin bo‘ladi

14:01 18 Avgust 2023 Iqtisodiyot
859 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘rta korxonalar faoliyatini kengaytirishi uchun ularga yangi investor va brendlarni jalb qilishga ko‘maklashish zarur. Shu bois, agar korxona xorijiy brend va investor bilan kelishuvga erishsa, unga yangi tashkil qilingan Sanoat jamg‘armasi 25 foizigacha kapitaliga sarmoya bilan kirishi mumkin bo‘ladi.

Tadbirkorlik jamg‘armasi iqtisodiyotning yana bir drayveri bo‘lgan xizmatlar sohasiga mas’ul bo‘ladi. Jamg‘armaga salohiyatli o‘rta biznes korxonalariga ulushdor bo‘lib kirish vakolati beriladi. Buning uchun joriy yilda jamg‘armaga qo‘shimcha 25 million dollar, kelgusi yilda yana 100 million dollar ajratiladi.

Shu bilan birga jamg‘arma tomonidan o‘rta biznes uchun xorijiy valyutadagi kreditlarga ham kafillik beriladi.

Jamg‘arma turizm, savdo va servis sohalarida “xizmatlar ipotekasi” tizimini joriy qiladi. Endi mehmonxona, restoran, savdo kompleksi, avtoturargoh, yoqilg‘i shoxobchasi, kemping kabi ob’yektlarning tayyor loyihalari tadbirkorlarga taklif etiladi.

Shuningdek, jamg‘arma tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish ob’yekti uchun yer sotib olish, bino-inshootlar qurish va aylanma mablag‘i uchun ham resurs ajratadi.

Bu ikkita yangi tizim 1 oktyabrdan to‘laqonli ishga tushiriladi va kelgusi bir yilda o‘rta biznesda sanoat sohasida 2 mingta va xizmatlarda 10 mingta yangi loyihalar moliyalashtiriladi.

Ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan qo‘shimcha 1 milliard dollarlik xizmatlar ko‘rsatish, 5 milliard dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarish, 350 ming yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish mumkin bo‘ladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?