Konstitutsiya — fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlashning mustahkam poydevori

21:04 29 Iyun 2022 Jamiyat
1206 0

Prezidentimiz joriy yilning 20-iyun kuni mamlakatimiz Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Bosh qomusimizga oʻlim jazosini taqiqlash toʻgʻrisidagi normani kiritishni taklif qildi.

“Tarixiy tajriba shuni koʻrsatadiki, insonning qadr-qimmati avvalo uning tabiiy yashash huquqida namoyon boʻladi. Bu — eng ulugʻ va muqaddas qadriyatlarimizdan biridir. Maʼlumki, biz oʻlim jazosi tayinlanadigan jinoyatlar sonini bosqichma-bosqich kamaytirib, bu jazoni toʻliq bekor qildik. Shunga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan oʻlim jazosini tiklash, uni jinoyat qonunchiligiga qayta kiritish haqida takliflar ham ilgari surilmoqda, demokratik va insonparvar gʻoyalarni oliy qadriyat darajasiga koʻtargan dunyodagi aksariyat davlatlar oʻlim jazosini bekor qilganini eslatdi.

Chunki yashash huquqi — har bir insonning tabiiy huquqi boʻlib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning oʻzi ato etgan. Agar sizlar qoʻllab-quvvatlasangiz, Konstitutsiyamizga “Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlanadi”, degan yana bir muhim normani kiritishni taklif qilaman. Shu tariqa, biz bu oʻta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligimizni, insonparvarlik gʻoyalariga sodiq ekanimizni butun dunyoga yaqqol namoyon qilamiz”, — deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyoda oʻlim jazosini qoʻllashni qisqartirish va toʻliq bekor qilish tendensiyasi kuzatildi. Qayd etilishicha, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3 va 5-bandlarida har kim yashash huquqiga ega va hech kim qiynoqqa solinmasligi, shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoga duchor boʻlmasligini belgilab beradi.

Bundan tashqari, oʻlim jazosini bekor qilish BMT Bosh Assambleyasining 1977-yil 8-dekabr va 1980-yil 15-dekabrdagi rezolyutsiyalarida, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989-yil 15-dekabrda qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi paktning ikkinchi fakultativ protokolida tavsiya etilgan.

Shuningdek, 10-oktyabr — Butunjahon oʻlim jazosiga qarshi kurash kuni sifatida tanilgan. U 2003-yilda oʻlim jazosini bekor qilish boʻyicha Butunjahon koalitsiyasi tashabbusi bilan dunyoda oʻlimga hukm qilinganlar sonini kamaytirish maqsadida tashkil etilgan va oʻshandan beri har yili oʻtkazib kelinadi. Oʻlim jazosiga qarshi jahon koalitsiyasi 2002-yilda Rimda tashkil etilgan.

Bugungi kunda uning tarkibiga 150 dan ortiq milliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari, jumladan Amnesty International nodavlat notijorat tashkilotlari, advokatlar uyushmalari, kasaba uyushmalari, mahalliy va mintaqaviy hokimiyat organlari kiradi. Koalitsiyaning global maqsadi oʻlim jazosi mavjud boʻlgan barcha mamlakatlarda oʻlim jazosi va qatllarni bekor qilishdir.

Darhaqiqat, oʻlim jazosi — ogʻir jinoyatlar uchun tayinlanadigan gʻayriinsoniy, adolatsiz, samarasiz eng ogʻir jazo turi boʻlib, u insonning qatl etilishi hisoblanadi. Oʻtgan asrlarda oʻlim jazosining mahkumlarni dorga osish, oʻtda yoqish, parchalab tashlash, boshini olish, past olovda qaynatish, toshboʻron qilish, tiriklayin koʻmish, yirtqich hayvonlarga yem qilish, qoziqqa oʻtqizish yoki bundan ham shavqatsiz usullaridan foydalanilgan. Mahkum shaharlarning markazlarida, bozorlarda, umuman odamlar gavjum joylarda, koʻpincha ming-minglab odamlar koʻz oʻngida qatl qilingan. Qatl jarayoni ommaviy yigʻinlarga, halq tantanasiga aylanib ketgan. Hozirgi kunda zamonaviy dunyoda oʻlim jazosining mahkumni osish, otish, toshboʻron qilish, oʻlimga olib keluvchi emlash, elektr stul, boshini olish va gaz kamerasi vositasi qatl etish kabi turlari mavjud.

Bugungi kunga kelib koʻpchilik davlatlar insonparvarlik nuqtayi nazaridan oʻrta asrlar davriga xos boʻlgan bu jazo turidan voz kechgan. Jumladan, 1978-yilda Ispaniya, 1981-yilda esa Fransiya oʻlim jazosini bekor qildi. 1990-yildan boshlab 40 ga yaqin mamlakat va hududlar, jumladan Ozarbayjon, Albaniya, Angola, Armaniston, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Gonkong, Gretsiya, Gruziya, Irlandiya, Italiya, Kanada, Kipr, Kot-dʼIvuar, Qirgʻiziston, Latviya, Litva, Mavrikiy, Malta, Meksika, Mozambik, Moldova, Nepal, Paragvay, Polsha, Ruminiya, Serbiya, Slovakiya, Sloveniya, Turkmaniston, Ukraina, Xorvatiya, Chernogoriya, Chexiya, Shveysariya, Estoniya va Janubiy Afrika respublikalari oʻlim jazosini butunlay bekor qildi.

1965-yildan buyon 50 dan ortiq davlat oʻlim jazosi qoʻllanilishi mumkin boʻlgan jinoyatlar roʻyxatini kengaytirdi. 2000-yil holatiga koʻra, 21 ta davlatda mamlakat xavfsizligi bilan bogʻliq jinoyatlar (josuslik, davlatga xiyonat va boshqalar) uchun oʻlim jazosi mavjud. 13 ta davlat terrorizm, havo qaroqchiligi, agar bu odamlar oʻlimiga olib kelgan boʻlsa, garovga olinganlarni oʻldirish uchun oʻlim jazosini joriy qilgan. Baʼzi mamlakatlarda oʻgʻirlash, agar bu ularning oʻlimiga olib kelgan boʻlsa, bunday jazoni nazarda tutadi. Yigirma bir davlatda giyohvand moddalar bilan bogʻliq jinoyatlar uchun oʻlim jazosi mavjud. 13 davlatda iqtisodiy jinoyatlar (korrupsiya, davlat mablagʻlarini oʻzlashtirish, bojxonachilarga hujum qilish, qurolli talonchilik) uchun oʻlim jazosi nazarda tutilgan. Bir qator islom davlatlarida zino, zoʻrlash, gomoseksual aloqalar, musulmon boʻlmagan va musulmon ayol oʻrtasidagi jinsiy aloqa uchun oʻlim jazosi oʻrnatilgan.

2018-yildan boshlab 106 ta davlatda barcha jinoyatlar uchun oʻlim jazosi bekor qilingan. Bundan tashqari, 6 ta davlat uni faqat urush davrida sodir etilgan ayrim oʻta ogʻir jinoyatlar uchun saqlab qoldi, umumiy deb ataladigan jinoyatlar uchun oʻlim jazosini qoʻllash imkoniyati bundan mustasno. Bir qator davlatlar amalda oʻlim jazosini bekor qildilar, yaʼni ular soʻnggi 10 yil davomida oʻlim jazosini bajarmagan va moratoriyga amal qilishni davom ettirmoqchi yoki oʻlim jazosini ijro etishga rasman moratoriy eʼlon qilgan. 2018-yil holatiga koʻra, 56 ta mamlakat oʻlim jazosini qoʻllashni saqlab qoldi.

Soʻnggi paytlarda oʻlim jazosi belgilanganidan soʻng hukm ijro qilingunga qadar ham koʻp yillar oʻtib ketadi va koʻpincha mahkumlar tabiiy ravishda vafot etishadi. Oʻsha vaqt mobaynida mahkumga apellyatsiya berish imkoniyati beriladi va sud jarayoni bir necha marta qaytadan koʻrib chiqilishi mumkin. Masalan, AQSHning Jorjiya shtatida yashovchi Jek Oldermen xotinini oʻldirgani uchun 1975-yilning 14-iyun kuni oʻlim jazosiga hukm qilingan, lekin oradan 33 yil oʻtgandan keyin, 2008-yilning 16-sentyabrida qatl etilgan.

Halqaro Amnesty International tashkiloti tomonidan 2021-yilda 18 mamlakatda 579 ta qatl etilganini qayd etgan, bu 2020-yilga nisbatan 20 foizga koʻp. Unda 483 ta qatl qayd etilgan. Halqaro Amnesty International tashkilotiga koʻra, eng mashhur qatllar Xitoy, Eron, Misr, Saudiya Arabistoni va Suriyada amalga oshirilgan.

Xitoy eng koʻp oʻlim jazosi qoʻllaniladigan mamlakat boʻlib qoldi. Biroq, uning oʻlim jazosini qoʻllashining haqiqiy darajasi nomaʼlum, chunki bu maʼlumotlar maxfiylashtirilgan.

Shimoliy Koreya va Vetnamning ikkalasi ham qatllardan keng foydalanilgani haqidagi raqamlar ham global qatl statistikasiga kiritilmagan, chunki maxfiylik va mustaqil maʼlumotlarga kirishning imkoni yoʻqligi tendensiyalarni baholashga toʻsqinlik qiladi.

Xalqaro Amnesty International tashkiloti tomonidan 2021-yilda qatl etilgan 579 kishidan 24 nafari ayolni qayd etdi: Misrda (8), Eronda (14), Saudiya Arabistonida (1) va AQSHda (1).

Ushbu tashkilot hisobotiga koʻra, 2021-yilda Belarus, Yaponiya va BAAda qatl qilish jarayoni qayta tiklangan. Biroq tashkilot Hindiston, Qatar va Tayvanda qatllarni qayd etmagan. Saudiya Arabistonida qayd etilgan qatllar soni 27 tadan 65 taga, yaʼni 140% ga oshgan.

Shunday oʻsishga qaramay, 2021-yilda butun dunyo boʻylab qatl etilganlar soni Amnesty International International tashkiloti tomonidan kamida 2010-yildan beri qayd etilgan ikkinchi eng past koʻrsatkichdir. Ketma-ket ikkinchi yil odamlarni qatl etgani maʼlum boʻlgan mamlakatlar soni tashkilot tarixidagi eng past koʻrsatkich boʻldi. Ushbu tashkilot 2019-yilda 657 ta, 2020-yilda 483 ta va 2021-yilda 579 ta qatlni qayd etgan.

Biroq mazkur ayanchli voqealarga qaramay, oʻlim jazosini bekor qilish tendensiyasi 2021-yil davomida jadal davom etdi. Serra-Leoneda barcha jinoyatlar uchun oʻlim jazosini bekor qiluvchi qonun hali kuchga kirmagan boʻlsa-da, iyul oyida parlament tomonidan bir ovozdan qabul qilingan edi. Dekabr oyida Qozogʻistonda barcha jinoyatlar uchun oʻlim jazosini bekor qiluvchi qonun qabul qilindi va u 2022-yil yanvaridan kuchga kirdi. Papua-Yangi Gvineya hukumati oʻlim jazosi boʻyicha umummilliy maslahatlashuvlarni boshladi, natijada 2022-yil yanvar oyida oʻlim jazosini bekor qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qabul qilindi, u hali kuchga kirmagan. Yil oxirida Malayziya hukumati 2022-yilning uchinchi choragida oʻlim jazosini bekor qilish boʻyicha qonunchilik islohoti loyihasini taqdim etishini eʼlon qildi. Markaziy Afrika Respublikasi va Ganada esa parlament aʼzolari davom etayotgan oʻlim jazosini bekor qilish uchun qonunchilikni isloh qilish jarayoniga kirishdi.

“Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, sudlar toʻgʻrisidagi, prokuratura toʻgʻrisidagi qonunlarga, boshqa bir qancha qonun hujjatlariga muvofiq jinoyatlarning tasniflanishi oʻzgartirildi, oʻta ogʻir jinoyatlar jumlasiga kiritilgan jinoyatlar roʻyxati kamaytirildi, sodir etilgan jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan muqobil jazo turlari, yarashuv instituti joriy etildi. Jinoiy jazolar tizimini liberallashtirishga qaratilgan boshqa bir qancha dasturiy chora-tadbirlar qabul qilindi.

Oʻlim jazosini qoʻllash sohasining bosqichma-bosqich kamayib borganligi Oʻzbekiston Respublikasida sud-huquq tizimini, jinoiy jazolarni liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan jarayonlarning muhim yoʻnalishi boʻldi. Mamlakat mustaqillikka erishgan paytda jinoyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari oʻlim jazosini nazarda tutuvchi 30 dan ortiq moddalardan iborat edi.

Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yilgi Jinoyat kodeksida bunday moddalar soni 13, 1998-yilda 8, 2001-yilda esa 4 tagacha kamaytirildi. 2003-yilda jinoyat qonunchiligini liberallashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgandan soʻng, faqat ikki turdagi jinoyat javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun oʻlim jazosi nazarda tutilgan boʻlib sodir etilgan jinoyatning ogʻirligidan qatʼi nazar, qonun hujjatlarida voyaga yetmaganlarga, xotin-qizlarga va 60 yoshdan oshgan shaxslarga nisbatan ushbu turdagi jazoni qoʻllash taqiqlangan edi.

Oʻzbekiston Respublikasining jinoyatga oid siyosati oʻlim jazosini qoʻllashga nisbatan jahon tendensiyalariga toʻla mos kelishi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida koʻrsatilgan insonparvarlik va odillik tamoyillarini izchil ifoda etishini inobatga olib mamlakatda amalga oshirilayotgan jamiyat va davlat hayotini demokratik jihatdan yanada yangilash, mamlakatni modernizatsiya qilish borasidagi islohotlarning mohiyati va mazmuni, sud-huquq tizimini liberallashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning natijalari sifatida oʻlim jazosi bekor qilinishi hamda uni umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi bilan almashtirish maqsadida Prezidentning 2005-yil 1-avgust kuni “Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosini bekor qilish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. 2007-yil 11-iyulda qabul qilingan “Oʻlim jazosi bekor qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun 2008-yilning 1-yanvaridan eʼtiboran kuchga kirdi. Oʻzbekiston 2008-yilning 1-yanvaridan oʻlim jazosini bekor qilgan va bunday qadam qoʻygan dunyodagi 135 chi davlat boʻlgan.

Xalqaro Amnesty International tashkilotining (2021-yil holatiga koʻra) hisobotida 108 ta davlat barcha turdagi jinoyatlar uchun oʻlim jazosini bekor qilgan, 144 ta mamlakat oʻlim jazosini qonuniy yoki amalda bekor qildi. 55 ta mamlakatda esa oʻlim jazosi saqlanib qolmoqda. Biroq Andorra, Angola, Avstriya, Kambodja, Kabo-Verde, Kolumbiya, Kosta Rika, Xorvatiya, Chexiya, Dominikan, Ekvador, Finlyandiya, Germaniya, Gvineya-Bisau, Gaiti, Gonduras, Islandiya, Lyuksemburg, Shimoliy Makedoniya, Marshal oroli, Mikroneziya federal shtati, Monako, Mozambik, Namibiya, Nepal, Niderlandiya, Nikaragua, Panama, Paragvay, Portugaliya, Ruminiya, San-Tome va Prinsipi, Seyshel, Slovakiya, Sloveniya, Shvetsiya, Urugvay, Venesuela va Turkiya, kabi mamlakatlarida oʻlim jazosi konstitutsiya bilan taqiqlab qoʻyilgan.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda davlatimiz rahbari Konstitutsiyaga, sudlangan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari huquqlari kafolatlarining buzilishiga chek qoʻyish maqsadida “shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos boʻlishi mumkin emas”ligi, “ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabat va ularning qadr-qimmati taʼminlanishi shart” ekanligi qatʼiy belgilab qoʻyilishi zarurligi toʻgʻrisida taʼkidladi.

Koʻp yillardan buyon amaliyotda davlat idoralariga ishga kirmoqchi boʻlgan shaxslar yaqin qarindoshlari yoki oʻzining sudlanganligi munosabati bilan ishga kirishda toʻsiqqa uchrab kelganligi hech kimga sir emas. Konstitutsiyada, Mehnat kodeksi va boshqa qonunlarda har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʻrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egaligi, hamda mehnatga oid munosabatlarda kamsitishning taqiqlanishi belgilangan.

Biroq, amaldagi qonunchilikda shaxsning oʻzini yoki yaqin qarindoshlarini muqaddam sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilishni rad etilishi tartiblari aniq belgilanmaganligi, fuqarolarning mehnat qilish va erkin kasb tanlash huquqini toʻliq amalga oshirilishiga toʻsqinlik qilmoqda.

Prezidentimiz 2017-yil 12-iyul kungi Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yigʻilishida bundan buyon yoshlardan kadr tanlashda uning qarindoshlari sudlangan-sudlanmaganiga qaralmasligini aytgan edi.

Shuni taʼkidlash joizki, inson huquqlarini kamsituvchi, jirkanch, gʻayriinsoniy, jinoiy jazoning ogʻir turi boʻlgan oʻlim jazosini taqiqlab qoʻyish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga yangi normani kiritilishi va shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos boʻlishi mumkin emasligi haqida qatʼiy belgilab qoʻyilishi, mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish yoʻlidagi maqsadimizga xizmat qiladi.

Sherzod JALOLOV,

Uzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti

Ilmiy-amaliy tadkikotlar markazi bosh ilmiy xodimi, polkovnik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?