Koʻngil yaqin boʻlsa, olis manzillar ham birlashadi

12:17 09 Sentyabr 2024 Jamiyat
222 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasining oraliq masofasi 1400 km.ni tashkil etadi. Bu olis yoʻl, albatta! Biroq, koʻngil yaqin, maqsad bir boʻlsa manzillar ham birlasharkan.

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlari mamlakatimiz viloyatlariga biriktirib berilgan edi. Natijada, Andijon viloyati tomonidan Kegeyli tumanida 40,5 mlrd soʻmlik 3 ta loyiha amalga oshirildi. Buning natijasida 620 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

— Hududimizda Andijon viloyati hokimligi tomonidan olib borilayotgan saʼy-harakatlar turmushimizni tubdan oʻzgartirib yubordi, — deydi “Eshonqalʼa” ovul fuqarolar yigʻinida yashovchi Sapargul Uterbergenova. — Tumanimizdagi eng katta muammolardan biri ishsizlik masalasi edi. Shu bois aksariyat aholi Qozogʻiston Respublikasida ishlab kelishga majbur boʻlayotgandi. Andijonlik tadbirkorlar tomonidan yangi ish oʻrinlarining barpo etilishi yurtimizda, oʻz uyimizda mehnat qilish imkonini berdi. Mening oʻzim 50 sotixli maydonda tashkil etilgan sabzavot yetishtiruvchi issiqxonada ishlay boshladim. Pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri yetishtirish orqali roʻzgʻorimga nafim tegayotganidan xursandman. Tez orada ovulimizda doimiy daromad manbaiga ega boʻluvchi xotin-qizlar safi yanada kengayadi. Sababi, faoliyatimizni kengaytirish maqsadida qoʻshimcha toʻrt gektar yer maydoni ajratildi. Hozirda qurilish ishlari olib borilyapti.

Hududni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish maqsadida yangi istiqbolli loyihalarga kirishilgani quvonarli, albatta.

— Andijon viloyati mebelsozlik yoʻnalishida katta tajribaga ega, — deydi tadbirkor Navroʻz Soliyev. — Bugungi kunda yuzdan ortiq ishlab chiqarish korxonalarida tayyorlangan mahsulotlar qoʻshni davlatlarga eksport qilinmoqda. Toʻplangan boy tajribalarni Kegeyli tumanida ham ommalashtirish maqsadida “Andijon mebellari” korxonasiga asos solmoqdamiz. Dastlab 20 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Loyiha toʻliq foydalanishga topshirilgach, 50 nafar kegeylilik aholi doimiy daromad manbaiga ega boʻladi. Buning uchun jami 10 mlrd. soʻmlik loyiha ishlariga kirishganmiz.

Tumandagi mavjud sharoitdan kelib chiqqan holda barpo etilayotgan “Kegeyli baraka naslli parrandalari” klasterining loyiha qiymati 80 mlrd. soʻmni tashkil etadi. 21 gektar yer maydonida bunyodkorlik ishlari davom etayotgan ushbu obyekt ishga tushirilgach, bir yilda 100 ming bosh parranda parvarishlash imkoniyati yaratiladi. Dastlab 50 nafar ishchilarni jalb etish koʻzda tutilgan.

— Andijon viloyati hokimligi tomonidan tumanimizda aholini ijtimoiy himoya qilish, moddiy qoʻllab-quvvatlash ishlari ham olib borilmoqda, — deydi “Nurli boʻston” MFY raisi Aruxan Qozoqboyeva. —Misol uchun, bizning mahallada istiqomat qiluvchi 38 ta kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarga amaliy koʻmak koʻrsatilmoqda. Jumladan, uylarni taʼmirlash, bemorlarning salomatligini tiklash bilan bir qatorda uy sharoitida daromad topish usullari ham oʻrgatilyapti.

— Men yashab turgan uyning tom qismi taʼmirtalab edi, — deydi Amangul Opayeva. — Yogʻingarchilik kunlari chakka oʻtardi. Andijon viloyati hokimligi vakillari xonadonimda boʻlib, turmush sharoitim bilan tanishgach, uyimning tom qismini yangilab berishdi. Oilamga koʻrsatilgan bu yordamdan nihoyatda xursandman!

Olib borilayotgan bu kabi xayrli ishlar minglab oilalarning quvonchiga sabab boʻlmoqda. Zero, 920 ta xonadonning tom qismini taʼmirlash, 4 ta uyni yangidan qurib berish ishlariga kirishilgan boʻlib, hozirga qadar 300 ta uyda taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazildi.

Davlatimiz Mustaqilligining 33-yillik bayrami Kegeyli tumani aholisi uchun har yilgidan oʻzgacha kayfiyatda nishonlandi. Sababi, Andijon viloyatidan yoʻlga chiqqan karvon 290 tonna oziq-ovqat, kiyim-kechak va uy-roʻzgʻor buyumlaridan iborat sovgʻani hamyurtlarimizga ulashdi. Shuningdek, 1200 nafar oʻgʻil-qizlarga maktab formalari tarqatildi.

— Nabiramning quvonchini koʻrib, xursand boʻldim, — deydi mehnat faxriysi Bekobod Qazaqpayev. — Unga yangi maktab formalari oʻquv qurollari bilan sovgʻa qilindi. Ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarga koʻrsatilayotgan bu kabi eʼtibordan mamnunmiz!

Shu kungacha Andijon viloyati tomonidan Kegeyli tumanida hududlar infratuzilmasi va aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida 28,1 mlrd. soʻmlik homiylik mablagʻlari sarflandi. Shundan 9,3 mlrd. soʻmi ijtimoiy soha obyektlariga yoʻnaltirildi. Bu tabiiyki, 74 ming 891 nafar zamondoshlarimiz istiqomat qilayotgan manzilning iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер