Klaster tufayli baliqchilik agrar usuldan sanoat usuliga oʻtmoqda

18:31 04 Sentyabr 2020 Klaster
3182 0

Katta avlod vakillarining aytishicha, ilgari baliq narxi mol goʻshtinikidan besh barobar arzon boʻlgan! Bugun-chi? Bozorda baliqning bahosi qancha? Supermarketlarda-chi? Baliqning ayrim turlari mol va qoʻy goʻshti narxiga yetib olgani ayni haqiqat. Davlat statistika qoʻmitasining hisobotida keltirilishicha, 2020-yilning oʻtgan sakkiz oyi davomida goʻsht, shu jumladan, parranda goʻshti va baliq narxi 10 foiz qimmatlashgan.

Xoʻsh, baliq mahsulotlari aholi ogʻrinmasdan xarid qiladigan narxga qachon tushadi?

Ekspertlarning izohlashicha, baliq bahosiga taʼsir qiluvchi bir necha omillar mavjud. Shulardan eng asosiysi, garchi keyingi paytda baliq yetishtirish hajmi ortishi kuzatilayotgan boʻlsa-da, koʻrsatkichlar hali mamlakat aholisi ehtiyojiga yetarli darajaga chiqqani yoʻq. Taklif kam sharoitda talab ortishi va narx yuqori boʻlishi esa bozor iqtisodiyotining oʻzgarmas qonuniyatidir.

Shu bois baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish iqtisodiy islohotlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan «Oʻzbekbaliqsanoat» uyushmasi tashkil etilib, tarmoqqa intensiv texnologiyalarni joriy etish, suv havzalaridan unumli foydalanish chora-tadbirlari koʻrilmoqda. Maqsad baliq yetishtirish hajmini keskin oshirish orqali ushbu shifobaxsh parhez mahsulot bahosini aholining barcha qatlami choʻntagi koʻtaradigan darajaga keltirish, qayta ishlash quvvatlarini qayta tiklashdir.

Mahsuldorlikni qanday oshirish mumkin?

Darhaqiqat, baliqchilikda mahsuldorlikni oshirish maqsadida xorijiy davlatlar tajribalari oʻrganilib, amaliyotga ilgʻor usullar keng qoʻllanilmoqda. Bunda suv bilan uzluksiz taʼminlash imkoniyatiga ega boʻlgan baliqchilik xoʻjaliklari ish yuritishning innova­sion shakli boʻlgan klasterlarga ay­lantirilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Sababi baliqchilik klasterlari bosqichma-bosqich mahsulot yetishtirishning intensiv usuliga oʻtkazilmoqda.

Toshkent viloyatidagi “TST Fish Cluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati mamlakatimizda birinchilardan boʻlib ish boshlagan baliqchilik klasterlaridan biri hisoblanadi. U Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi tegishli qarori bilan Quyi Chirchiq tumanidagi “Baliqchi” aksiyadorlik jamiyati negizida tashkil etilgan.

Aytish joizki, yangi tuzilma oldiga zamonaviy usullar va intensiv texnologiyalarni jadal oʻzlashtirish, suv havzalari holatini yaxshilash, mavjud moddiy-texnika vositalarini tubdan yangilash evaziga baliq yetishtirishni koʻpaytirish, hatto eksport qilish vazifasi qoʻyilgan edi. Shunday ekan, oʻtgan vaqt mobaynida ushbu vazifalarning ijrosi qanday boʻldi?

— Avvalo, shuni eʼtirof etish kerakki, hozirgi paytda tarmoqni rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit yaratib berilmoqda, — deydi “TST Fish Cluster” MCHJ rahbari, senator Murtazo Rahmatov. — Bir misol, 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab baliq yetishtirish yillik quvvati kamida 50 tonna boʻlgan klas­terlar dastlabki uch yil davomida barcha soliq va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalardan ozod etildi. Bu mahsulot yetishtirish agrar usulda qolib ketgan baliqchilik tarmogʻini sanoatlashtirish, unga investitsiya ki­ritish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun juda katta gʻamxoʻrlikdir. Chunki baliqchilikda agrar usuldan sanoat usuliga oʻtishimizni hayotning oʻzi taqozo etyapti. Havzaga baliq chavoqlarini tashlab, tabiiy holda rivojlanishini kutib oʻtiradigan zamon oʻtib ketdi. Mahsuldorlikni oshirish uchun Xitoy, Vetnam, Vengriya, Germaniya kabi davlatlarda oʻzini oqlagan intensiv usullarni keng qoʻllashimiz zarur. Keyingi paytda yurtimizda, asosan, Xitoy usuli ommalashmoqda. Bu esa havzalar oʻrtacha mahsuldorligini 15 — 20 sentnerdan 65 — 70 sentnerga koʻtarishga mustahkam poydevor ­yaratmoqda.

4-5 yil ichida baliq genofondi toʻliq yangilanadi

Xoʻjalik tasarrufidagi umumiy yer maydoni 3076,8 gektarga teng boʻlib, shundan tovar baliq ­yetishtirish moʻljallangan suv havzalari 1780,2 gektarni tashkil etadi. Ular klaster ixtiyoriga berilgach, jamoa ishni mavjud havzalar va suv yoʻllarini qayta taʼmirlash, meliorativ holatini yaxshilashdan boshladi. Faqat ushbu yoʻnalish uchun 967,1 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Natijada qisqa vaqt ichida havzalar chuqurligi 1,8-2 metrga yetkazilib, oʻtxoʻr baliqlar parvarishlash uchun ham zarur shart-­sharoitlar yaratildi.

“TST Fish Sluster” MCHJ direktori oʻrinbosari Timur Alimovning aytishicha, klasterda tovar baliq yetishtirish va birlamchi qayta ishlashning toʻliq “zanjiri” yaratilgan. Ayni paytda bu yerda zogʻorabaliq, doʻngpeshona (tolstolobik), oqamur kabi baliq turlari parvarishlanmoqda. Baliq chavoqlari olish va oʻstirish uchun 36,8 gektarlik havzada ona baliqlar parvarishlansa, 478,8 gektarlik havzada klaster koʻllarini baliqlantirish uchun chavoqlar tashlanadi.

— Baliqchilik rivoji koʻp jihatdan uning genofondiga bogʻliq, — deydi T. Alimov. — Biroq Oʻzbekistonda 30 yildan buyon baliq genofondi yangilanmagan edi. Ushbu masalaga oʻtgan yildan buyon davlat miqyosida eʼtibor qaratila boshlandi. Biz ham baliq genofondini yangilash maqsadida Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasidagi bir qator baliqchilik xoʻjaliklari bilan muzokaralar olib borib, yaqinda Astraxan oblastidagi «Rыbopitomnik Chaganskiy» baliqchilik xoʻjaligi bilan kelishuvga erishdik. Shartnomaga koʻra, 2021-yilning may-iyun oylarida barcha baliq turlarining lichinkalari yetkazib beriladi. Buning natijasida yaqin 4-5 yil ichida klasterda baliq genofondi tubdan yangilanib, mahsuldorlik bir necha barobar ortishiga erishiladi.

El dasturxoniga 5340 tonna parhez mahsulot

Baliqchilik tarmogʻining izchil rivojlanishi xalqimizni sifatli baliq mahsulotlari bilan taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, sohada mulkchilik munosabatlarini takomillashtirish hamda tabiiy suv havzalaridan oqilona foydalanishda keng imkoniyat yaratmoqda.

Yetti xazinaning biri boʻlgan baliqchilikni yana-da rivojlantirish uchun mamlakatimizda suv havzalari resurslari ham, ishonchli va ­ilmiy asoslangan loyihalar ham yetarli.

Eng asosiysi, ulardan yana-da samarali foydalanish choralarini koʻrish!

“TST Fish Cluster”ning salkam 500 kishilik jamoasi joriy yilgi mavsumda elimiz dasturxoniga 5340 tonna baliq yetkazib berishga ahd qilgan. Buning uchun mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinayotir. Ammo bu chegara emas. Havzalar mahsuldorligi yil sayin ortib borishi kutilmoqda. Masalan, kelgusi yilda 6000 tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan.

Tabiiy savol tugʻiladi: bunga qanday erishiladi?

Intensiv texnologiyalar ana shunday qoʻshimcha imkoniyatlarni taqdim etmoqda.

Gap shundaki, klasterda baliq yetishtirish sekin-asta toʻliq intensiv usulga oʻtkaziladi. Bunda Xitoy tajribasiga tayanilayotgani amalda oʻz samarasini beryapti. Shuning uchun yaqinda intensiv usulda zogʻorabaliq yetishtirish loyihasi doirasida Xitoyning “E-LINE CO Ltd” kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi.

Ayni paytda mazkur kompaniya tomonidan havzalar yopiq suv taʼminoti qurilmasi bilan jihozlanmoqda. Loyiha qiymati 238536 dollarga teng boʻlib, qurilmalar shu yilning sentyabr oyida ishga tushiriladi. Buning sharofati bilan havzalarning har gektarida 60 tonnadan 90 tonnagacha tovar baliq ovlash imkoniyati yuzaga keladi.

Fosforga boy mahsulotlar ishlab chiqariladi

Bugun soha korxonalari oldiga nafaqat baliq yetishtirish hajmi, balki turlarini koʻpaytirish, is­teʼmolchilarga tanlash imkoniyatini yaratish vazifasi qoʻyilmoqda. Chunki hamon baliq konservalari, forel, osyotr, losos kabi qimmatbaho baliqlarga boʻlgan ichki ehtiyoj, asosan, import hisobiga taʼminlanmoqda.

Shunday ekan, “TST Fish Cluster” import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar koʻpaytirish maqsadida qanday loyihalar ustida ishlamoqda?

Korxona rahbarining aytishicha, 2022-yilda yakunlanishi belgilangan qiymati 55 million AQSH dollariga teng loyiha aynan yurtimizda kam uchraydigan noyob baliq turlarini koʻpaytirishga qaratilgan.

— Forel, osyotr, losos singari baliq turlari yurtimizdagi tabiiy suv havzalarida yasholmaydi, — deydi M. Rahmatov. — Ular sovuq suv baliqlari hisoblanib, yaxshi oʻsib rivojlanishi uchun suvning harorati va ozuqa tarkibi muhim ahamiyatga ega. Yaʼni suv harorati 15 — 17 daraja boʻlishi va yuqori proteinli maxsus omixta yem bilan oziqlantirilishi talab qilinadi. Shu bois klasterda 10 gektar maydonda yopiq suv havzasi bunyod etish, uni suvni sovitish qurilmalari bilan jihozlash ishlari boshlab yuborildi. Maxsus baliq ozuqasi ­ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish maqsadida esa xorijiy kompaniyalar bilan ­muzokaralar olib borilyapti.

Kelgusida klaster tizimida eng zamonaviy texnologiyalar jalb etilib, baliq shu yerning oʻzida chuqur qayta ishlanadi. Jumladan, dudlangan baliq, turli konservalar, fosforga boyitilgan kotlet va pashtet, shuningdek, yuqori sifatli ­boshqa mahsulotlar tayyorlash oʻzlashtiriladi. Birgina ushbu loyiha doirasida 5 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi, 850 ta yangi ish oʻrni ochilishi kutilmoqda.

Umuman olganda, “TST Fish Cluster” baliqchilik klasteridagi bu kabi loyihalar yurtimizda baliqchilik sanoatida amalga oshiri­layotgan ulkan ishlardan bir misol xolos. Zero, ushbu sohani rivojlantirishga davlat miqyosida jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Baliqchilik klasterlari va xoʻjaliklari samarali faoliyat yuritishi har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, barcha shart-sharoit yaratib berilmoqda. Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 29-avgust kuni imzolangan “Baliqchilik tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror asosida baliqchilik sohasiga navbatdagi imtiyozlar berilyaptiki, bular, pirovardida mahsulot yetishtirish hajmini koʻpaytirish, uning tannarxi arzonlashishiga olib keladi.

Said RAHMON
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер