Kitobxonlik — yorqin kelajak kafolatidir
Foto: Халқ сўзи
Bugungi kunda jamiyatda kitobning maʼnaviy hamda axloqiy ozuqa, madaniyat va til ravnaqi uchun asosiy manba, ajdodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan intellektual meros sifatida mavqeyi hamda ahamiyatini saqlash, hatto tiklashga ehtiyoj sezilyapti. Avvalo, badiiy, maʼrifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan taʼlim muassasalarini taʼminlash, milliy hamda jahon adabiyoti namoyandalarining asarlarini saralash, tarjima qilish ishlarini puxta oʻylangan tizim asosida tashkil etish borasida ishlar olib borilmoqda. Quyidagi mulohazalar orqali shularga toʻxtalib oʻtishni joiz topdik.
Zamonaviy kitobxonlik mezonlari
Adabiyot fan sifatida insonning kimligi va nimalarga qodirligini tashqi omillar bilan emas, balki ichki tugʻyonlar orqali muayyan kategoriyalar orqali ifodalash xususiyatiga ega. Har bir fan qatori adabiyot ham davrlar oʻzgarishi negizida “poʻst tashlab” boradi. Bu “poʻst tashlash” jarayonida odamning oʻy-xayollari, kechinmalari, tuygʻulari, oʻzligini topishga qaratilgan urinishlari ham sayqallanib boradi. Ijodkorlar oʻz ijodiy ishlarini jamiyatga taqdim etar ekan, insonlar undan estetik zavq tuyishini xohlashadi. Kimdir u zavqni tuya oladi, kimdir esa yoʻq. His qilolmaslik insonni chuqur anglashga, soʻzsiz tushunishga toʻsqinlik qiladi. Shuning uchun ham bugungi kun adabiyoti oʻz oʻquvchisi oldiga yangi vazifalarni qoʻyishi kerak. Bunday vazifalardan biri estetik didni rivojlantirishdir.
Zamonaviy kitobxonlikda estetik idrok va did muhim ahamiyatga ega. Estetik didga ega boʻlgan inson atrof-muhitni goʻzallik va xunuklik, ulugʻvorlik va tubanlik, fojiaviylik va kulgililik kabi mezoniy tushunchalar orqali koʻzdan kechiradi. Yuksak estetik didga ega boʻlish odamning oʻzinigina emas, atrofidagilarga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bu qobiliyat tabiiy-tugʻmalikka borib taqalsada, ammo oʻzini asosan tarbiya, ijtimoiy munosabatlar orqali roʻyobga chiqaradi. Estetik did ham aqliy, ham axloqiy, ham hissiy tarbiya uygʻunlashgan umumiylikdan iboratdir.
Kitob bilan ishlash mentalitet va ehtiyojdan kelib chiqib shakllanadigan, kitobxonning shaxsiy qarashlari tufayli rivojlanadigan jarayondir. Bugungi kunda barcha toifadagilar — oʻquvchi, talaba, ishchi, yoshlar, oʻrta yoshlilar, keksa avlod oʻrtasida kitob oʻqishni targʻib qilish, ularning faol kitobxon boʻlishiga erishishda ijtimoiy institutlarning rolini oshirish, mutolaa sohasida dasturiy-loyihaviy faoliyatni rivojlantirish, internet-texnologiyalaridan faol foydalanish hamda kitobxonlik faolligini oshirishga yoʻnaltirilgan ijtimoiy-pedagogik mexanizmlarni takomillashtirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir targʻibot ishlarini tizimli va samarali tashkil etish maqsadida kitobxonlar, kutubxonachi va targʻibotchilar oʻrtasida “Yosh kitobxon”, “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon mahalla”, “Eng kitobxon oila”, “Eng faol kutubxonachi” kabi koʻrik-tanlovlarni yuqori saviyada oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Biroq qandaydir manfaat ilinjida kitob oʻqilishi insonga pand bermaydimi degan savol bizni qiynaydi. Oʻz oʻrnida albatta pand berishi tabiiy. Chunki, inson oʻz ehtiyojidan kelib chiqqan holda kitoblar tanlasa, qaysidir tanlov uchun ruhiga nouygʻun, koʻngliga yiroq kitobni ham oʻqishiga toʻgʻri keladi. Ammo unutmaslik kerakki, har qanday vaziyatda ham mutolaa inson tafakkurini shakllantirishda, dunyoqarashini kengaytirishda muhim rol oʻynaydi.
Bugungi kunda kitob mutolaasi bilan shugʻullanish bilan birga uni targʻib qilish ham muhim masalalardan biridir. Kitobxonlikni turli yosh va soha kishilari oʻrtasida targʻib qilishda mutolaaga jalb qilinadigan kitoblarning mavzu yoʻnalishlarini ham aniqlab olish muhimdir. Turli toifa kishilari sharoitidan, vaziyatidan, faoliyatidan va kasbidan kelib chiqib kitob tanlaydilar. Tanlovning toʻgʻri qilinishi natijaning samaradorligini taʼminlashiga shubha yoʻq.
Talaba-yoshlar hayotida kitobning ahamiyati qanday?
Bugungi shiddat bilan oʻzgarayotgan zamon talabalarning maʼnaviy butun, maʼrifiy yetuk boʻlib yetishishi uchun taʼlim oldiga juda koʻp talablar qoʻymoqda. Bu talablar ichida oʻz ishiga kreativ yondashuv alohida oʻrin tutadi.
Talabalarning zamonaviy bilim, koʻnikma va malakalarni faqatgina oʻzlashtiribgina qolmasdan, balki uning barcha komponentlarini hayotga qoʻllay olishi muhim vazifa ekanini har bir pedagog va taʼlim muassasasi tushunib yetsagina ishda samaradorlik boʻladi. Barcha fanlar qatori adabiyot fani darslarida ham oʻquvchilarning bilim, koʻnikma va malakasini shakllantirishda aniq tavsifli mashgʻulotlarni tashkil etish muhim ahamiyatga ega.
Yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan davlat siyosati borasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va maʼnaviy salohiyatga ega boʻlib, dunyo miqyosida oʻz tengdoshlariga hech qaysi sohada boʻsh kelmaydigan insonlar boʻlib kamol topishi, baxtli boʻlishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz”.
Talaba mutolaasining asosiy manbasi badiiy kitob boʻlmogʻi zarur. Kitob va unga boʻlgan munosabat esa asrlar davomida turfa koʻrinishlarda namoyon boʻldi. Bu munosabatlar zamirida kitobga boʻlgan cheksiz mehrdan tortib, uning komillik mezoni darajasini belgilovchi asosiy vosita ekanligigacha boʻlgan ulkan ishonch yotibdi.
Rivojlangan davlatlarda asosiy eʼtibor kutubxona-axborot tarmoqlarini rivojlantirish, aholi, shu jumladan, oʻquvchi-yoshlarda kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishni orttirishning innovatsion shakl, metod va vositalarini ishlab chiqish muhim vazifa sifatida belgilangan.
Kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida keng aholi qatlamini kitob mutolaasiga jalb qilish va ularni kitob bilan taʼminlash boʻyicha ommaviy tadbirlar, xayriya aksiyalarini tashkil etish, ijtimoiy reklamalardan unumli foydalanish, oʻzbek hamda jahon adabiyotining, taniqli mualliflarning mumtoz va zamonaviy badiiy asarlarini targʻib qilish, ushbu sohada jamoatchilik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, koʻngillilar (volontyorlik) harakatini rivojlantirish, kitobxonlik muammosining keng jamoatchilik muhokamasini, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar hamda internet imkoniyatlaridan keng foydalangan holda tashkil etish boʻyicha aniq ishlar olib borilishi koʻzda tutilmoqda.
Mutolaa madaniyati: kecha va bugun
Mutolaa madaniyatining bugun turli vositalar orqali optimallashib borayotgani quvonarli holatlardan biridir. Bosma nashrdan chiqqan kitoblar yoniga elektron nashrlar qoʻshildi. Elektron nashrlar internetning keng imkoniyatlari sabab juda ommalashdi. Bunday nashrlar uchun maxsus dasturlarning joriy etilishi texnika taraqqiyotining alohida yutugʻi boʻlib, kompyuter, planshet va telefon qurilmalari orqali kitoblarni topish va foydalanishni tezlatib yubordi. Elektron kitoblardan Android tizimi uchun moʻljallangan kitoblar mashhurdir. Shuningdek, kitoblarning audio variantlari yozila boshlangach, joy va vaqt tanlamaydigan erkin mutolaani ommalashtirdi.
Onlayn mutolaa qilish imkoniyati tufayli kitobning onlayn savdosi ham rivojlanib boryapti. Bu borada jahon miqyosida savdoni tashkil etuvchi «Amazon», «LitRes», “Labirint”, “Ozon” kabi internet doʻkonlari kuniga minglab kitoblarni oʻquvchiga yetkazib bermoqda. Oʻzbekistonda ham bu soha ancha yangi va yosh tarmoq boʻlib, bu borada hozircha «Asaxiy books» internet doʻkoni yetakchi rol oʻynamoqda.
Mutolaa uchun vaqtni taqsimlash va kun tartibini aniq belgilab olish muhim omildir. Shango.ru sayti “NOP World” xalqaro reyting agentligi maʼlumotlariga tayanib, quyidagilarni yozadi: dunyoda odamlar haftasiga 16,6 soat vaqtini televizor koʻrishga sarflasa, 8,9 soatni kompyuter qarshisida oʻtkazadi, 6,5 soatni esa mutolaaga ajratadi. 2016-yilda haftasiga eng koʻp kitob oʻqiydigan mamlakatlar roʻyxatida Hindiston — 10,7, Tailand — 9,4, Xitoy — 8, Filippin — 7,6, Chexiya — 7,4, Rossiya — 7,1, Shvetsiya — 6,9, Fransiya — 6,9 va Vengriya — 6,8 soat bilan yuqori oʻrinlarni egalladi.
Kuni va yoki haftasining bir qismini kitob mutolaasi uchun alohida reglament asosida ajrata bilishning oʻziyoq kitobxonlikning naqadar ahamiyatli mashgʻulot turi ekanini isbotlaydi.
Mutolaa madaniyati kishining manbani toʻlaqonli tushunishi, undan estetik zavq olishi, muallif fikri va gʻoyasini anglashi hamda uni baholay olishi kabi xususiyatlarga ega boʻlishini taʼminlaydi. Kitobni tanlash, uni oʻqish, avaylab saqlash, shaxsiy kutubxona tashkil etish, oʻqilgan kitoblarni boshqalarga tavsiya eta olish ham mutolaa madaniyatiga kiradi. Kerakli kitob uchun vaqtni unumli sarflash uchun, atrofdagilarga uning muhim madaniyat belgisi, maʼrifiy tarbiya vositasi sifatida tavsiya qila olish uchun ham kishida badiiy-estetik did darajasi yuqori boʻlishi zarur.
Unutmaslik kerakki, badiiy kitobni hozirgi globallashgan zamonda shunchaki oʻqishga tavsiya qilish bilan oʻqitib, kitobxon didini oshirib boʻlmaydi. Zamonaviy metod va usullar ustida ishlash va shu orqali oʻquvchilarni nimani qachon va qay tartibda oʻqishga koʻniktirish masalalarini ham qayta koʻrib chiqadigan payt keldi.
Rivojlangan davlatlarda kitobga qiziqtirishning bir qancha noodatiy loyihalar oʻylab topilgan va hayotga joriy etilgan. «Bukrosing», “Fleshmob”, «Storisek», “Koʻk chamadon”, “Sehrli ryukzak”, “Xavfsiz burchak” kabi loyihalar shular jumlasidandir. Ular soha faoliyatiga faqat yangilik kiritishi hamda foydalanuvchilarni oʻziga jalb qilishi bilan samarali hisoblanadi.
Badiiy kitobsiz ilmu maʼrifatga toʻla erishishni, haqiqiy toʻkis jamiyat qurishni tasavvur qilib boʻlmaydi. Demak, hamma narsa insonning bilimiga, maʼnaviy kamolotiga borib taqalar ekan, kitobxonlik anʼanalarini davom ettirish, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida mutolaa madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish oʻta zarur vazifaligi oʻz-oʻzidan ayon.
Bahodir XOLIQOV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha 1 prorektori, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring