Kitob javoningizga

19:26 10 Sentyabr 2021 Madaniyat
1439 0

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining saʼy-harakatlari bilan soʻnggi yillarda mamlakatimizda qoʻliga qalam olib xalqi va ona yurti uchun ijod qilgan va qilayotgan koʻplab yozuvchi-shoirlarning, adiblarning toʻplamlari nashr qilindi va oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi. Bu ishlar zamirida Vatan istiqbolini kuylash, ertangi kunga ishonch uygʻotish hamda amalga oshirilayotgan islohotlarga haqqoniy munosabat koʻrsatish kabi yuksak tushunchalar yotadi.

Soʻnggi kunlarda “Adabiyot” nashriyoti tomonidan nashr qilingan ushbu toʻplamlar ham qilinayotgan ishlarning uzviy davomi desak adashmagan boʻlamiz.

«Buyuk oʻzbek yoʻli»

Ona yurtimizning qadimdan to bugungacha qanday shonli va zahmatli yoʻlni bosib oʻtgani barchamizga yaxshi maʼlum. Bu yoʻlda qancha ajdodlarimiz tunni tun, kunni kun demay zahmat chekishgan, kelajak avlodlarga nurli va ulugʻ vatan qoldirish uchun harakat qilishgan. Shuning natijasi oʻlaroq bugun tinch va farovon mamlakatda umr kechirmoqdamiz, yaqinlarimiz sogʻ va omon. Mamlakatimiz kundan kunga yuksalib dunyo xalqlari orasida oʻz oʻrniga ega boʻlgani ham hech kimga sir emas. Darhaqiqat, Yangi Oʻzbekistonda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, kechayotgan jarayonlar butun dunyo xalqlarining diqqat eʼtiborini tortmoqda.

Ushbu kitobda jamlangan maqola va suhbatlarda yurtdoshlarimiz qalbida shijoatu koʻtarinki ruh bagʻishlaydigan yangiliklar, xabarlar aks etgan.

“Kelajakka boshlaydi ishonch”

Ishonch tuygʻusi hamisha insoniyatni olgʻa undagan, unga ruhiy quvvat va gʻayrat bagʻishlagan. Qachonki odamlar qalbida ertangi kunga ishonch boʻlsa koʻngli toʻq va xotirjam yashaydi. Bu ishonch esa qancha harakatlar, mehnatlar evaziga bunyod boʻladi. Bugun yurtdoshlarimiz yuragida ertangi tongga, bugungidan ham goʻzal baxtga, kechagidan ham totli quvonchga ishonch tuygʻusi bor.

Mazkur kitob Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan boʻlib, undan adabiyotimiz rivojiga hissa qoʻshgan adiblar, peshqadam shoirlar hamda yosh ijodkorlarning vatan, xalq, bunyodkorlik mavzusida, vatanparvarlik ruhida yozilgan sheʼrlari oʻrin olgan.

“Orzular xiyoboni”

Inson qalbi goʻzal orzu bilan bezalgan, yuksak maqsadlar ila mushtarak boʻlsa hayotning chin maʼnodagi lazzatini, shavqiyu zavqini his qiladi. Orzusiz odamning yuragi qorongʻu uyga mengzaydi. Bu uy qanchalik yorugʻ boʻlsa, unda shuncha yaxshilik, ezgulik kabi tushunchalar mavjud boʻladi. Orzular xiyobonida orzular qilinadi, orzular ushaladi. Shu bois orzular xiyoboni kishilarning eng sevimli joyi ekaniga shubha yoʻq.

Ushbu kitobga yurtimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida taniqli adiblar, shuningdek, yosh yozuvchilarning Vatan, ona zamin, milliy tilimiz, ayni paytda qadriyatlarimiz, osori-atiqalarimiz ifoda etilgan eng sara hikoyalari jamlangan.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?