“Kitob karvoni” Boysunda

19:45 28 Oktyabr 2025 Jamiyat
307 0

Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi doirasidagi “Kitob karvoni” Boysun tumaniga yetib keldi.

Jahon adabiyotining eng sara namunalari, oʻzbek adabiyoti durdonalari, shu yil kitobxonlar eʼtiboriga havola qilingan yangi asarlar tuman Axborot-kutubxona markaziga topshirildi.

— Bu loyiha yoshlarimizning dunyoqarashini kengaytirish, kitobxonlik madaniyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Boysun tumani boʻlimi boshligʻi F.Normamatov. — Kitob karvonini qabul qilib olish orqali biz nafaqat zamonaviy va klassik adabiyot bilan tanishtiramiz, balki yoshlarda mutolaaga boʻlgan qiziqish va intellektual faollikni ham ragʻbatlantiramiz. Loyihaning maqsadi har bir yosh kitobxon uchun bilim olamining eshiklarini ochishdan iborat.

“Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi Prezidentimiz tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, unda mamlakatning barcha hududlariga kitoblar yetkazib berish, kutubxonalarning fondini boyitish va yoshlarni kitob oʻqishga jalb qilish nazarda tutilgan. Shu yilning boshidan buyon loyiha doirasida minglab kitoblar respublika boʻylab yetkazilgan va yuzlab kitobxonlar bilan uchrashuvlar tashkil etilgan.

Boysunlik yoshlar uchun ushbu tadbir nafaqat bilim olamiga kirish eshigini ochadi, balki kitobga boʻlgan qiziqishni kuchaytirish, maʼnaviy va madaniy rivojlanishga xizmat qiluvchi muhim voqea boʻldi.

Farhod ESONOV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?