“Kitob karvoni” anjumanida ijodkorga ehtirom koʻrsatildi
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Buxoro viloyati boʻlimlari, Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida “Kitob karvoni” adabiy-maʼrifiy anjumani oʻtkazildi.
Adabiyot va sanʼat ixlosmandlari, olim va ijodkorlar, yoshlar ishtirok etgan tadbir avvalida oʻttiz nafardan ziyod muallifning ellikka yaqin kitobi taqdimoti uyushtirildi. Ular orasida Buxoroda tugʻilib oʻsgan Neʼmat Aminov, Omon Muxtor, Nortoʻxta Qilich singari ustoz adiblarning Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan chop etilgan “Tanlangan asarlar”i, yozuvchi va shoirlar Joʻra Fozil, Zikrilla Neʼmat, Abdunabi Hamro, Mohigul Nazarova va boshqalarning kitoblarini koʻrish mumkin edi.

Kitobxonlik madaniyatini, yoshlarning maʼnaviy dunyoqarashini boyitish, qalam ahlining bu boradagi masʼuliyatini oshirish kabi maqsadlar koʻzda tutilgan anjuman dasturi doirasida shoir va adabiyotshunos olim Shodmon Sulaymon tavalludining 50-yilligi ham nishonlandi. Shu munosabat bilan soʻz olganlar koʻplab sheʼriy kitoblar muallifi, “Shuhrat” medali sohibi sanalgan ijodkorning hayoti, nazmiy bitiklari haqida toʻxtaldi. Uning uyushma viloyat boʻlimi rahbari sifatida olib borayotgan ishlari eʼtirof etilib, shoirga ehtirom koʻrsatildi. Anjumanda yangragan mumtoz kuy va qoʻshiqlar davraga fayz bagʻishladi.
Tadbir oxirida soha faollariga adabiyot va madaniyat rivojiga qoʻshayotgan hissasi uchun tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari berildi. Bir guruh ijodkorlarga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolik guvohnomalari topshirildi.
Istam IBROHIMOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring