Kitob aslan bebaho, ammo...

11:30 18 Aprel 2025 Jamiyat
99 0

Otabek ISROILOV/“Xalq soʻzi”. Kitob narxi arzon boʻlishi kerak. Buning uchun nashriyotlar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi lozim. Chunki mazkur soliqni kitob sotib olayotgan odam toʻlaydi. Joriy yildan nashriyotlar foyda soligʻidan ozod qilinishi ayni muddao boʻldi. Oʻzbekistonda nashriyot-matbaa faoliyatidan olingan daromadlari hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining kamida 90 foizini tashkil etgan soliq toʻlovchilar 2025-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda mazkur faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻini (bundan foizlar tarzidagi daromadlar mustasno) toʻlashdan ozod etildi. Bu islohotlarni izchil davom ettirish shart! Toki aslan bebaho boʻlgan kitobning moddiy qiymati qimmat boʻlmasin!

Tuman kutubxonasi qayerda?

Hozirda “axborot-kutubxona markazi” degan jimjimador nom bilan ataladigan kutubxona binosi kompyuter klubidan, tungi klubdan koʻra koʻrimliroq boʻlmas ekan, “Yoshlar kitob oʻqimay qoʻydi”, degan gaplar befoyda. Ziyo maskanlari uchun hududning gadoytopmas, pana-pastqam binolaridan emas, aholiga qulay lokatsiyalardan joy ajratish kerak. Biz koʻpincha “Yosh kitobxon” tanloviga boradigan yoʻlni Yoshlar ishlari agentligi binolaridan oʻtadi, deb oʻylaymiz. Yoʻq, bu yoʻl tuman-shahar kutubxonalarining qoq yuragidan oʻtadi. Yoshlar oʻsha yoʻlni qiynalmay topishi kerak. Kutubxonalar xazina. Ammo bu yashiriladigan emas, ochib qoʻyiladigan, odamlar bahramand boʻladigan xazina boʻlishi lozim.

Soʻnggi yillarda “Bosma nashrlar davri oʻtdi. Kutubxonalar endi faqat arxiv vazifasini bajaradi”, degan fikr shakllanib qolmoqda. Rivojlangan davlatlar kutubxonalarini yildan yilga yangi dizaynlar bilan bezatib, oʻquvchini oʻziga jalb qilmoqda. Balki bizda ham kutubxonalar uchun yangi va bir xil koʻrinishdagi meʼmoriy yechim topish vaqti kelgandir.

Maktab kutubxonachisini taniysizmi?

Kitobxonlik haqida gap ketsa, darrov adabiyot oʻqituvchilarini tilga olamiz. Toʻgʻri, bolaning kitobga qiziqishida ularning muhim oʻrni bor. Lekin bola adabiyot oʻqituvchisi bilan yuqori sinfga oʻtganda tanishadi. Holbuki, u 1-sinfda, baʼzan bogʻcha paytidayoq oʻqishni oʻrganadi. 2-sinfdan maktab kutubxonasiga qatnayotgan oʻquvchi uchun kitobxonlik targʻibotchisi kutubxona mudirasi hisoblanadi. Shuning uchun kutubxonachining obroʻsi boshqa pedagog xodimlar, hatto maktab direktori oʻrinbosarlari qatorida turishi joiz. Modomiki, kitobxonlik davlat siyosati darajasida ekan, maktab kutubxonachilari ana shu targʻibotning eng kichik, ammo eng muhim murvati hisoblanadi. Bu murvat ishlamasa, katta tizimning aylangani toʻliq natija bermaydi. Xayoliy ekranda nosozlik signali yonib turaveradi.

Eng yaxshi ibrat – oilada

— Nimagaki erishgan boʻlsam, kitobdan minnatdorman, qaysidir xato ishdan qaytgan boʻlsam ham, — deydi ijodkor Aziz Norqulov. — Esimni taniganimdan buyon uyimizda adabiyot, turli badiiy asarlar, ona tilimiz jozibasi, shevalar haqida gaplashganmiz. Otam oʻqituvchi boʻlib ishlagani, oʻzi ham ijod bilan shugʻullangani uchun uyimizda katta kutubxona doim boʻlgan. Shu bois, eng yaxshi ibrat – oilada, deb bilaman. Bugun mendan ulgu olib, farzandlarimda ham kitobga qiziqish balandligini koʻrib, xursand boʻlaman.

Milliy kutubxonamizga koʻp boraman. Erta tongdan yoshlar kitoblarga muhr bostirish uchun navbatda turganini koʻraman. Ichkaridagi oʻquv zali doim toʻla, kitobxonlar sigʻmay qoladi. Yoshlar kitob oʻqimay qoʻydi deya yozgʻirganlarni shu dargohga olib kelib, koʻrsatgim keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер