Kiprda bayram avjida, Parijda esa “aza”

Kecha, 28-avgust kuni Yevropa Chempionlar ligasi musobaqasining guruh bosqichiga qurʼa tashlandi. UEFA 2-yildan beri musobaqalarni futbolga notanish boʻlgan formatda oʻtkazib kelmoqda. Bu muxlislarga yoqib tushayotgan boʻlsa-da, baʼzi jamoalarning zarariga ishlamoqda.
Bugun UEFA Chempionlar ligasi qurʼasini eng muvaffaqiyatli oʻtkazgan 3 ta va omadsizlikka uchragan 3 ta klubni tahlil qilamiz.
Qurʼada omadi chopgan klublar
“Arsenal”
Mikel Arteta jamoasi uchun bu galgi qurʼa ancha yaxshi oʻtdi deyishga asoslar yetarli. 2-savatchadan oʻrin olgan “toʻpchilar” guruh bosqichida 1-savatchadan “Bavariya” va “Inter” raqib sifatida tanlandi. Albatta, 1-savatchadan Yevropaning eng toʻp jamoalari oʻrin olgan. Ammo, hozirgi “Inter”dan bemalol ochko olish mumkin.
Ikkinchi savatchadan jamoaga Ispaniyaning “Atletiko Madrid” va Belgiyaning “Bryugge” jamoalari tushdi. Madrid klubi bilan jamoaning imkoniyatlari teng. Ammo, “Bryugge”ni bemalol magʻlub etish mumkin. Ustiga-ustak ushbu bahs Londonda oʻtadi.
Uchinchi va toʻrtinchi savatchadan “Arsenal”ga birorta jiddiy raqib tushmadi. Gretsiyaning “Olimpiakos”, Ispaniyaning “Atletik Bilbao”, Qozogʻistonning “Qayrat” va Chexiyaning “Slaviya Praga” jamoalari. Qisqa qilib aytganda, Arteta shogirdlari bunday taqvim bilan dastlabki sakkiztalikka kira olmasliklari uyatli holat boʻladi.
“Kopengagen”
Daniyaning “Kopengagen” jamoasi ham qurʼa natijalaridan xursand boʻlgan boʻlsa kerak.
Dastlabki savatchadan jamoaga “Barselona” va koʻpchilik tomonidan birinchi savatchadagi eng kuchsiz jamoa deb qaralgan “Borussiya Dortmund” tushdi. Nemislarga qarshi bahs Daniyada oʻtishini inobatga olsak, “Kopengagen”da “Borussiya”dan ochko olish imkoniyati bor.
Ikkinchi savatchadan “Bayer” va “Vilyarreal” raqib sifatida tanlandi. Har ikki jamoani oʻrtacha baholash mumkin.
Lekin uchinchi savatcha daniyaliklar uchun omadsiz boʻldi. Ushbu toʻqqiztalikdan Luis Mendilibar shogirdlariga “Napoli” va “Tottenhem” raqib boʻlishadi.
Soʻnggi savatchadan esa “Qayrat” va “Qarabogʻ” jamoalari tushdi. Magʻlub etsa boʻladigan raqiblar.
Xullas, qurʼa natijasidan soʻng “Kopengagen”da keyingi bosqichga umid paydo boʻlishi kerak.
“Pafos”
Musobaqada ishtirok etadigan eng kuchsiz 5 ta klubdan biri deb qaralayotgan Kipr mamlakatining “Pafos” klubi qurʼaning eng omadli jamoasi boʻldi, deyish mumkin.
Jamoa musobaqada “Monako”, “Slaviya Praga”, “Qayrat”, “Olimpiakos” kabi oʻziga yaqin koʻrilayotgan jamoalarga qarshi oʻynaydi. Shu oʻyinlarning oʻzida natija qilinsa, keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyat yuzaga keladi.
Shuningdek, jamoa 2-savatchadagi “Vilyarreal” klubini oʻz maydonida qabul qiladi. Bu bahsda ham ijobiy natija uchun harakat qilish mumkin.
Toʻgʻri, “Bavariya”, “Chelsi” yoki “Yuventus” kuchli raqibdir. Lekin yuqorida aytib oʻtilgan oʻyinlarda qoʻlga kiritiladigan ijobiy natijalarning oʻzi Kipr klubiga guruhdan chiqish imkoniyatini taqdim etishi mumkin.
Qurʼada omadsizlikka uchragan klublar
“Union SG”
Belgiyaning “Union SG” jamoasini qurʼada omadi yurishmaganlar qatoriga qoʻyishga haqlimiz, menimcha.
Toʻrtinchi savatchadan bahslarga qoʻshilgan ushbu klubga birorta oʻzi saviyasidagi raqib tushmadi.
1-savatchadan “Barselona” va “Inter”, 2-savatchadan “Atalanta” va “Atletiko Madrid” kabi jamoalar Belgiya klubiga raqib sifatida tanlandi.
Klubning uchinchi savatchadagi raqiblari ham anoyi emas – Fransiyaning “Marsel” va Niderlandiyaning “PSV” jamoalari. Barchaga “baxt ulashgan” toʻrtinchi savatchadan ham “Union”ga oʻz darajasidagi raqib tushmadi. Turkiya chempioni “Galatasaroy” va Angliyaning “Nyukasl” klublari.
Xulosa qilib aytganda, Belgiya klubi uchun turnir oson boʻlmaydi.
PSV
Niderlandiyaning PSV Chempionlar ligasida eng noqulay raqiblarga qarshi tushgan jamoalar qatorida ikkinchi boʻlib turibdi, bizningcha.
Piter Bosh boshchiligidagi jamoaga birinchi savatchadan “Liverpul” va “Bavariya” raqib boʻldi. Ayni vaqtdagi PSV bu jamoalarni yutadigan darajada emas.
Ikkinchi savatchadan esa Niderlandiya klubiga “Bayer” va “Atletiko Madrid” raqib boʻldi. “Bayer” bilan kurashib koʻrsa boʻladi, ammo “Atletiko” jiddiy masala.
Oʻzi oʻrin olgan uchinchi savatchadan ham jamoa “Napoli” kabi nomdor raqibga toʻqnash kelmoqda.
Toʻrtinchi savatchadagi “Union SG” klubi bilan oʻyinda gʻalaba qozonishga imkoniyat bor, ammo mazkur savatdan tushgan yana bir jamoa – “Nyukasl” hozirda “PSV”ga yutqazadigan holatda emas.
Shundan kelib chiqqan holda ayta olamizki, PSV guruhdan chiqish imkoniyati eng past boʻlgan jamoalardan biri.
PSJ
UEFA Chempionlar ligasiga tashlangan qurʼada “ketmoni uchmagan” jamoalar nominatsiyasida birinchi oʻrinni amaldagi chempionga bera olamiz. Bunga yetarlicha asoslar bor.
Birinchi savatchadan Luis Enrike jamoasiga “Bavariya” va “Barselona” raqib boʻldi. Aynan shu ikki klub oʻtgan yilgi mavsum PSJni toʻxtatishi aytilayotgandi. Bu gaplar qay darajada asosli, bu mavsum guvoh boʻlamiz.
Ikkinchi savatchadan PSJga raqib boʻladigan “Atalanta” ham aynan chempionlarning uslubidagi jamoa hisoblanadi. PSJ oʻz uslubida oʻynaydigan jamoalarga qarshi qiynalishiga “Chelsi”ga qarshi oʻtgan Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionati musobaqasi finalida guvoh boʻldik.
Grandlarga ochko ulashuvchi jamoalarni “inʼom etayotgan” uchinchi va toʻrtinchi savatchalardan ham PSJga birorta zaif raqib tushmadi. Yevropa ligasi gʻolibi “Tottenhem”, Portugaliya chempioni “Sporting”, La Liga vakili “Atletik Bilbao” va oʻtgan mavsum PSJda alami qolgan “Nyukasl”.
Sportda chempion boʻlish oson, chempionlikni himoya qilish qiyin degan gap bor. Ayni vaqtda bu gap PSJ jamoasiga har doimgidan-da koʻproq mos kelmoqda.
Hozircha shuncha gaplar. Aslida nimalar boʻladi? Buni sentyabr oyidan start oladigan musobaqaning guruh oʻyinlarini tomosha qilish orqali bilib olamiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring