Kim Chen In nihoyat oʻzini eslatib qoʻydi: u Rossiyaga 6000 askar yuboryapti
Rossiya Federatsiyasi va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi oʻrtasidagi harbiy va iqtisodiy hamkorlik yanada kuchaymoqda. 17-iyun kuni Pxenyanda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu va KXDR yetakchisi Kim Chen In oʻrtasida oʻtgan muzokaralar natijasida, Shimoliy Koreya tomonidan 6 mingga yaqin harbiy mutaxassisni Rossiyaning Kursk viloyatiga yuborish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Mazkur kelishuvga koʻra, Shimoliy Koreya Rossiyaga 1000 nafar sapyorlarni minalardan tozalash ishlari uchun, shuningdek, 5000 nafar harbiy quruvchilarni vayron boʻlgan infratuzilma obyektlarini tiklash maqsadida yuboradi. Bu haqda Sergey Shoygu rasman bayonot berdi. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu tashabbus avvalgi uchrashuvlar davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy davomidir.
Maʼlum qilinishicha, bu Sergey Shoyguning iyun oyidagi Shimoliy Koreyaga ikkinchi tashrifi hisoblanadi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin topshirigʻiga binoan amalga oshirilgan ushbu tashrif davomida Shimoliy Koreya rahbariyati bilan ikki tomonlama harbiy-texnik va infratuzilmaviy hamkorlik yuzasidan muhim muzokaralar olib borilgan. Tashrif doirasida ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy yaqinlik yana bir bor tasdiqlandi.
Kursk viloyati rahbari Aleksandr Xinshteynning avval bergan maʼlumotiga koʻra, hududda taxminan 500 ming gektar yer maydoni minalangan boʻlib, bu butun viloyat hududining 1/6 qismini tashkil etadi. 1-iyun holatiga koʻra, bu minalangan maydonlarning faqat 8 foizi tozalanishga ulgurgan. Shu bois KXDRdan yuboriladigan sapyorlar katta ahamiyat kasb etmoqda.
KXDR tomonidan yuboriladigan harbiy quruvchilar esa hududdagi vayron boʻlgan infratuzilma obyektlarini tiklash ishlarida qatnashadi. Rossiya rasmiylarining taʼkidlashicha, ushbu yordam tiklanish jarayonini sezilarli darajada tezlashtiradi. Bu, ayniqsa, jangovar harakatlar taʼsirida zarar koʻrgan joylarda muhim hisoblanadi.
Shimoliy Koreya harbiylarini Rossiyaga yuborish xalqaro jamoatchilikda ham turli munosabatlarga sabab boʻldi. Gʻarb davlatlari ushbu hamkorlikni BMT rezolyutsiyalariga zid deb hisoblayapti. Biroq Pxenyan va Moskva bu kabi ayblovlarni rad etmoqda hamda oʻzaro manfaatli aloqalarni davom ettirishga bel bogʻlagan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
- “Humans” Oʻzbekistondan yuzlab million dollar zararni qoplashni talab qilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring