Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish masalalari muhokama qilindi

18:00 04 Fevral 2025 Siyosat
523 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

2025 yilning 4 fevral kuni Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi, Komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Unda davlat rahbari tomonidan xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda bandligiga ko‘maklashish yuzasidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, faolligini oshirish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish yo‘lida muhim choralar ko‘rilmoqda.

So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, ijroga qaratildi.

Jumladan, xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha Senat Raisi boshchiligida Yangiyo‘l tumanining Qirsadaq mahallasi tajribasi asosida respublikada yangicha tizim yo‘lga qo‘yildi.

Natijada 2024–2025 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi resursidan xotin-qizlar tadbirkorligi loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olindi.

Shunga muvofiq Xalq banki, Mikrokreditbank, Biznesni rivojlantirish banki orqali xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga oid 250 ta tavsiyaviy biznes loyihalar ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, “Loyihalar fabrikasi” elektron platformasi ishga tushirilib, foydalanuvchilarga tavsiyaviy biznes loyihalar, sohalar bo‘yicha ajratiladigan kredit shartlari bilan tanishish, kreditlarni onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi.

Belgilangan vazifalar hamda maqsadli ko‘rsatkichlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga, shuningdek joylarda aniqlangan muammolarning tezkorlik bilan hal etilishiga ko‘maklashish maqsadadida Oliy Majlis Senati a’zolari, Respublika komissiyasi a’zolari hududlarga, mahalliy Kengash deputatlari tuman, shahar va mahallalarga biriktirildi.

Buning natijasida  2024 yilning o‘zida xotin-qizlarning 251,4 ming nafari doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, 54,5 ming nafari jamoat ishlariga jalb qilindi, 177,1 ming nafari kasb-hunarga va 147,3 ming nafari tadbirkorlikka o‘qitildi.

Shu bilan birga 55,1 ming nafar xotin-qizga 289 mlrd so‘m subsidiya ajratilib bandligi ta’minlandi. 206,6 ming nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va uni kengaytirsh maqsadida 3 trln 472 mlrd so‘m  imtiyozli kredit ajratildi.

Majlisda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha berilgan ayrim topshiriqlarning ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.

Jumladan, ayrim mahallalarda xotin-qizlarning doimiy bandligini ta’minlash, jamoat ishlariga jalb qilish, mahallalarning drayveridan kelib chiqib kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish talab darajasida emasligi aytib o‘tildi.

Tijorat banklariga tashabbuskor xotin-qizlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashish, yil davomida loyihalar amalga oshirilishini kuzatib borish, ayol tadbirkorlar bilan doimiy muloqot qilish va ularning muammolarini yechish muhimligi aytib o‘tildi.

Mazkur kamchiliklar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar, tijorat banklari, hudud rahbarlarining axborotlari eshitilib, bartaraf etish choralarini ko‘rish yuzasijan topshiriqlar berildi.

Shuningdek, majlisda Respublika komissiyasi tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlarga ham e’tibor qaratildi.

Xususan, norasmiy bandlikni qisqartirish, nogironligi bo‘lgan mehnatga layoqatli ishsiz ayollarga e’tibor qaratish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan, yuqori daromadli va zamonaviy kasb-hunarga xotin-qizlarni o‘qitish qamrovini kengaytirish, hududlarning o‘sish drayverlaridan kelib chiqib, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish vazifalari belgilab olindi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер