Xotin-qizlar bandligini taʼminlash — pirovard maqsad

15:09 29 Mart 2024 Iqtisodiyot
1046 0

Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Bugungi kunda Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi koʻplab mahallalarda ana shunday markazlar tashkil qilingan.

Birgina «Qoʻshchinor» mahalla fuqarolar yigʻinidagi ushbu markazga mohir chevar Hilola Nodirova rahbarlik qilib, ishsiz xotin-qizlarga tikish-bichish sirlarini oʻrgatyapti.

— Markazimiz oʻtgan yilning iyun oyida tashkil etilgan. Mahalladagi hokim yordamchisi koʻmagida imtiyozli kredit asosida 4 ta tikuv mashinkasi olib, markaz faoliyatini yoʻlga qoʻydim. Ayni damda 15 nafar xotin-qizga tikish-bichish sirlarini oʻrgatyapman. Markazdan hunar oʻrganib chiqqan qizlar oʻzlari mustaqil faoliyat yuritishmoqda, — deydi markaz rahbari Hilola Nodirova. — Maqsadimiz kasanachilikni rivojlantirish orqali oila byudjeti daromadlarini oshirish, uy mehnatidan foydalangan holda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va ish bilan band boʻlmagan xotin-qizlar sonini qisqartirish, mahallalarda ayollar bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlashdan iborat.

Markazda xotin-qizlar nafaqat hunar oʻrganishadi, balki salomatliklarini mustahkamlash maqsadida sport bilan ham shugʻullanishadi.

— Tumanda 41 ta shunday markaz ochilgan boʻlib, 37 tasi tikuvchilik, 2 ta qandolatchilik, yana 2 tasi esa fitnes klublarni tashkil qiladi, — deydi Toyloq tuman hokimining oʻrinbosari Noila Qamariddinova. — Markazlardagi tadbirkorlar qaror talablariga asosan 5-yil muddatga ijara shartlari asosida ish faoliyatini yuritib kelmoqda. Ular tomonidan bugungi kunga qadar 125 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlandi.

Shuningdek, tashkil etilgan markazlarda stol tennisi, shaxmat va shashka doskalari hamda boshqa turdagi sport bilan shugʻullanishi uchun zarur qulayliklar yaratilgan.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер