Xorijlik kuzatuvchilar Xorazmda saylov yuksak siyosiy faollik asosida oʻtayotganini taʼkidlashdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqea – muddatidan ilgari Prezident saylovida xorazmlik saylovchilar ham yurt kelajagiga daxldorlik tuygʻusini namoyish etib, yuksak siyosiy faollik koʻrsatishdi. Viloyat hududidagi 553 ta saylov uchastkasida saylov jarayoni milliy qonunchiligimiz hamda jahon hamjamiyatida tan olingan demokratik prinsiplarga toʻliq muvofiq holda, ochiq-oshkora va adolatli tarzda oʻtkazildi.
Bu fikrni jarayonda bevosita ishtirok etgan xalqaro kuzatuvchilar yakdillik bilan eʼtirof etdilar.
Fariza Sham — xalqaro kuzatuvchi, professor (Malayziya):
— Malayziya milliy universitetining islom sivilizatsiyasi institutida faoliyat olib boraman. Oʻzbekistonda 2021-yilda ham xalqaro kuzatuvchi sifatida saylov jarayonlarida qatnashgan edim. Mamlakatingizda bunday siyosiy tadbirlarga juda katta tayyorgarlik koʻriladi. Bu gal ham saylov uchastkalarida saylovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilganiga guvoh boʻldim. Oʻzbekistonga qiziqishim juda katta. Negaki, yurtingizdan yetishib chiqqan al-Xorazmiy, al-Beruniy, imom al-Buxoriy, at-Termiziy kabi mutafakkirlar islom sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan.
Avval Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarida boʻlgan boʻlsam, bu gal ilk bor Xorazm viloyatiga keldim. Qadimiy Xivaning Ichanqalʼa majmuasini tomosha qilishni orzu qilardim. Safar davomida bu niyatim ham amalga oshdi. Taassurotlarim bir olam.
Inga Abgarova — xalqaro kuzatuvchi (Gretsiya):
— Avvalo, men Oʻzbekistondagi shunday muhim siyosiy tadbirda kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotganimdan mamnunman. Mamlakatingiz saylov tizimi yuksak demokratik talablar darajasida shakllangan. Joylarda saylov uchastkalari faoliyati bilan tanishib, ushbu siyosiy tadbirga puxta taraddud koʻrilganligiga amin boʻldim.
Saylovoldi tashviqotini olib borishda barcha targʻibot vositalaridan samarali foydalanilgani sababli saylovchilar Prezidentlikka nomzodlarning harakat dasturlaridan yaxshi xabardor. Har bir nomzod uchun teng imkoniyatlar yaratilgani hamda saylov ochiqlik, oshkoralik ruhida, demokratik tamoyillar asosida oʻtganiga shubha yoʻq.
Yelena Buldakova — “Planet 360. Info” xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti (Italiya):
— Prezident sayloviga tayyorgarlik va ovoz berish jarayonlari menda katta taassurot qoldirdi. Saylovchilar barcha zarur maʼlumotlar bilan taʼminlangan. Meni hayratga solgan narsa fuqarolarda vatanparvarlik tuygʻusi juda kuchli va siyosiy jarayonga qiziqishi yuqori.
Urganch va Xiva shaharlaridagi saylov uchastkalarini kuzatish jarayonida buning guvohi boʻldim. Ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslarning ovoz berishlari uchun yaratilgan sharoitlar, koʻzi ojiz fuqarolar uchun brayl yozuvidagi saylov byulletenlarining chop etilgani, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan mahbuslarning konstitutsiyada belgilangan huquqlaridan toʻliq foydalanishlari uchun imkoniyat yaratib berilgani nafaqat qonun ustuvorligi va demokratiya tantanasi, balki insonparvarlikning ham oliy namunasidir.
Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring