Xorijiy hamkorlar Shavkat Mirziyoyevni Navroʻz bayrami munosabati bilan samimiy tabriklamoqda

19:22 21 Mart 2025 Siyosat
258 0

Insoniyat tarixidagi eng qadimiy bayramlardan biri – tabiat uygʻonishi, yangi hayot va yasharish ramzi boʻlgan, koʻp millatli xalqimizga xos boʻlgan ezgulik, mehr-oqibat, sahovat va gʻamxoʻrlik, bunyodkorlik, ona zamin va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabat kabi fazilatlarni oʻzida mujassam etgan Navroʻz bayrami kirib kelishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat arboblaridan samimiy tabriklar kelmoqda.

Xorijiy hamkorlar oʻz maktublarida yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, barqaror rivojlanish, doʻstlik, totuvlik va yaxshi qoʻshnichilik muhitini yuqori baholamoqda. Tinchliksevar va pragmatik tashqi siyosat tufayli Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotgani alohida taʼkidlanib, Yangi Oʻzbekistonga ravnaq tilaklari izhor etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.

Navroʻz ayyomi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy qutlovlarimiz va ezgu istaklarimizni yoʻllab, Sizga sihat-salomatlik va baxt-saodat, birodar Oʻzbekiston hukumati va xalqiga davomiy taraqqiyot va ravnaq tilashdan mamnunmiz.

Yuksak ehtirom ila,

Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,

Saudiya Arabistoni Podshohi

 

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu

Navroʻz bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy qutlovlarim va ezgu istaklarimni yoʻllab, Sizga sihat-salomatlik va baxt-saodat, birodar Oʻzbekiston hukumati va xalqiga yanada taraqqiyot va ravnaq tilashdan mamnunman.

Yuksak ehtirom ila,

Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,

Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi

 

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident janoblari, aziz qardoshim,

Tabiat qayta jonlangan, tuproq uygʻongan va umidlar kurtak otgan Navroʻz bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga va doʻst Oʻzbekiston xalqiga eng samimiy tabriklarimni yoʻllayman.

Asrlik qadim anʼanamiz Navroʻz - tinchlikning, birodarlikning va birdamlikning ahamiyatini bu yil ham eslashimizga imkoniyat yaratmoqda. Navroʻzning dunyoda tinchlikka boʻlgan umidning kurtak ochgani, xalqaro muloqot va hamkorlikning yangi qirralar ochgan payt xushxabarini keltirishini chin yurakdan tilab qolaman. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi chuqur ildiz otgan doʻstlik va birodarlik rishtalarining mustahkamlanishi, hamkorligimizning yanada kuchayishi bu Navroʻzda ham samimiy orzularimiz orasida.

Ushbu mazmunli kun munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston xalqiga tinchlik, omonlik va farovonlikka toʻla kelajak tilab qolaman.

Rejep Tayyip Erdogʻan,

Turkiya Respublikasi Prezidenti

 

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Sizni va qardosh Oʻzbekiston xalqini ulugʻ ayyom - Navroʻz bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bu mamlakatlarimizni koʻp asrlik doʻstlik, oʻzaro anglashuv va hurmat anʼanalari bilan bogʻlaydigan, shuningdek, tabiatning yangilanishi va tiklanishining ramzi boʻlgan yorqin bayramdir. Ushbu fayzli kunda xalqlarimiz birdamlik va farovonlik yoʻlida birlashsin.

Navroʻz bayramining muqaddas qadriyatlari davlatlararo aloqalarimizni yanada rivojlantirish, xalqlarimiz farovonligi yoʻlida yuksak maqsad va vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilishiga qatʼiy ishonaman.

Ushbu qutlugʻ ayyomda Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, bitmas-tuganmas kuch-gʻayrat, oilangizga baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.

Eng yaxshi tilaklar bilan,

Qasim-Jomart Toqayev,

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti

 

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizni va qardosh Oʻzbekiston xalqini goʻzal Navroʻz bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Bu yorqin va quvonchli bayram bahorda tabiat uygʻonishi, birlik va doʻstlik, tinchlik va farovonlik ramzidir. U xalqlarimizni bogʻlab turgan koʻp asrlik doʻstlik va oʻzaro anglashuv anʼanalarini ifodalaydi, umumiy tarixga asoslangan qardoshlik munosabatlarini mustahkamlaydi.

Ishonchim komil, oʻzaro hurmat, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan hamkorligimiz bundan buyon ham barcha darajada birgalikdagi saʼy-harakatlar tarzida davom etib, xalqlarimizning porloq kelajagiga xizmat qiladi.

Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sogʻlik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh oʻzbek xalqiga esa tinchlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz.

Hurmat bilan,

Sadir Japarov,

Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti

 

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Xalqaro Navroʻz bayrami munosabati bilan eng ezgu va samimiy tilaklarga yoʻgʻrilgan samimiy qutlovlarimizni qabul qilgaysiz.

Qadimiy tarixga ega ushbu bayram madaniy meros va koʻp asrlik anʼanalarimiz mushtarakligi ifodasi sifatida uni nishonlaydigan xalqlar oʻrtasidagi aloqalarni tinchlik va xavfsizlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va qoʻllab-quvvatlash gʻoyalari asosida mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi.

Navroʻzning boqiy bunyodkorlik anʼanalari bizni xalqlarimiz va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻlida tinimsiz saʼy-harakat qilishga undaydi.

Tojikiston tomoni Oʻzbekiston bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi davlatlararo munosabatlarning bugungi darajasidan mamnun.

Ishonchim komil, mamlakatlarimiz ushbu qadimiy bayramning yuksak umuminsoniy qadriyatlariga tayangan holda, koʻp qirrali munosabatlarni mazmunan boyitish yoʻlida bundan buyon ham birgalikda harakat qiladilar.

Ushbu qutlugʻ kunlarda Sizga mustahkam sogʻlik va masʼuliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi zafarlar, mamlakatingizning qardosh xalqiga esa baxt-saodat, farovonlik, tinchlik va barqarorlik, izchil taraqqiyot va ravnaq tilayman.

Navroʻz muborak!

Chuqur hurmat bilan,

Emomali Rahmon,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti

 

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Xalqaro Navroʻz bayrami munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllayman.

Dunyoning koʻplab mamlakatlarida keng nishonlanadigan ushbu goʻzal bayram bahorning boshlanishi va tabiatning uygʻonishini anglatadi. Navroʻz bayrami turli xalqlar va madaniyatlar oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi. Ushbu yorqin bayram umid ramzi boʻlib, bugungi dunyoda insonparvarlik tuygʻularini mustahkamlashga undaydi.

Ushbu ajoyib bayram Siz va butun mamlakatingiz xalqi uchun baxt, quvonch va yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin!

Chuqur hurmat bilan,

Serdar Berdimuhamedov,

Turkmaniston Prezidenti

 

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Xalqaro Navroʻz bayrami munosabati bilan Sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllash men uchun sharaf!

Bahorgi tengkunlik kunlarida nishonlanadigan xalqaro Navroʻz bayrami insoniyatning eng qadimiy madaniy meroslaridan biridir. Ildizlari ming yillar qaʼriga borib taqaladigan ushbu goʻzal bayram nafaqat tabiat uygʻonishi, balki oʻzaro hurmat, tinch-totuv yashash, bir-birini anglash va mehnatsevarlik ramzidir.

Ushbu qutlugʻ ayyom Siz va butun xalqingizga tinchlik, quvonch va yangi tashabbuslar olib kelsin!

Chuqur hurmat bilan,

Gurbanguli Berdimuhamedov,

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi

 

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich,

Aziz Qardoshim,

Sizni va qardosh Oʻzbekiston xalqini milliy, madaniy va tarixiy ildizlari chuqur boʻlgan Navroʻz bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Ikki ming yildan buyon katta shodu xurramlik bilan nishonlanib kelinayotgan bu bayram zaminning uygʻonishi, tabiatning yangilanishi, insoniyatning qayta tugʻilishini anglatadi. Navroʻzi olam muborak boʻlsin, qardosh xalqlarimiz uchun ezgu ishlarning boshlanishi boʻlsin!

Ishonchim komil, Ozarbayjon - Oʻzbekiston ittifoqi umumiy tariximiz, boy milliy va maʼnaviy qadriyatlarimiz, xalqlarimizning qardoshligi va birdamligiga tayangan holda bundan buyon ham rivojlanib, saʼy-harakatlarimiz bilan mustahkamlanib boraveradi.

Ushbu qutlugʻ ayyomda Sizga va oilangizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston Respublikasi va uning xalqi farovonligi yoʻlidagi faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan,

Ilhom Aliyev,

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

 

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Tabiatning uygʻonishi, yaxshi kelajakka umid hamda hijriy-shamsiy yangi 1404-yilning boshlanishi chogʻi bulmish ulugʻ va qadimiy Navruz bayrami bilan Siz Janobi Oliylarini hamda mamlakatingizning aziz xalqini chin yurakdan tabriklayman.

Bahor tabiatdagi muvozanat nuqtasi hamda mehr-oqibat, yakdillik va yangilanish pallasidir.

Hijriy-shamsiy yangi yilda ikki davlat munosabatlarida hamda xalqlarimiz hayotida ajoyib oʻzgarishlarning guvohi boʻlamiz, deb umid qilaman.

Qodir Egamdan Siz Janobi Oliylariga sogʻlik va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga baxt-saodat va farovonlik, Navroʻz madaniyati mintaqasi davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlariga esa yanada rivojlanish tilab qolaman.

Masʼud Pezeshkiyon,

Eron Islom Respublikasi Prezidenti

***

Shuningdek, quyidagilar oʻz qutlovlarini yoʻllagan:

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayev,

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Majid Xon.

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер