Xorijdan kelgan har bir turist uchun turoperatorlarga subsidiya ajratiladi

12:02 29 Iyul 2023 Jamiyat
488 0

“Turizm yoʻnalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident qarori (PQ–238-son, 27.07.2023-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2024 yil 1-yanvardan:

turoperatorlar tomonidan turistik oqim past boʻlgan xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekistonga olib kelingan har bir turist uchun teng ulushlarda 20 AQSH dollaridan 100 AQSH dollarigacha ragʻbatlantiruvchi subsidiya ajratiladi;

turoperatorlar va aviatashuvchilarning xorijdan Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlariga charter aviaqatnovlari boʻyicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublikada kamida 5 kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSH dollari, qish mavsumida (20 noyabrdan 20 fevralgacha) esa 50 AQSH dollari ekvivalentida teng ulushlarda qoplab beriladi.

Shuningdek, 3 yulduzli toifa uchun 60 ta xonadan kam boʻlmagan, 4 va 5 yulduzli toifa uchun 120 ta xonadan kam boʻlmagan xonalar fondiga ega besh qavatdan past boʻlmagan mehmonxona 2026-yil 31-dekabrgacha foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach, investorlarning yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismi quyidagi miqdorlarda qoplab beriladi:

3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million soʻm;

4 va 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million soʻm.

2026-yil 31-dekabrgacha dunyoning nufuzli mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 va mehmonxona tarmoqlarining top-5 reytingiga kirgan) foydalanuvchi Oʻzbekiston rezidentlari boʻlgan tashkilotlarning royalti xarajatlari franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan 3 yil mobaynida quyidagi miqdorda qisman moliyalashtiriladi:

3 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 200 AQSH dollari ekvivalentida;

4 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 400 AQSH dollari ekvivalentida;

5 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 600 AQSH dollari ekvivalentida.

2024-yil 1-yanvardan nogironligi boʻlgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan “Toʻsiqsiz turizm” dasturi amalga oshiriladi.

2026-yil 1-iyulgacha yetib borish qiyin boʻlgan va chekka joylarda (aholi yashash punktlaridan kamida 10 km yoki qattiq qoplamali avtomobil yoʻllaridan 5 km uzoqlikda) alohida avtonom infratuzilmani yaratgan holda kempinglar tashkil etgan va “safari” turizmi xizmatlarini koʻrsatadigan yuridik shaxslarning mazkur faoliyat turi boʻyicha mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi stavkalari ushbu soliqlar boʻyicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilanadi.

2023/2024 oʻquv yilidan har yili “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar hamda Buyuk ipak yoʻlida joylashgan davlatlar fuqarolari magistraturada davlat granti asosida taʼlim olishlari uchun 10 milliard soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mablagʻlar ajratib boriladi.

2023-yil 1-sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:

turagentlarning elektron toʻlovlar, bron qilish xizmatlarini koʻrsatadigan kamida ikkita xorijiy tildagi veb-saytga ega boʻlishi;

turoperatorlarning elektron toʻlovlar xizmatlarini koʻrsatadigan veb-saytga ega boʻlishi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?