Xorazmning birinchi hokimi Marks Jumaniyozov hayot boʻlganida 85 yoshga toʻlardi
...Boshlovchilarga hamisha qiyin boʻlgan. Taqdiriga yurt ozodlikka erishgan, turli evrilishlar girdobi boʻgʻizdan olib turgan zamonlarda ishlash, yana butun bir el tashvishlari yelkasiga togʻdek yuk boʻlgan rahbarlarga oson tutmang!
Katta avlod vakillari yaxshi eslaydi: oʻtgan asrning toʻqsoninchi yillari — mamlakatimiz mustaqillikka erishib, jahon hamjamiyatiga qoʻshilish sari qadam tashlagan davrda odamlarning bir qop un topishi ham katta muammoga aylangandi...
Gʻalla mustaqilligi uchun kurash keyin boshlanadi. Bozor siyosatiga soʻng oʻtiladi va rastalar turlik mahsulotlardan siniblar ketay deydi...
Endi tan olamizki, oʻsha yetar-yetishmovchilik zamonlarida oʻzaro mehr-oqibat kuchli edi. Odamlarda shukr bilan yashashdek qadim qadriyat oʻlib bitmagan, sabr-qanoat degan tushunchalarga zavol yetmagan —“Bersang yeyman, bermasang oʻlaman!» deydiganlar idoralar ostonalarida yotib olishmagandi.
...Marks ogʻa katta rahbar, ammo hamma qatori oddiy odam edi. Avvalo, xalqqa qayishar, odamlarning ogʻirini yengil qilishga intilardi. Muomala madaniyatining oʻzi bir maktab. Hozirgi ayrim ogʻzi shaloq rahbarlardan farqli hech qachon odob chegaralarini buzmas, ammo topib aytadigan gaplari qalbga yetib borardi.
Hali hamon odamlar turli davralarda bu insonning yigʻilishlarda topib aytgan gaplarni naql qilishadi...
...Xorazmning birinchi hokimi — oʻzidan yaxshi xotira, ibratli ishlar qoldirgan inson osmondan tushmagandi. Shoʻro qatogʻoni avjiga chiqqan yillarda brigadir boʻlib ishlagan, qama-qamalardan yurak oldirib qoʻygan otasi unga shoʻroviylarning nazariy dohiysi sharifini ism oʻrnida qoʻygani — kelajakda boshiga mushkulotlar tushmasin degan niyatda. Negaki, oʻgʻlining tiksoʻz, katta davralarda, kattakonlar oldida haq soʻzni aytishdan qaytmaydigan feʼli boʻlishini bilardi. Bu feʼli oʻzidan oʻtishini ham.
Chekka bir qishloqda tugʻilgan yigit maktabda va oliy oʻquv yurtida yaxshi oʻqib, ish faoliyatini oddiy muhandislikdan boshlaydi.
Oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida hali hamon viloyatda qurilish, texnika, sanoat sohalarida rusiyzabon rahbarlar barcha kursilarni egallab oʻtirishgandi. Marks aka va u kishining tengqurlari aynan oʻsha davrdan boshlab mahalliy kadrlar qoʻshinini shakllantirish, oʻz eli uchun xizmat qilish, odamlar odamga oʻxshab yashashlari uchun shart-sharoitlar yaratish jarayoniga kirishadi. Qisqa muddat — oʻn besh yilning nari-berisida viloyatda katta siljish roʻy beradi, asriy tuproq yoʻllarga tosh yotqiziladi, asfalt qilinadi, yuzlab beton koʻpriklar qoʻriladi, zamonaviy maktab, bogʻcha va aholiga xizmat koʻrsatuvchi shoxobchalar barpo etiladi.
Taqdiri suv bilan bogʻliq vohada shu davrda melioratsiya-irrigatsiya tizimida ham hayratlanarli ishlar qilingan. Va shu bunyodkorliklar jarayonida tashkilotchilik qobiliyati, odamlar bilan ishlash salohiyati, yangilik va tashabbuslarga oʻchligi Marks ogʻa uchun masʼul lavozimlarga yoʻl ochadi. Viloyat ijroqoʻmi raisi muovini, Xonqa va Urganch tumanlarida oʻn yildan ortiq birinchi rahbar boʻlib ishlagani, oʻziga topshirilgan vazifalarni oshigʻi bilan ado qilgani kuni kecha mashina-traktor parkida oddiy muhandis boʻlib ish boshlagan yosh kadrni viloyatning koʻzga koʻringan shaxslaridan birisiga aylantiradi.
Mustaqillikdan soʻng boshqaruvning yangi tizimi — hokimliklar tashkil qilingach, qadim Xorazmga ilk hokim boʻlish u kishining taqdiriga yozilgani bejizga emas. Bir muddat hokimlik davrida yangi davr uchun ishlay oladigan butun bir kadrlar tizimini yaratdiki, Marks ogʻa ishonchini qozongan, u kishidan ish oʻrgangan kadrlar bugungi kunda ham viloyatda islohotlarning yangi bosqichida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorliklarga bosh boʻlishyapti.
Keyinchalik respublika Qishloq xoʻjaligi vaziri, respublika karantin inspeksiyasi boshligʻi vazifalarida ishlagan davrlarida ham tariximizga yozilgulik hayrli ishlar boshida turganlari alohida bir maqolaga mavzu!
...1994-yilning 22-aprelida Fransiya prezidenti Fransua Mittiran Xorazmga kelgan. Bu dunyo siyosatini belgilaydigan “Kuchli yettilik”ka kiruvchi davlat rahbarining qadim yurtga ilk bor tashrifi edi. Hali prezidentlar samolyoti qoʻnishi arafasida tashrifni yoritish uchun kelgan yuzdan ortiq xorijiy jurnalistlar Marks ogʻadan matbuot anjumani oʻtkazishni iltimos qilishgan. Oʻshanda Marks ogʻa soʻzini dunyo tamaddunida oʻz oʻrniga ega Xorazm tarixidan boshlagan. Martabali mehmonlar borishi kutilayotgan Xiva shahri, undagi meʼmoriy obidalar tarixidan aniq sana, tugal maʼlumotlar keltirgan. Qoʻlida birorta qogʻoz yoʻq, barchasini yoddan aytgani xorijlik jurnalistlarni hayratga solgan. Berilgan turli savollarga ham loʻnda va ishonarli javob qaytargan. Savollarning aksari tarixdan edi. (Hali anjuman boshlanishi arafasida Marks ogʻaning koʻzi nogoh menga tushib: “Roʻzimboy, bu yoqqa kel, yonimda tur va bu gaplarimni anov diktafoningga yozib ol! Bir vaqt kelib bular haqida yozarsan”, degandi).
...Hokim matbuot anjumanini yakunlagach, chet ellik hamkasblardan birisi mendan: “Hokim tarixchimi?» deb soʻrab qoldi. Men u kishining texnika boʻyicha muhandis ekani, ammo tarixni bir akademikdan kam bilmasligi, bundan tashqari sanʼatga qiziqishi, oʻzi musiqa asboblarini maromiga yetkazib chalishi, kuchli, oʻktam ovozi bilan mumtoz qoʻshiqlarni kuylashi haqida gap maʼlumot berdim...
Matbuot anjumanining “ikkinchi qismi” xorijlik jurnalistlarning viloyat hokimi haqida toʻliqroq maʼlumot bilishlari niyatidan kelib chiqib, kamina bilan boʻlib oʻtgan...
...Nafaqaga chiqqach ham Marks ogʻa ibratli ishlarini davom ettirdi. Bir kuni kechqurun qoʻngʻiroq qilib qoldi: “Bilasan, qadimdan bizda goʻyandalar oʻrtasida “diralishma” boʻlgan. Shu diralishma kimning kimligini belgilagan. Hozir fonogramma degani chiqqach, hamma qoʻshiqchi jonli ijroni unutdi. Bu borishda qadim sanʼatimizni yoʻqotamiz. Shunga men ertaga kattayu kichik qoʻshiqchilar orasida “diralishma” musobaqasi tashkillashtirdim. Shunga barcha jurnalistlarga ayt. Kelsinlar, koʻrsinlar!»
U kishi Urganch tumanining bir qishlogʻi klubida tashkil qilgan qoʻshiqchilarning aytishuv — diralishmasi roppa-rosa bir kecha-kunduz davom qilgan. Qoʻliga tor olgan va kekkayib yurgan necha-necha “yulduz”lar hali diralishma yarmiga yetmay torini orqalab, qochib qolishgan...
...Ikki-uch oyda oʻtkaziladigan (Marks ogʻa majlisbozlikni yomon koʻrardi) faollar yigʻilishida barcha sohani chuqur tahlil qilib, kamchilikka yoʻl qoʻygan rahbarlarga umri oxirigacha yodidan chiqmaydigan dakki berib (rivoyatu hadislar aralashtirib aytilgan dakki) boʻlgach, odatda zalda ikkinchi qatorda oʻtiradigan jurnalistlarga yuzlanar, barchamizni ismimiz bilan aytib, har birimizga qaysi oqsoq soha haqida tanqidiy-tahliliy maqola yozishimizni topshirardi.
Bir ish bilan qabullariga borganimizda birinchi navbatda bizlarni —jurnalistlarni qabul qilishlari, fikrimiz-taklifimizni eshitishlari... Afuski, keyin boshqa birorta hokim bu “tajriba”ni davom qildirganini koʻrmadim... Va Marks Jumaniyozov kabi teran bilimli, keng dunyoqarashli, kamtar va kamsuqim hokimni ham.
Roʻzimboy HASAN,
Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring