Xorazmda Yoshlar texnoparki ish boshladi

11:04 27 Fevral 2025 Jamiyat
175 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-mayda qabul qilingan “Respublika hududlarida Yoshlar texnoparklarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq hududlarda yoshlarning tahliliy fikrlash, ularni ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, iqtidorli, tashabbuskor yoshlarning oʻz intellektual salohiyatini namoyon qilish va ijtimoiy moslashuvi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida yoshlar texnoparklari tashkil etilyapti.

Innovatsion gʻoyalarni amalga oshirish istagidagi yigit-qizlar uchun “Gʻoyalar generatori“ vazifasini oʻtaydigan ana shunday maskan Xorazm viloyatida ham foydalanishga topshirildi. 10,2 mlrd soʻm mablagʻ evaziga “xaytek” uslubida bunyod etilgan Yoshlar texnoparki oʻz gʻoyasi bilan kirib kelgan iqtidorli yoshlarga amaliy koʻmak berib, loyihani tayyor mahsulotga aylantirish va bozorga chiqarishgacha boʻlgan jarayonda koʻmaklashadi. Intiluvchan yigit-qizlar bu yerda bilimlarini takomillashtirish bilan birga, daromad ham topadi.

— Texnopark yiliga 800 nafar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga qiziquvchi yoshlarni 7 ta yoʻnalishlarda oʻqitish imkoniyatiga ega, — deydi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyev. — Yoshlar bu yerda veb-dasturlash, robototexnika, 3 D modellashtirish, grafik dizayn, veb-dizayn, mexotronika, startaplar bilan ishlash yoʻnalishlarida taʼlim oladi.

Yoshlar texnoparkning ochilish marosimida ilk rezidentlar oʻz loyihalari bilan ishtirok etdi.

— “Aqlli koʻl” deb nomlangan loyiham koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi, — deydi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti 2-bosqich magistranti Dilshod Rajabov. — Men yasagan kichkina qurilma baliqchilik xoʻjaliklarida baliq yetishtirishdagi mavjud muammolarga yechim topishga xizmat qiladi. Ushbu qurilma suvdagi kislorod miqdori, harorat, suvoʻtlari konsentratsiyasi va suv sathini aniqlab turuvchi datchiklarni jamlagani sababli, muammoni aniqlagan holda mobil ilovaga maʼlumot uzatib boradi. Mobil ilova bu maʼlumotlarni tushunishga qulay koʻrinishda muammoga yechim ham chiqarib beradi.

Ayni paytda viloyatdagi baliqchilik koʻllarining 6 tasida shunday qurilmalar oʻrnatilgan. Endilikda Dilshod texnoparkda rezident sifatida faoliyatini yoʻlga qoʻyib, yiliga 200 ta ana shunday qurilmalarni ishlab chiqaradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?