Xorazmda milliy tabiat bogʻi inspektori kaltaklandi

13:43 08 Iyun 2024 Jamiyat
589 0

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi

Xorazm milliy tabiat bogʻi inspektori xizmat vaqtida kaltaklandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, hududda 2024-yil bahorida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan 3000 tup gujum koʻchatlari nobud boʻlish holatiga kelib qolgan. Bunga milliy tabiat bogʻiga tutash hududda “Amudaryo oltin baliq” fermer xoʻjaligi tomonidan ajratilgan yer maydonidan tashqariga chiqib, gujum koʻchatlari ekilgan joyga sholi ekish maqsadida maydon chetidagi katta himoya chegaralari buzib tashlangani va suv ochib yuborilgani sabab boʻlgan.

Buning oqibatida gujum koʻchatlari bir necha kundan buyon suv ostida qolib ketgan. Xorazm milliy tabiat bogʻi maʼmuriyati tomonidan fermer xoʻjaligiga 1 kun muddatda suv chiqarib yuborilmasa, 3000 dan ziyod koʻchat nobud boʻlishi va bu maʼmuriy javobgarlikka tortilishi yuzasidan ogohlantirish xati berilgan.

Ammo fermer xoʻjaligi rahbari A. Oʻ. bu ogohlantirishga parvo qilmasdan, 4-iyun kuni tungi soat 00:00 lar atrofida bogʻ hududiga suv ochish maqsadida kirgan. Shu paytda uni inspektor payqab qolgan va huquqbuzarlikni bartaraf qilishga uringan. Lekin mast holatda boʻlgan A.Oʻ. inspektorga qarshilik koʻrsatgan va uni doʻpposlab, tan jarohati yetkazgan.

“Inspektor Yangibozor tuman tez tibbiy yordam muassasasiga yotqizilgan, ayni damda unga kerakli muolajalar koʻrsatilmoqda. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yangibozor tumani boʻlimiga qonuniy chora koʻrish uchun yuborilgan”, deyiladi xabarda.

Qoʻshimcha qilinishicha, “Amudaryo oltin baliq” fermer xoʻjaligi rahbari A. Oʻ. bundan oldin ham Xorazm milliy tabiat bogʻi hududida huquqbuzarlik sodir etgan va sud tomonidan tegishli jazoga tortilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?