Xorazmda angiografiya xizmati yoʻlga qoʻyildi

20:02 01 Iyul 2024 Jamiyat
169 0

Odilbek Odamboyev/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda shoshilinch kardiologiya xizmatini intervension amaliyotlarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Shu maqsadda, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Xorazm filialida angiografiya xizmati yoʻlga qoʻyildi. Shifo maskaniga AQSHning “General Electronics” kompaniyasida ishlab chiqarilgan, qiymati 600 ming dollarga teng boʻlgan “Optima” rusumidagi angiografiya uskunasi oʻrnatildi. Natijada, yiliga 1000 nafar bemorda koronar angiografiya va koronar periferik arteriyalarni stentlash amaliyotlari oʻtkazish va buning uchun zarur barcha sarf-xarajatlari davlat byudjeti hisobidan qoplash imkoniyati yaratildi.

— Angiograf uskunasi yordamida shoshilinch tibbiy yordam tizimida koʻp uchraydigan oʻtkir miokard infarkti, oʻtkir koronar sindrom bilan murojaat qilgan bemorlarda tezkor koronagrafiya tekshiruvi va stentlash amaliyotini oʻtkazish mumkin, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Xorazm filiali direktori Husan Bekchonov. — Natijada, bemorlarda oʻtkir miokard infarkti va uning chuqur asoratlarining oldi olinadi. Trombni aspiratsiya qilish amaliyoti hisobiga bosh miyada qon aylanishi tiklanadi. Shuningdek, tromboemboliya, yurak klapanlarining kritik torayish holatlarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish orqali bemorga tez va sifatli tibbiy yordam koʻrsatish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?