XMTning mintaqaviy direktori bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

17:01 23 Noyabr 2023 Siyosat
123 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning 23-noyabr kuni XMTning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha byurosi mintaqaviy direktori Beate Andreyes bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. 

Mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish boʻyicha yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish, mehnat sohasiga xalqaro standartlarni joriy etish masalalari koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, XMTning bevosita koʻmagida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida monitoring tadbirlari yuqori darajada tashkil etilmoqda. Oʻtgan yili mehnat sharoitlari, jumladan, qurilish sohasida majburiy mehnatdan foydalanish holatlari tahlili oʻtkazildi.

 «2021-2025-yillarga moʻljallangan munosib mehnatni taʼminlash boʻyicha mamlakat dasturi”ni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda hozirdanoq natijalar borligi alohida aytib oʻtildi.

Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining Ijtimoiy adolat koalitsiyasini tuzish, Oʻzbekistonni Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidan birinchilardan boʻlib Koalitsiya aʼzolari qatoriga kirgani va oldinda turgan vazifalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Munosib mehnat va ijtimoiy himoya tamoyillarini joriy etish, norasmiy bandlikka qarshi kurashish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini asosiy daromad bilan taʼminlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasida xalqaro standartlarni joriy etish masalalari tahlil qilindi.

XMT bilan izchil hamkorlikni mehnat munosabatlari sohasida yangi qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv soʻngida XMT konvensiyalarini ratifikatsiya qilish va ularning ijrosini taʼminlash yoʻnalishida hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?