Xivada YUNESKO shafeligidagi xalqaro madaniyat forumi davom etmoqda

14:42 15 Sentyabr 2021 Madaniyat
1082 0

Xabar berganimizdek, Xiva shahrida YUNESKO shafeligida “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyasi chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi boʻlib oʻtmoqda. Mazkur nufuzli anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMTning 75-sessiyasidagi taklifiga binoan tashkil etildi.

Madaniyat forumida YUNESKO, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, ISESKO, IKKROM, YUNVTO, Yevropa Ittifoqi, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, TURKSOY kabi xalqaro tashkilot rahbarlari va vakillari, Qirgʻiziston, Ozarbayjon madaniyat vazirlari, Tojikiston madaniyat vaziri oʻrinbosari hamda qator olimlar ishtirok etmoqda.

Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga tabrik maktubini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov oʻqib eshittirdi.

Ochilish marosimida YUNESKOning ijtimoiy va gumanitar fanlar boʻyicha Bosh direktori oʻrinbosari Gabriela Ramos chiqish qildi.

ISESKO Bosh direktori Salim Bin Muhammad Al Malik, Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vaziri Anar Karimov, Turkiy kengashlar Bosh kotibi Bagdat Amreyev, Qirgʻiziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Qayrat Imanaliyev, Tojikiston Respublikasi Madaniyat vaziri oʻrinbosari Sharifzoda Manuchehr ushbu yirik forum bilan barcha ishtirokchilarni qutladi. SHHT Bosh kotibi Vladimir Norov ham videomurojaat shaklida tabrik yoʻlladi.

Anjumanning yalpi majlisida Qirgʻiziston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidenti M.Jumatayev, Fors tadqiqotlari Britaniya instituti Prezidenti Ch.Melvill, Drezden amaliy fanlar universiteti, turizm va tadbirlarni tashkillashtirish fakulteti rahbari A.Rodan-Pons, Markaziy Osiyo yunon-ahamoniy aloqalari va tarmoqlanishi boʻyicha mutaxassis M.Iliakis, meʼmor, shaharsozlik va mintaqaviy loyihalar boʻyicha mutaxassis Ye.Xuyberts, sanʼatshunoslik fanlari doktori, Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi direktori K.Akilovalar maʼruzalar bilan ishtirok etdi.

Ayni paytda anjumanning shoʻba yigʻilishlari boʻlib oʻtmoqda.

Ular quyidagi yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi.

  1. “Markaziy Osiyo merosining rivojlanishida savdo, ilmiy va amaliy almashinuvlar hissasi”;
  2. “Markaziy Osiyo madaniy va ilmiy merosining zamonaviy ijtimoiy va gumanitar fanlar rivojiga qoʻshgan hissasi”;
  3. “Markaziy Osiyo Madaniy merosi – mintaqada muloqot va hamkorlik uchun mustahkam asos”;
  4. COVID-19 pandemiyasining Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishiga koʻrsatuvchi taʼsiriga qarshi kurashishda ijtimoiy va gumanitar fanlar orqali hamkorlik qilish va tajriba almashish.

Maʼlumki, Markaziy Osiyo — boy madaniy va ilmiy merosga ega boʻlgan, insoniyat sivilizatsiyasining eng qadimiy beshiklaridan biridir. Qitʼalararo savdo va madaniy yoʻllar chorrahasida joylashgan bu mintaqa maʼrifat, ilm-fan va taʼlim, fikrlash, eʼtiqod, tajriba oʻrganish, shuningdek, hunar oʻrganish markazi hisoblangan.

Taʼkidlash joizki, kuchli tafakkur, ilm-fan egalarining uchrashuvlari, tajriba almashinuvlarining unumli konteksti Abu Ali ibn Sino, Al-Farobiy, Al-Beruniy, Rudakiy, Mirzo Ulugʻbek kabi mashhur olimlar, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Jaloliddiy Rumiy singari mumtoz adabiyot namoyandalari, Kamoliddin Behzod singari buyuk rassomlarning shakllanib, yuksalishiga zamin yaratgan.

Tarixdan maʼlumki, Xiva, Samarqand, Buxoro, Marv, Taraz, Xoʻjand, Neyshabor, Balx, Qashgʻar kabi yirik savdo va ilm-fan markazlarining mavjudligi Markaziy Osiyoning tarixiy ahamiyatga molik ekanligiga guvohlik beradi.

Bunday tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan forumning YUNESKO shafeligida oʻtkazilishi boy madaniy tariximizni ochib berishga qaratilgan. Shuningdek, mazkur madaniyat forumi iqlim oʻzgarishi, Covid-19 Pandemiyasi tufayli mintaqaning barqaror rivojlanishiga olib keladigan tahdidlar va qiyinchiliklarni oʻrganishga hamda boy madaniy merosning ushbu muammolarga yechim izlashga qoʻshgan hissasini oʻrganishga va bir qator masalalar muhokamasiga bagʻishlanadi.

Xususan, Markaziy Osiyoga hamisha qoʻshni va xorijiy mintaqalardan kelgan sayyohlar oqimi katta boʻlgan. Ammo soʻnggi yillarda iqlim oʻzgarishi va pandemiyalar sabab bu koʻrsatkich ancha pasaygan. Anjuman ishida shu jihatlarga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

Xalqaro forum yakuni boʻyicha rezolyutsiya qabul qilish rejalashtirilgan.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?