Xivada YUNESKO shafeligida xalqaro madaniyat forumi boʻlib oʻtmoqda

08:27 15 Sentyabr 2021 Madaniyat
1223 0

Xiva shahrida “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi boʻlib oʻtmoqda. 

Mazkur nufuzli anjuman YUNESKO shafeligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMTning 75-sessiyasidagi taklifiga binoan tashkil etilmoqda. 

Bunday tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan forumning YUNESKO shafeligida oʻtkazilishi boy madaniy tariximizni ochib berishga qaratilgan. Shuningdek, mazkur madaniyat forumi iqlim oʻzgarishi, Covid-19 Pandemiyasi tufayli mintaqaning barqaror rivojlanishiga olib keladigan tahdidlar va qiyinchiliklarni oʻrganishga hamda boy madaniy merosning ushbu muammolarga yechim izlashga qoʻshgan hissasini oʻrganishga va bir qator masalalar muhokamasiga bagʻishlanadi.

Madaniyat forumida YUNESKO, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, ISESKO, IKKROM, YUNVTO,

Yevropa Ittifoqi, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, TURKSOY kabi xalqaro tashkilot rahbarlari va vakillari, Qirgʻiziston, Ozarbayjon madaniyat vazirlari, Tojikiston madaniyat vaziri oʻrinbosari hamda qator olimlar ishtirok etmoqda. 

Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga tabrik maktubi oʻqib eshittiriladi.

Forum quyidagi 4 ta seksiyadan iborat: 
1. “Markaziy Osiyo merosining rivojlanishida savdo, ilmiy va amaliy almashinuvlar hissasi”;
2. “Markaziy Osiyo madaniy va ilmiy merosining zamonaviy ijtimoiy va gumanitar fanlar rivojiga qoʻshgan hissasi”;
3. “Markaziy Osiyo Madaniy merosi – mintaqada muloqot va hamkorlik uchun mustahkam asos”;
4. COVID-19 pandemiyasining Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishiga koʻrsatuvchi taʼsiriga qarshi kurashishda ijtimoiy va gumanitar fanlar orqali hamkorlik qilish va tajriba almashish.

Kecha forum doirasida bir qator tadbirlar tashkil etildi. Fotokoʻrgazma, galakonsert shular jumlasidandir.

Maʼlumki, xalqaro turkiy madaniy tashkiloti TURKSOY tomonidan har yili aʼzo davlatlarning mashhur va tarixiy shaharlarini “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilish loyihasi mavjud boʻlib, 2020-2021-yillarda Xiva shahri mazkur maqomga loyiq koʻrildi. 

Taʼkidlash lozimki, TURKSOY xalqaro tashkiloti har bir “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti” deb tanlangan shaharda tashkilotga aʼzo davlatlarning sanʼati va madaniyatini ochib beruvchi fotokoʻrgazma tashkil etish anʼanasini yoʻlga qoʻygan.

Ana shu munosabat bilan bugun Xivada boʻlib oʻtayotgan “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi doirasida TURKSOY xalqaro tashkilotining fotokoʻrgazmasi ochildi.

— Xalqaro doiradagi mazkur yigʻilishda madaniyat sohasiga oid muhim masalalar, xalqaro hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan loyihalar va sohaga oid mavjud muammolar muhokama etilishi koʻzda tutilgan, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov forumning tarixiy ahamiyati haqida.

Bugun forumning asosiy tadbirlari, xususan, ochilish marosimi, seksiya yigʻilishlari, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” turistik forumining yalpi majlisi va anjuman yakunlari boʻyicha matbuot anjumani boʻlib oʻtadi.

“Xalq soʻzi” 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?