Xiva tarixining misrlik muxlisi
Foto: «Xalq soʻzi»
Dunyo ilm-fani va taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan allomalari, betakror obidalari bilan mashhur Xorazm diyoriga, shu jumladan, Xiva shahriga nafaqat sayyohlar, balki ilm va sanʼat ahlining qiziqishi yil sayin oshib bormoqda. Bu yerdagi bebaho meros — moddiy va nomoddiy yodgorliklar koʻplab xorijlik olimlarning ham tadqiqotlari, ilmiy izlanishlari uchun manba boʻlib xizmat qilmoqda.
Misr Arab Respublikasidagi Xelvon universiteti professori Karim Kamol Hilol ana shunday tarixchi olimlarning biridir.
— Oʻtmishi shon-shuhratga toʻla bu tarixiy shaharga, undagi obidalarga qiziqishim yoshlik davrimdan boshlangan, — deydi Karim Kamol Hilol. — Keyinchalik bu qiziqish jiddiy orzu maqsadlarga aylandi, ilmiy izlanishlarim uchun qanot boʻldi.
2016-yilda Xelvon universitetining arxeologiya boʻlimi ilmiy xodimi Karim Kamol Hilol Xivaga xayrli maqsadda tashrif buyurib, meʼmoriy yodgorliklar tarixi hamda ilm-fan va ijtimoiy taraqqiyotda ularning tutgan oʻrni va ahamiyati bilan shu yerlik ziyolilar hamkorligida mukammal tarzda tanishdi, tadqiqotlar olib bordi. Bu jarayonda Shergʻozixon madrasasi va boshqa yodgorliklar tadqiqot manbasi boʻldi.
Izlanishlar beiz ketmadi. Yosh olim 2020-yil yozida qadimiy islomiy yodgorliklar sohasidagi «Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan Qadimiy Xiva shahrida saqlanib qolgan islomiy madrasalar obidalari arxeologik meʼmorchiligi tadqiqoti» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
— Xivaga mehrim juda baland, — deydi yaqinda tarixiy shaharga yana tashrif buyurgan Karim Kamol Hilol. — 2024-yil Xiva Islom dunyosi turizm poytaxti, deb eʼlon qilingani meni, ayniqsa, quvontirdi. Dunyo sayyohlari, olimlari eʼtiboridagi bu ertakmonand shahar bundanda yuksak eʼtirof va ehtiromga munosib.
Oʻzbek xalqining bagʻrikengligi tahsinga loyiq. Ayniqsa, ilmiy izlanishlarimdagi hamkorligi, yordami uchun tarixchi olimlar Komiljon Xudoyberganov, Bekzod Abdrimovlardan minnatdorman.
Bu galgi tashrifim Xiva Islom dunyosi turizm poytaxti doirasidagi xalqaro anjumanlarga toʻgʻri kelganiga juda quvondim.
Ichan qalʼa davlat muzey-qoʻriqxonasidagi ekspozitsiyalar, jumladan «Allomalar» boʻlimidagi osori-atiqalar bilan tanishib, xodimlar bilan muloqot chogʻida misrlik olim buyuk ajdodlar merosini asrab-avaylashga Oʻzbekistonda katta eʼtibor qaratilayotganini alohida eʼtirof etar ekan, bu diyordagi bebaho meros hali koʻplab ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar uchun asos boʻlishini alohida taʼkidladi.
O. ISMOILOV, jurnalist.
Z. BEKCHANOVA, Ichan qalʼa davlat muzey-qoʻriqxonasi boʻlim mudiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring